Jurnalist Davlat Turdaliyev bilan suhbat
“Qarorimdan afsuslanmayman”
-Faqat bir yoʻnalishda faoliyat yuritadigan jurnalist cheklanib qoladiganga oʻxshaydi. Masalan, sport jurnalisti asosan shu yoʻnalishda yozadi, eshittirish yoki koʻrsatuv tayyorlaydi. Siz nima uchun sport jurnalistikasini tanlagansiz? Yoki boshqa yoʻnalishda ijod qilish qiyinroqmi?
-Oilamizda hamma sportga qiziqardi. Bu sohaga mehr menda bolalikdan shakllangan. Garchi keyinchalik boshqa yoʻnalishda tahsil olgan boʻlsam ham, sport jurnalistikasida oʻzimni sinab koʻrdim, shu yoʻlni tanladim. Odam oʻzi sevgan kasb bilan shugʻullanishi kerak. Shundagina uning ishida rivoj, muvaffaqiyat boʻladi. Qilgan qarorimdan afsuslanmayman.
-Nomidan maʼlum, “Sport” kanali sport sohasiga ixtisoslashgan. Lekin hozir turli maʼnaviy, koʻngilochar koʻrsatuvlar ham koʻp berilyapti. Buning sabablari nimada? Masalan, bir paytlar “Aytishuv” degan koʻrsatuv boʻlardi. Bu kanal yoʻnalishiga toʻgʻri kelmaydi, menimcha. Kelajakda ham shu shaklda faoliyat olib boriladimi yoki ixtisoslashish rejalashtirilganmi?
-Maʼnaviyat bilan sport chambarchas bogʻliq, ularni bir-biridan ayri tasavvur qilib boʻlmaydi. Toʻgʻri, bir paytlar kanal yoʻnalishiga mos kelmaydigan turli xil koʻrsatuv va seriallar ham dasturdan joy egalladi. Bu oʻtish davri edi. Hozir sport, sogʻlik va maʼnaviyatga bogʻliq mavzulardagina koʻrsatuvlar efirga berilyapti. Maishiy mavzudagi seriallar olib tashlandi, uning oʻrniga sportga, futbol tarixiga oid seriallarni olib keldik. Tarjima qilib, efirga uzatyapmiz. Filmlar muxlislarga ham maʼqul boʻlyapti.
Boshqa bir qator rejalarimiz ham bor. Oldinda hal etilishi kerak boʻlgan muammolar turibdi. Lekin besh-olti oy yoki bir yilda birdaniga keskin burilish yasab boʻlmaydi. Hammasi pogʻonama-pogʻona, navbatma-navbat amalga oshiriladi.
Albatta, ixtisoslashish kerak, biz ham shunga harakat qilyapmiz.
-“Sport” teleradiokanali Bosh direktorisiz. Jonli tranlyasiyalarga sharhlovchilar qay tarzda saralanadi? Baʼzida sharhlovchilarning ega-kesimsiz gaplarni gapirganiga, maʼnosi toʻgʻri kelmaydigan iboralarni oʻrinsiz ishlatganiga ham guvoh boʻlib qolamiz.
-Eʼtirozingiz toʻgʻri, boshqa koʻplab teletomoshabinlar ham shu singari tanqidiy fikrlarni koʻp bildiradi. Muammoning asosiy sababi – kadr yetishmasligi. Afsuski, hozir jurnalistikaga ixtisoslashgan oliy oʻquv yurtlari tayyor kadr chiqarmayapti. Talabalar yoki jurnalistikaga qiziqqan yoshlar mustaqil harakati tufayli oʻz yoʻlini topib ketyapti. Men universitetlarda boʻlganimda rektorlardan, masʼul xodimlardan talabalarni amaliyot oʻtash uchun koʻproq “Sport” teleradiokanaliga yuborishlarini soʻrayapman. Oʻnta bolaning ichidan hech boʻlmaganda bittasi iqtidorini koʻrsata oladi-ku.
Masalaning yana bir tomoni bor. Sportga qiziqmagan, uni jon-dili bilan yaxshi koʻrmagan odam bu sohada yaxshi jurnalist boʻlolmaydi.
Mana, milliy teleradiokompaniya tizimida kollej ochildi. Bu ham kadrlar muammosini ijobiy hal etishga koʻmaklashsa ajabmas.
-Siz telejurnalistikadagi vaziyatni baholadingiz. Umuman, oʻzbek sport jurnalistikasining oqsoq tomonlari nimada va ularni qay tariqa bartaraf etish kerak?
-Bugun yurtimizda katta oʻzgarishlar ketyapti. Boshqa sohalar qatori sport ham rivojlanyapti. Sportchilarimiz katta-katta musobaqalarda gʻalaba qozonyapti. Real hayotni, hayotda kechayotgan jarayonlarni tez va sifatli yetkazib berishga odatlanish zarur. Zamon bilan hamnafas boʻlish, oʻsish payti keldi.
Tarixga, shu bugungi kunning tarixiga daxldorlik tuygʻusi har bir jurnalistning qalbida yashashi kerak. Ertangi avlodlarimizga: “Oʻsha paytlarda taraqqiyotga men ham oʻz hissamni qoʻshganman”, deb ayta olishimiz uchun kurashsak, chin dildan mehnat qilsak arziydi.
-Jahon sport jurnalistikasini ham kuzatib borasizmi? Kimlarning faoliyati sizga maʼqul?
-Men dunyo sport jurnalistikasini koʻproq internet orqali kuzatib boraman. Ingliz va italyanlardagi hissiyot, ispan va fransuzlardagi tahlil yoqadi. Lekin ularning hammasi ham aʼlo darajada deb aytolmayman. Har kimning oʻziga yarasha
kuchli va ojiz tomonlari bor.
Qarashlar, nuqtai nazarlar baribir nisbiy. Biroq oʻrganish mumkin boʻlgan jihatlar ham anchagina. Masalan, men oʻzbek juranilstikasida ham tahlil kuchayishini istardim.
-Sizni tanqid qilishsa qanday munosabat bildirasiz? Oʻzingiz rahbar sifatida xodimlarni tanqid qilasizmi? Qay shaklda?
-Rahmatli Ozod Sharfiddinov tanqidchilar haqida “boqqa bolta koʻtarib kiradigani ham, gulqaychi olib kiradigani ham bor” degan edi. Men gulqaychi koʻtarib kiradiganlar tarafdoriman. Shunda tanqiddan maqsad birovni yerga urish, uni chalish emas, balki xatolarini tuzatish orqali yordam berish boʻladi.
Notoʻgʻri tanqid qilyapti, deb oʻylasam ham rad etishga shoshilmayman. Balki oʻsha fikr ertaga oʻz isbotini topib qolar.
Xodimlarni tanqid qilishimga keladigan boʻlsak, bizda muammolar asosan tahlil asosida hal etiladi. Masalan, kimdir xato qildi, kimdadir kamchilik bor. Birgalikda, jamoa bilan vaziyatni muhokama qilamiz, kerakli yoʻl-yoʻriq koʻrsatamiz. Shu narsa anʼanaga aylangan. Kimningdir aybini aytib koʻpchilik oldida izza qilganing bilan koʻzlangan yaxshi natijaga erishish qiyin. Shu sababli bahamjihat harakat qilgan durust.
-Iqtidorli yoshlardan kimlarni ayta olasiz? Shogirdlaringiz haqida ham gapirib bersangiz.
-Men alohida ajratib eʼtibor qaratmayman. Kimgadir yordamim tegsa, kimdir men sabab mikrofon oldiga kelsa, uni shogirdim deb atashga maʼnaviy haqqim yoʻq, deb oʻylayman. Yoshlarga yordam berish, ularga yoʻl koʻrsatish katta avlodning burchi. Biz ham kimlardandir oʻrganib, turtinib-surtinib oʻsganmiz, oʻz yoʻlimizni topganmiz. Rahmatli Ergash Karimovdan koʻp narsa oʻrganganman, u kishi sport sohasi bilan ham shugʻullangan edilar.
Bizga yordam qoʻlini choʻzgan kishilarni ustoz deganmiz, hurmat koʻrsatganmiz. Shu singari bizni ham ustoz deydiganlar bor.
-Oʻzingiz qaysi sport turiga qiziqasiz, qaysi sport turi bilan shugʻullanasiz?
-Deyarli barcha sport turlariga qiziqaman. Lekin koʻpchilik qatori men ham koʻproq futbol muxlisiman.
Teatr va rassomchilik institutida oʻqiganman. U yerda sahna, spektakl degan narsalar miridan sirigacha oʻrgatilgani sababli teatrga tushsam boshidan oxirigacha tahlil qilib oʻtiraman. Bu yeri oʻxshamay qoldi, aktyor mana bu joyda xato qildi, deb spektakldan zavq ololmay qolaman. Bu narsa qon-qonimga singib ketgan.
Sport jurnalistikasi bilan ham doimiy shugʻullanganim bois koʻpincha tahlilga kirishib ketaman. Notoʻgʻri sharhlangan oʻrinlarni oʻzim uchun tuzataman. Shunday boʻlsa-da, kasbimni bir oz unutishga, barcha qatori zavq olishga urinaman.
Sport bilan shugʻullanish masalasiga kelsak, bir vaqtlar futbol oʻynardim. Lekin hozir mana shu siz koʻrib turgan joyda oʻn toʻrt soat oʻtirib ishlayman. Boshqa narsalarga vaqtim yoʻq.
-Haqiqatan ham, rahbar odam koʻpincha ish bilan band boʻladi. Oilangiz, bolalaringiz uchun qanday vaqt ajratasiz?
-Aytganimday ishim koʻp, uyga kech qaytaman. Hasan-Zuhra farzandlarim bor, litseyda oʻqishadi. Boshida vaziyatni tushunishmadi, koʻnikish qiyin boʻldi. Keyin bafurja tushuntirdim: “Ustozlarimdan olgan qarzimni qaytarishim kerak, shekilli”, dedim. Hozir ancha oʻrganib qolishdi.
Oʻzim borolmasam-da, liyeyga telefon qilib ustozlaridan oʻqishlari haqida soʻrab-surishtirib turaman.
-Bolaligingiz, oʻzingiz tugʻilib oʻsgan joylar haqidagi xotiralardan aytib bersangiz. Hozir ham qishloqqa tez-tez borib turasizmi?
-Ikkinchi savolga oldin javob berib olsam: afsuski, hozir qishloqqa tez-tez borolmayman. Sababi – maʼlum. Lekin vaqtim boʻlishi bilan bolaligim oʻtgan joylarni, ota uyni koʻrib kelaman.
Fargʻona viloyatining Rishton tumanidagi oddiy bir qishloqda, oddiy bir oilada tugʻilib voyaga yetganman. Boladigim boshqalarniki kabi oʻtgan. Koʻpchilik bolalar singari futbolchi boʻlishni istardim.
Oʻsha koʻcha changitib yurgan bolalik damlarimni, bolalikdagi orzu-xayollarimni hali-hali sogʻinaman, koʻp eslayman. Bu narsa yuragimga quvvat, bilagimga kuch beradi. Hayotga intilishim ortadi.
Umuman, har qanday ijodkor qalban bola boʻlishi kerak. Bolaligi, bolalikdagi hayratlari oʻlmasligi zarur. Xuddi shoirga oʻxshab. Hayrati oʻlgan odamda ijodkorlik boʻlmaydi. Bundaylar hech nimadan zavq tuymaydi, ular uchun hamma narsa eski, hamma narsa kashf etib boʻlingan. Ijodkor uchun bundan ogʻir azob boʻlmasa kerak.
Orif Tolib suhbatlashdi.
2010
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.