Abulhasan Movardiy. “Dunyo va din odobi”
Toshkent, “Hilol-nashr” nashriyoti, 2017-yil. 456 bet. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita xulosasi bilan chop etilgan. Tarjimon va soʻzboshi muallifi Abdulloh Ismoil Maxdum. Soʻngsoʻz muallifi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Kitobni 2018-yil 3-mart kuni sotib olgan ekanman. 2019-yil dekabrida oʻqishni boshlab, orada tanaffuslar bilan 2020-yil 3-mart kuni tugatdim.
Abulhasan Movardiy (hijriy 364-450, milodiy 974-1058-yillar) oʻz davrining yirik qomusiy olimlaridan boʻlgan. U din, adabiyot, sheʼriyat, tilshunoslik, falsafa va ijtimoiy fanlarga oid asarlar yozib qoldirgan. Olimning “Adab ud-dunyo vaddin” (Dunyo va din odobi) asari musulmon olamida mashhur. Tarjimon bergan maʼlumotga koʻra, bu asar XX asr boshiga qaradar Samarqand, Toshkent va Buxoro madrasalarida darslik sifatida oʻqitib kelingan. “Dunyo va din odobi” Yevropada bir necha MARTA nashr etilgan, Berlin, London, Iskandariya, Fas (Marokash), Mosul (Iroq) va Rampur (Hindiston) kutubxonalarida qoʻlyozma nusxalari saqlanadi.
Tarixdan maʼlum, IX–XI asrlarda yashab ijod qilgan aksar olimlar fanning barcha sohalarida fundamental bilimga ega boʻlgan, turli sohalarda izlanish va tadqiqotlar olib borgan, kashfiyotlar qilgan. Abulhasan Movardiy ham xuddi shunday olimlardan boʻlgan.
“Dunyo va din odobi”da tilga olingan mavzular baʼzi oʻrinlarda oʻquvchiga murakkabroq tuyulishi mumkin. Ushbu asarni oʻzbek tiliga tarjima qilish oson boʻlmaganini tarjimonning oʻzi ham eʼtirof etadi. Biroq asar turli soha vakillariga foyda bera olishiga bir kitobxon sifatida amin boʻldim. Men uchun ayniqsa dastlabki boblar aynan soʻz ahli uchun, ijodkorlar uchun yozilgandek tuyuldi. Fikrni ravon ifodalash, soʻzni oʻrnida ishlatish, ortiqcha takalluflarsiz, aniq va loʻnda yozish yoki gapirish ishi soʻz bilan bogʻlangan har qanday odamga foydali. Kishi hatto kundalik turmushda, oʻzaro muomalada ham soʻz va uni ifodalash odobiga rioya qilishi kerak.
Quyida kitobda oʻzim uchun belgilab qoʻygan baʼzi hikmatlarni, diqqat qaratish zarur deb bilganim fikrlardan ayrimlarini eʼtiboringizga havola etaman:
***
Johilni faqat hayot tarbiyalaydi.
Arablar: “Yoshlar bilan maslahatlash. Chunki ular vaqt oʻtishi tufayli hali ohori ketmagan va qarilik nuqsi urmagan tiniq fikrlarni hadya etadi”, deydi.
Deydilarki, haddan ziyoda aql oʻz sohibini hiyla va makrga yoʻliqtiradi.
Haddidan oshgan fazilat kamchilik belgisidir. Zotan, haddidan oshib ketgan narsa fazilat sanalmaydi.
Qadimda Fors podshohlari aqlli kishini jazolamoqchi boʻlsa, ahmoq bilan birga qamab qoʻyar ekan.
Hazrati Ali dedi: “Insonlar yaxshi bajargan ishlari bilan taniladilar”.
Albatta, bir ishni qilishdan qoʻrqsang, qoʻrqoqlikdan umidsizlik yuzaga chiqadi.
Omad ojizlik va zerikish orasida yoʻqoladi.
Muntazam dars qilmagan va nafsini qiynamagan kishi hech qachon ilmga erishmaydi.
Ilmlar zehnlar tushovidan qochuvchidir, ularga kitoblarni qoʻriqxona va qalamlarni choʻpon qilib qoʻyinglar.
Donishmandlardan biri dedi: “Qalblarning yovvoyi hayvon qochgandek qochishi bor. Bas, qalblar itoatli va faol boʻlishi uchun taʼlimda moʻʼtadil yoʻl tutinglar, darsni meʼyoridan oshirmanglar”.
Husnixat qoʻlning tili va qalbning goʻzalligidir.
Donishmandlardan biri: “Kim ilm olish xorligiga ozgina sabr qilmasa, johillik xorligida abadiy qoladi”, dedi.
Bir donishmanddan: “Eng xorlangan inson kim?” deb soʻraldi. U: “Johil oʻz hukmini oʻtkaza olgan olim”, dedi.
Yaxshi egallangan ilmlarni oʻrgatishni qizgʻanmaslik va yetkazishdan yuz oʻgirmaslik olimlarning odoblaridir.
Abdulloh ibn Zubayr aytadi: “Kim koʻzi bilan koʻrmaganni fikrlab koʻra olmasa, yaxshilik bilan yashay olmaydi”.
Arablar shunday deyishadi: “Maqsad va davomli boʻlish seni doim oldinga chorlaydi”.
Adiblardan biri dedi: “Kim oʻz oilasi bilan inoq boʻlmasa, sen bilan ham yaxshi emas va kim oilasini himoya qilmasa, seni ham himoya qiluvchi emas”.
Yomonlar bilan doʻstlashish
yaxshilarning badgumon boʻlishiga sabab boʻladi.
Kimki qulay imkonni oʻz vaqtidan orqaga sursa, qoʻlidan ketishiga ishonaversin.
Gʻazab azizligidan uzoq boʻl. Chunki u uzr soʻrash xorligiga olib boradi.
***
Kitobda yuqoridagi singari yana koʻp fikrlarni oʻqishingiz mumkin.
Orif Tolib