Mirzo va mirza: farqi nimada?

Mirzo va mirza: farqi nimada?

Mirzo soʻzi arabcha amir va forscha zoda soʻzlaridan hosil boʻlgan amirzoda soʻzining qisqartmasidir. Amirzoda – amir avlodi, amirning farzandi degan maʼnoni anglatadi. Faqat erkaklarga nisbatan ishlatiladigan mirzo soʻzi tegishli atoqli otdan oldin yoki keyin kelishi mumkin: Mirzo Ulugʻbek, Ulugʻbek Mirzo.

Mirzo atoqli ismsiz ham amirzoda maʼnosida ishlatilishi mumkin:

 

Mirzolar ulgʻayishdi, endi ularning koʻpi katta bir viloyatning egasi.

 

Mirza soʻzi ana shu mirzoning talaffuz varianti. Lekin uning maʼnolari farqlanadi:

 

1️⃣ Yozuv-chizuv ishlarini olib borgan lavozimli kishi; kotib.

 

Amlokdorning mirzasi beliga suqilgan qalamdonini ochib, qalamini qoʻliga oldi.

S. Ayniy, Qullar.

 

2️⃣ Koʻchma maʼnoda: savodli, oʻqimishli odam.

 

3️⃣ Yuqori tabaqalarga mansub kishi; janob.

Lekin bu maʼnoda qoʻllash hozir eskirgan:

 

Men choʻriman, siz mirzasiz, bekvachcha!

“Goʻroʻgʻli”.

 

4️⃣ Mirza (erkaklar ismi).

 

Mirza yigit iborasi savodli, oʻqimishli yosh kishilarga hurmat bilan murojaatda ishlatilgan. Lekin bu ibora ham hozir eskirib ulgurdi.

 

Mirza soʻzining yuqorida sanalgan birinchi va ikkinchi maʼnolari mirzo soʻzida ham bor. Yaʼni mirzo soʻzi ham kotib va oʻqimishli odam maʼnolarida qoʻllana oladi.

Kotiblikni bildirganda tegishli atoqli otdan oldin yoki keyin kelishi mumkin: mirzo Anvar, Anvar mirzo.

Agar mirzo nisba yoki taxallusga aylangan boʻlsa, bosh harf bilan yozish kerak: Mirzo Bedil.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.