Kalish

Kalish

Sal gʻalatiroq eshitilishi mumkin, lekin kalish milliy kiyim emas. Ha, shunday. Bunga uning etimologiyasi ham guvohlik beradi.

Kalish tilimizga rus tilidan kirgan. Ruslar uni kaloshi yoki galoshi deb ataydi. Ruschaga fransuz yoki nemis tilidan oʻtgan.

Kalish soʻzining etimologiyasi haqida turli qarashlar bor. Birinchi fikrga koʻra, u yunoncha kalopodion – yogʻoch boshmoq soʻzidan; boshqa versiyaga koʻra, lotincha caligaetik soʻzidan; uchinchi qarashga koʻra esa, lotincha gallica – gall poyabzali soʻzidan kelib chiqqan.

Oʻrganishlarimga koʻra, kalishlarning oʻlkamizdagi tarixi 100-150 yilni tashkil etadi. U Turkistonda XX asr boshlarida ommalasha boshlagan. Boshida uni xalq, ayniqsa, kosiblar yaxshi kutib olmagan. Kalish sovet davrida rus madaniyati belgisi sifatida targʻib ham qilingan.

Xoʻsh, kalish bizniki emas ekan, oldin ota-bobolarimiz kalish oʻrnida nima kiyishgan? Javob oddiy – kavush kiyishgan. Bugun kavush kiyish yoshi kattalar orasida yana ommalashib boryapti. Uni mahsi bilan ham, mahsisiz ham kiysa boʻladi.

Kalish zamonaviy kiyim sanalmasa-da, ommabopligi rost. Ommabopligining asosiy sababi esa – arzonligi. Oldin juda arzon va zaxni koʻp oʻtkazadigan quyma kalishlar ham boʻlardi. Hozir esa Qamchiq dovonida installyasiyasi qoʻyilgan va keyin oldirib tashlangan kalishga oʻxshashlari ishlab chiqariladi, xolos.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.