Adiba Olmos Gʻulomova bilan suhbat
“Dadam xalqning shoiri edi”
– Gʻafur Gʻulom zabardast shoir, buyuk yozuvchi ekanini bilamiz. Shoirning sheʼrlari, dolzarb mavzulardagi maqolalari, “Shum bola” singari xalq turmushi va dunyoqarashini yorqin tasvirlagan qissa, hikoyalari hali ham qoʻldan tushmay oʻqilyapti, tadqiq etilyapti. Gʻafur Gʻulom qanday ota edi, shu haqda aytib bersangiz.
– Dadam haqida juda koʻp gapirish mumkin. Juda yosh edim. Uchinchi-toʻrtinchi sinflarda oʻqirdim. Ogʻrib qoldim. Shunda dadam meni quchogʻiga oldilar-da, bitta qoʻshiq aytdilar. Shunaqangi mehr bilan aytdilarki, darddan qutilib, yengillab qolganday boʻldim. Hozir ham bir joyim ogʻrisa, tushimga dadam kiradi. Oʻsha-oʻsha navqiron yoshda, men esa goʻdak. Mehr bilan yana oʻshanday qoʻshiq aytadilar. Dadam juda mehribon edilar, hech qachon urishmaganlar.
Bir kuni (7-8-sinflarda boʻlsam kerak) uyga doimgidek mehmonlar kelishdi. Dadam pul berdilar-da, qatiq olib kelishimni aytdilar. Men endi kattagina qiz boʻlib qolganman, yangi kiyimlarimni, tuflimni kiydim-da, Beshyogʻoch bozoriga yoʻl oldim. Yoʻlda birdan shamol turdi, men shamolga teskarim boʻlib ketayotgan edim, qoqilib tushdim. Qoʻlimdagi shisha banka yerga tushib, chil-chil boʻldi. Ikki soʻm pul uchdi-ketdi. Qidirdim-qidirdim, topilmadi. Qarasam, Muqimiy teatrinig oldida tengqurlarim chillak oʻynashyapti. Ularga qoʻshilib oʻyinga berilib ketdim, qatiq yodimdan koʻtarildi. Keyinroq bir oʻrtogʻimnikiga bordik. To shomgacha oʻynadik. Kech kirib, hamma uy-uyiga tarqadi. Uyga kelsam, darvoza oldida dadam bilan ayam turibdi. Yonlarida xivchin (bilaman, faqat qoʻrqitish uchun) turibdi. Koʻchaga qaragan derazada akam. Matematikani yaxshi bilmasdim, 7 karra 7 dedilar. Javobni toʻgʻri aytdim. Jazo yengillashdi. “Qayerdayding”, dedilar dadam. “Oʻrtogʻimnikida”. Gapga ayam qoʻshildi: “Voy-boʻ, qoʻylagini qarang, sochlarini-yu… Yomon otga yol bitar. Ie, yangi tufliniyam yirtibdi-ku (shamolda yiqilganimda tuflining ogʻzi ochilib qolgandi)! Oʻzi nima boʻldi, biz senga
nima buyurgandik? Boshidan gapir-chi”, dedilar. Hammasini aytdim. Dadam kulishga, hammani kuldirishga harakat qilib turganlari bilinardi. Yana boshqatdan gapir dedilar. Takrorladim. Shunda dadam kulib yubordilar-da, endi bunaqa qilma, deyishdi. Eng qoʻrqqanim, dadamning meni yomon koʻrib qolishi edi. Ayam “bunaqa qilma, dadanggga maʼqul kelmaydi”, degan narsani hech qachon qilmasdim. Shu gapning oʻzi yetardi. Hozir ham bir ish qilishdan oldin “dadam bunga qanday qarardi”, degan fikr xayolimdan oʻtadi.
– Gʻafur Gʻulom haqidagi xotiralarda u kishining mehmondoʻstligi, samimiyligi xususida koʻp yozilgan. Bu narsalar sizning yodingizda qanday saqlanib qolgan?
– Uyimizga mehmonlar juda koʻp kelishardi. Oʻzbekistonga kelgan yozuvchimi, davlat arbobimi, albatta, bizning uyda mehmon boʻlishardi. Shoir oʻrtoqlari, yor-doʻstlari bilan askiya, hazil-mutoyiba, mushoira juda koʻp boʻlardi. Oddiy xalq vakillari – etikdoʻz, usta, aptekachi, bozorchi va boshqa kasb egalaridan oshnalari koʻp edi. Oʻzi yetimlikda oʻsganligi uchunmi, yetim-yesir, bechoralarga juda mehribon edilar.
Uyimizda bir uygʻur yashardi, u tarki dunyo qilgan ekan. Urushdan qaytib, xotini va bolalari sildan oʻlganini koʻrib, dunyodan kechgan ekan. Dadam u bilan tanishib qolibdi va uyga boshlab kelibdi.
Bolalarni juda yaxshi koʻrardilar. Ayrim paytlarda biz – bolalar bilan birga oʻynardilar. Birinchi sheʼrlari ham yetim bolalarga atab yozilgandi.
Dadamning vodiylik oshnalari koʻp edi. Fargʻonani, fargʻonaliklarni yaxshi koʻrishardi. Urush paytida mashhur rus shoirasi Anna Axmatova Oʻzbekistonga kelibdi. Shunda dadam, yana bir-ikki ijodkorlar bilan birga Fargʻona vodiysiga boribdi. Vodiy xalqining mehmondoʻstligi, urush vaqti boʻlishiga qaramay koʻrsatgan izzat – hurmati shoirani lol qoldiribdi.
Soʻz kelganda aytaman, ayam ham Qoʻqondan boʻlishadi. Qoʻqonlik shoirlar Charxiy, Sobir Abdulla, yozuvchi Abdulla Qahhor va boshqalar dadamning haqiqiy doʻsti edi. Dadam Qoʻqonda Muqimiyning sagʻanasini topish, obod etish, hujrasini tashkil qilishda bosh boʻlganlar.
– Har bir ijodkor oʻziga xos ijod qiladi. Ustoz qanday ijod qilardilar?
– Biz koʻrmasdik. Chunki dadamlarga xalal berishni istamasdik. Ijodxonalarida yozib oʻtirardilar. Goh-gohida men kotiblik qilardim. Dadam sheʼrni bir MARTAdayoq aytardilar. Koʻproq tongda, azonda yozardilar. Bilasiz, Gʻafur Gʻulom ayrim sabablarga koʻra (oilaga yordam berish, pul topish) oliy oʻquv yurtida oʻqiy olmagan. Lekin oʻzlarini oʻzlari tarbiyalaganlar. Umrining oxirigacha kitob mutolaasidan charchamaganlar. Har kuni tortmalaridagi yangi kitoblarga koʻzim tushardi. Tarixni, mumtoz adabiyotni, arab va fors, rus, turkiy tillarni mukammal bilardilar, yoza olardilar. Bedil, Hofiz, Durbek, Navoiyni juda yaxshi koʻrardilar.
– Uy-muzeydagi yangliklar haqida?
– Bilasiz, 2003-yilda Gʻafur Gʻulom tavalludining 100 yilligi katta tantana bilan oʻtdi. Shu yili muzeyning yangi binosi qurilishi boshlandi va 2004-yilda nihoyasiga yetkazildi. Respublikamizning davlat va jamoat arboblari, olimlar, shoir va yozuvchilar, jurnalistlar, muxlislar ishtirokida yangi boʻlimni ochdik. Juda qulay, sharoitlari yaxshi. Ming mashaqqatlar bilan ekspozitsiya toʻpladik. Muzeydan muxlislar qadami uzilmaydi. Yiliga 10000 dan ortiq muxlis tashrif byuradi. Oʻylaymanki, Gʻafur Gʻulom shaxsiga qiziqish hech qachon susaymaydi.
– Ustozning shogirdlari, doʻstlari yozgan esdaliklardan bilamizki, Gʻafur Gʻulom juda hazilkash, hozirjavob boʻlganlar. Shunday xotiralardan aytib bersangiz.
– Marhamat.
Haydovchilardan yolchiyvermagan dadam ishga yangi kelgan Mustafo degan kishining mahoratini sinamoqchi boʻlib, mashina oynasi oldiga bir stakan suv qoʻyibdilar-da deptilar: “Mustafo, men, xotinim va bolalarim mashinangga chiqqanimizdan soʻng hayotimiz sening qoʻlingda boʻladi. Shuning uchun senga butunlay ishonib, jonimizni salomat saqlashingga ishonchim komil boʻlishi kerak. Sen oilamiz aʼzosidek har xil holatda ham oʻzingni yoʻqotmay, xotiring jam boʻlishi, qoʻling titramasligi kerak. Men koʻp yuradigan Eski shahar koʻchalarini aylanib kelamiz, shu stakandagi suv toʻkilmasa, seni ishga olaman”. Mustafo dadamni Eski shaharning oʻnqir-choʻnqir, qiyshiq-qingʻir, taʼmirlanmagan koʻchalaridan aylantirib kelibdi, ammo stakandagi suv chayqalsayam toʻkilmapti. Mustafo dadamning sinovlaridan oʻtipti.
– Vodiylik muxlislarga tilaklaringiz.
– Aytib oʻtganimdek, dadamning fargʻonalik doʻstlari koʻp edi. Mana shu xalqqa doimo sogʻlik-omonlik tilayman. Kelishsin, ular uchun Gʻafur Gʻulom uy-muzeyining eshigi doimo ochiq. Gazeta jamoasiga ham omad yor boʻlsin.
Orifjon MADVALIYEV suhbatlashdi.
“Ovoza” gazetasining 2006-yil 28-sentyabr (№38) sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.