Afzal va abzal
Bu ikki soʻzning talaffuzi bir-biriga yaqin boʻlgani uchun ularni qoʻllashda xatoga yoʻl qoʻyib turiladi.
Afzal arabchadan olingan, asliyatda eng fozil, eng fazilatli maʼnosiga ega. Oʻzbek tilida esa yaxshi, aʼlo, ortiq maʼnolarida qoʻllanadi. Afzal koʻrmoq iborasi aʼlo hisoblamoq, ortiq deb bilmoq maʼnolarini anglatadi.
Abzal esa forschadan kirgan boʻlib, asliyatda ish quroli demak. Oʻzbek tilida ot-ulovni minish yoki aravaga qoʻshish uchun zarur boʻladigan asboblar majmuini bildiradi. Poyabzal soʻzi tarkibida esa kiyim maʼnosiga ega. Poy (oyoq) + abzal (kiyim) = oyoqkiyim.
Soʻzning maʼnolarini bilib olgan kishi ularni oson farqlay oladi.
📌 Demak,
Bunisi afzal, borganim afzal, afzalini tanlang ✅
Bunisi abzal, borganim abzal, abzalini tanlang ❌
Ot abzali, abzallamoq, poyabzal ✅
Ot afzali, afzallamoq, poyafzal ❌
Orif Tolib