
Yondosh degan soʻz bor. Yonma-yon, bir-biriga bogʻliq, parallel kabi maʼnolarni anglatadi: yondosh qishloq, bir-biriga yondosh.
Yondashmoq esa yonma-yon kelmoq, yaqinlashmoq, maʼlum bir nuqtai nazardan qaramoq degani: yondashib oʻtirmoq, muammoga jiddiy yodashmoq.
Ikki soʻzdagi -dosh va -dash bugungi tilda farqli qoʻshimchalardir. Toʻgʻrirogʻi, yondashmoq feʼlidagi -dash qoʻshimchalik xususiyatiga ega emas. U yon bilan birga bir butun oʻzakni tashkil etadi: yondash. Yondosh esa yon soʻzi va -dosh qoʻshimchasidan tarkib topgan. Shu sababli ikki soʻz bir xilday, bitta oʻzakday tuyulsa-da, aslida unday emas.
Imlo lugʻatida yondoshmoq soʻzi berilmagan. Lekin izohli lugʻatga koʻra, yondoshmoq yondashmoqning koʻrinishi. Yaʼni shu shaklda ham qoʻllasa boʻladi:
Yaxshiga yondash, yomondan qoch.
Maqol.
Gulsum sandalning chetiga, Oyimxonga yondashibroq oʻtirdi.
P. Tursun, Oʻqituvchi.
Abdulla Qahhor adabiyotimizning dolzarb masalalariga behad talabchanlik bilan yondashar edilar.
K. Qahhorova, Chorak asr hamnafas.
Yomonlarga yaqin bormang, yondoshmang,
Hushyor boʻling, toʻgʻri yoʻldan adashmang.
Habibiy.
Chimyon togʻlarining choʻqqilari shundoqqina shaharga yondoshib turgandek.
F. Musajonov, Himmat.
Ammo yondashuvning yondoshuv varianti yoʻq, bu shaklda qoʻllash xato. Yonma-yon maʼnosidagi yondosh soʻzini ham yondash shaklida qoʻllab boʻlmaydi. Feʼl boʻlganda esa ishlatish mumkin (yaxshiga yondash).
Demak,
Yondosh uy ✅
Yondash uy ❌
Yondashmoq ✅
Yondoshmoq ✅
Yondashuv ✅
Yondoshuv ❌
Orif Tolib