Aktyor Fathulla Masʼudov bilan suhbat

Aktyor Fathulla Masʼudov bilan suhbat

“Maqsadim – yaxshilikka chorlash”

Yigʻlab yozilmagan sheʼr boshqalarni yigʻlatolmaydi, deydi adabiyotchilar. Aktyor boshqalarni yigʻlatishi uchun yigʻlashi shartmi?

– Agar aktyor rolni chin yurakdan, tabiiy ijro etadigan boʻlsa tomoshabin istasa-istamasa yigʻlaydigan joyida yigʻlaydi, kuladigan joyida kuladi. Lekin rolni chin dildan oʻynamasa-yu texnika qilib koʻzidan yosh oqizib beradigan boʻlsa tomoshabinga baribir taʼsir qilmaydi. Gap yoshdamas, ifoda qilib bera olishda.

 

– Sahnadasiz, aytadigan gaplaringiz esingizdan chiqib qoldi yoki adashib ketdingiz, bu vaziyatda qanday yoʻl tutasiz?

– Bunday holatdan chiqib ketish aktyordan juda katta mahorat, masʼuliyat talab qiladi. Avvalo oʻzini yoʻqotib qoʻymasligi kerak, kutilmagan vaziyatdan improvizatsiya bilan, yaʼni rolni buzmagan holda chiqib ketishi zarur. Sahnadayam har xil vaziyat boʻladi-da. Koʻp vaqt oʻynalmagan rolni ijro etishga toʻgʻri kelib qolishi mumkin yoki aktyor betob boʻlishi mumkin. Shuning uchun aktyorda hozirjavoblik, topqirlik boʻlishi kerak.

 

– Negadir kinoda kamroq koʻrinasiz…

– Yoʻq, nega endi. Kinoda ham qatnashib turibman. Bu yil beshta filmda suratga tushdim. Ikkitasi ekran yuzini koʻrdi. Qolgan uchtasi ham
yaqin orada tomoshabinlar hukmiga havola etiladi.

 

– Koʻplab hind filmlariga ovoz bergansiz. Hind kinosining ustunligi nimada deb oʻylaysiz. Aksar filmlardagi ssenariy mohiyatan bir boʻlsa-da, odamlar baribir koʻraveradi. Kinoda raqobat avjiga chiqqan hozirgi kunda ham hindlar oʻz tomoshabinini saqlab qoldi. Buning sababi nimada?

– Hindlar kino ishlab chiqarish boʻyicha chempion boʻlib ketgan. Hind kinosi deganimizda yoshi kattalar yoki oʻrta yoshlilarning koʻz oldiga Raj Kapur, Amitabh Bachchan, Dharmendra, Nargiz, Mitxun Chakraborti kabi aktyorlar keladi. Hozirgi yosh avlodning koʻz oldiga Shohruhxon, Salmonxon, Shri Devi, Juhi Chavla, Karina Kapur singarilar keladi. Hind kinosining tomoshabinni tortib oladigan asosiy yutugʻi ulardagi tabiiylikda. Toʻgʻri, goh-gohida ijrosi xomroq filmlar ham boʻlib turadi. Lekin aksar filmlar professional darajada ishlangan. Muvaffaqiyatning yana bir siri – hind kinolarida doim adolat yutib chiqadi, ezgulik uchun kurash judayam chuqur tasvirlanadi.

 

– Aksariyat suxandonlar, aktyorlar toʻyda davra olib boradi. Siz ham shunday xizmatlarda boʻlasizmi?

– Meniyam koʻp-koʻp toʻylarga, katta-katta banketlarga, yubiley kechalariga taklif qilib turishadi. “Xonadonimizda kecha tashkil etayotgan edik, aziz mehmonimiz boʻlib kechani olib borsangiz. Ota-onamiz niyat qilishgan edi” yoki “Oʻzimiz niyat qilgandik”, deb kelishadi. Albatta qoʻldan kelgancha xizmat qilaman. Xalqning xizmatida boʻlish men uchun juda katta baxt.

 

– Aktyorlikni oʻrgatish mumkinmi? Siz kimdandir maxsus taʼlim olganmisiz?

– Oʻrgatish mumkin, lekin institutda oʻqigan undan afzalroq. Chunki u yerda birinchi kursdan toʻrtinchi kursgacha aktyorlik bilan bogʻliq bilimlar toʻla oʻrgatiladi.

Maxsus taʼlim haqida gapiradigan boʻlsam avvalo institutda oʻqiganman. Lekin drama toʻgaragiga ham qatnaganman. Birinchi ustozim Mirabbos aka Mirzaahmedov. Shu fursatdan foydalanib, Mirabbos akamni 2008-yilda qoʻlga kiritgan yuksak mukofotlari – “El-yurt hurmati” ordeni bilan muborakbod etaman.

Ilm yoʻlida faqat institut bilan chegaralanib qolmadim. Oʻzbek milliy akademik teatrida ustozlar bilan bilan yonma-yon, hamnafas ijod qilib koʻp narsani oʻrganib kelyapman.

 

– Repetitsiyaga qay shaklda tayyorgarlik koʻrasiz?

– Repetitsiyaga borishdan oldin rolimni oʻqib, tanishib, hozirlanib keyin boraman. Repetitsiyaga tayyorgarliksiz kelish mumkinmi? Asosiy repetitsiya uyda boʻladi. Teatrda uch soat-toʻrt soat boʻlgan repetitsiya uyda uzoq vaqt davom etadi. Rejissyor tayinlagan yoʻnalishda oʻynab koʻramiz, qahramonlarning xarakterini topishga harakat qilamiz.

 

– Rol tanlaysizmi?

– Albatta. Rolning salbiy yoki ijobiyligiga qaramayman. Lekin qanday yozilganiga, darajasiga eʼtibor beraman. Salbiy rolniyam maromiga keltirib ijro etish kerak. Baʼzi bir aktyorlar tomoshabinga yomon koʻrinishdan qoʻrqib salbiy rol oʻynashni istamasligi mumkin. Lekin men umuman bu haqida oʻylamayman. Rejissyor taklif qilyaptimi, demak, shu rolga meni loyiq deb topibdi. Salbiy rolni oʻynashdan maqsadim xalqimizda oʻsha qahramonga nisbatan nafrat uygʻotib yomonlikka qarshi kurashish. Yaxshi rollarni ijro qilsam, maqsadim odamlarni yomonlikdan qaytarish, yaxshilikka chorlash boʻladi.

Yaxshi rolni oʻynash osonroq, salbiy rol ogʻirroq.

 

– Rejissyorning fikri bilan sizning fikringiz toʻgʻri kelmayapti. Nima qilasiz?

– Rejissyor – bu spektaklni postanovka qiluvchi, sahnalashtiruvchi asosiy personaj. Rejissyor spektaklni oldindan koʻrib, bilib, miyasida tayyorlab boʻladi. Qanday sahnalashtiradi, nimalarga koʻproq urgʻu beradi – aniqlab oladi. Rejissyor ham xatoga yoʻl qoʻyadi. Aktyor shuni payqagan paytda oʻzaro kelishmovchilik ham yuzaga kelishi mumkin. Lekin agar rejissyor talab qilsa, yoʻq shunday oʻynaysiz desa aktyor boʻysunishga majbur. Rejissyor xatolarini tan olsa, mard boʻlsa spektaklga oʻzgartirish kiritadi.

 

– “Shum bola”ni odamlar qayta-qayta koʻradi, miriqib koʻradi. Hozirgi oʻzbek filmlari nimagadir bir MARTAlik boʻlib qolyapti. Bu muvaffaqiyatsizlikning sababi nimada?

– Yangi ishlanayotgan filmlarning hammasini shunday deb boʻlmaydi. Chunki isteʼdod bilan ishlanayotgan yaxshi filmlar ham bor. Lekin haqiqatdan baʼzi-baʼzida boʻsh filmlarga koʻzimiz tushib qoladi. Ularni bir MARTA tomosha qilganingizdan keyin qaytib koʻrgingiz kelmaydi. Buning asosiy sababi ssenariy talabga javob bermasligida, ijodkorlari professional emasligida. Agar filmning ssenariysi yaxshi boʻlsa, professional rejissura bilan tasviga olinsa yaxshi chiqadi.

Men komediyadan koʻra dramatik filmlarni yaxshi koʻraman. Chunki dramatik asarlar kishini oʻylashga, adashgan boʻlsa yoʻlini topishiga turtki boʻladi. Komediyaning vazifasi ham, aslida, shundan iborat.

 

Orif Tolib suhbatlashdi.

 

2009

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.