Agar oʻrganishni istamasang…
Bernard Shou hikmatlaridan
- Bolalarni toʻgʻri tarbiyalash uchun ota-onalar farzandlariga aslidagiday koʻrinishi kerak.
- Agar sizda bitta olma, menda bitta olma boʻlsa va biz ularni alishsak, har ikkimizda bittadan olma qoladi. Agar menda bitta gʻoya, sizda bitta gʻoya boʻlsa va biz ularni alishsak, ikkovimizda ham ikkitadan gʻoya boʻladi.
- Dunyo ishlamay pul topishni istaydigan bekorchilar, boyimasdan ishlashga tayyor nodonlarga toʻlib yotibdi.
- Yoshligimda yozganlarim toʻkis emasligidan jahlim chiqardi. Oʻzimning birinchi qadamlarimni boshqalarning soʻnggi qadamlari bilan solishtirar va, tabiiyki, katta farqni koʻrib qaygʻuga tushardim.
- Baxt ortidan quvib, uni topgan odam burni ustida turgan koʻzoynagini qidirib, soʻng topib sevingan kampirga oʻxshaydi.
- Yolgʻonchiga berilgan jazo unga boshqalar ishonmay qoʻygani emas, u boshqalarga ortiq ishona olmasligidir.
- Jamiyatga optimistlar ham, pessimistlar ham hissa qoʻshadi. Optimist samolyotni oʻylab topgan boʻlsa, pessimist parashyutni ixtiro qilgan.
- Eng muhimi – qalbingda tartib oʻrnatish. Uchta narsaga amal qilamiz: nolimaymiz, ayblamaymiz, oʻzimizni oqlashga urinmaymiz.
- Hamma narsaga ulguradigan odamlar hech qachon dangasalik qilmaydilar, kerakli shart-sharoitni qidiradilar. Agar sharoit yoʻq boʻlsa, oʻzlari yaratadilar.
- Baxtni ishlab chiqarmay turib isteʼmol qilishga haqqimiz yoʻq.
- Zarbangga javob bermagan odamdan qoʻrq: u seni hech qachon kechirmaydi, kechirish uchun oʻziga oʻzi izn bermaydi.
- Tasavvur ijodning boshlanishidir. Istaganingizni tasavvur qilasiz; tasavvur qilganingizni istaysiz; va nihoyat, istaganingizni yaratasiz.
- Odamlarning 2 foizi – oʻylaydi, 3 foizi – oʻylayapman deb oʻylaydi, qolgan 95 foiz uchun esa oʻylagandan oʻlgan afzal.
- Agar oʻrganishni istamasang, hayot hech narsani oʻrgatmaydi.
- Erkaklarni seving. Sizning sevgingiz ular uchun juda zarur. Hatto ular buni hech qachon tan olmasalar ham. Har qanday buyuk erkakning ortida unga ishongan va chinakamiga sevgan ayol bor.
- Ideal erkak oʻz ayolini ideal deb hisoblovchi erkakdir.
- Unvonlar mamlakat uchun katta xizmat qilgan odamlar haqida xalqni xabardor qilish uchun oʻylab topilgan.
- Erkak yoki ayolning tarbiyalanganlik darajasi janjal paytida yaqqol namoyon boʻladi.
- Odam mamlakat va insoniyat uchun qilishi mumkin boʻlgan eng katta xizmat – bolalarini tarbiyalashidir.
- Optimistlarning orzulari ushaladi. Pessimistlarning qoʻrquvlari.
- Erkak va ayolning doʻstligi bu – yo sobiq, yo boʻlajak xushtorlarning munosabatidir.
- Sogʻlom odam umurtqasi borligini bilmaganidek, sogʻlom millat ham millatchilikni bilmaydi.
- Imonsiz odamlar zamonaviy jamiyatda axloqsiz va pulga muhtoj ayoldan ham xavfliroqdir.
- Gʻazabga mingan har daqiqangizda baxtning oltmish soniyasini boy berasiz.
- Hislar odamni fikrlashga majbur qiladi, lekin fikrlar hech qachon his qilishga majbur etolmaydi.
- Faoliyat – bilimga yagona yoʻl.
- Hayot oʻzingni topishdan emas, oʻzingni yaratishingdan iborat.
Orif Tolib tarjimasi
“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 1-sonida chop etilgan.