“Al” va uning imlosi

“Al” va uning imlosi

Oʻzbek tilida arab tilidan kirgan soʻzlar koʻp. Soʻzlar bilan birga arab tilidagi aniq artikl al ham tilimiz chegaralaridan ichkarilagan.

Al artikli qatnashgan birikmalarning qanday yozilishi boʻyicha qatʼiy qoida yoʻq, lekin qatʼiy odat bor. Al artikli qatnashgan soʻzlar ikki xil usulda yoziladi. Chiziqcha bilan ajratilgan yoki chiziqchasiz, soʻzga qoʻshilgan holatda:

 

1️⃣  “Xazoyin ul-maoniy” devonlari. “Navodir ush-shabob” asari. “Asos ul-balogʻa” asari.

2️⃣  “Xazoyinul maoniy” devonlari. “Navodirush shabob” asari. “Asosul balogʻa” asari.

 

Men tinish va imlo belgilarini iloji boricha kam qoʻllash prinsipidan kelib chiqib, ikkinchi variantni maʼqul koʻraman.

Al artikli arab tili qoidalariga koʻra fonetik oʻzgarishlarga uchraydi. Biz oʻzbekchada uning oʻqilishini qabul qilamiz va shunday yozamiz.

Al artikli arab tilidagi 14 ta shamsiy harf bilan boshlangan soʻzlar oldida kelganda keyingi soʻzga kirishib-moslashadi va artikl tarkibidagi l tovushi shamsiy harfga oʻzgaradi. Masalan, arabchada al-shams yozilsa-da, ash-shams oʻqiladi. Oʻzbekcha imloda berganda uni ash-shams deb yozish kerak. Qolgan 14 harf qamariy harf hisoblanadi va al ular oldida kelganda oʻzgarishga uchramaydi. Masalan, al-qamar yoziladi va shunday oʻqiladi.

Bu artikl taxallus va nisbalar tarkibida ham uchraydi. Nisba odatda kishining kasb-kori yoki qayerdan ekanini bildiradi. Masalan, Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy oʻzbekchada Muhammad Muso oʻgʻli, Xorazmdan yoki xorazmlik Muhammad Muso oʻgʻli boʻladi.

Ismlar tarkibidagi alni oʻzbekchada tushirib qoldirish ham mumkin. Masalan:

 

Muso Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Mahmud Zamaxshariy, Abu Rayhon Beruniy.

 

Al artikili yolgʻiz nisba bilan kelgan oʻrinlarda, agar gap boshida boʻlmasa, kichik harflarda yoziladi:

 

Al-Fargʻoniy, al-Xorazmiy, al-Forobiy, az-Zamaxshariy, as-Samarqandiy.

 

Arabcha shaharlar nomini, jumladan, artikl qatnashgan shahar nomlarini yozganda ruscha yoki inglizchadan shundoqqina koʻchirib qoʻyavermaslik kerak. Masalan, Saudiya Arabistoni poytaxtini Erriyad yoki Er-Riyad deb berish xato boʻladi. Ar-Riyod, Riyod deb berish mumkin. Riyoz deb berish yanada toʻgʻriroq. Soʻz oxiridagi zod harfi oʻzbekchaga baʼzan d, baʼzan z shaklida kirgan. Masalan, Ramazon soʻzida z deb olingan harf ham ana shu zod boʻladi.

Riyod soʻzi “bogʻlar” maʼnosini anglatadi. Bu soʻz ayni shu maʼnoda oʻzbek tilida riyoz shaklida ishlatilgan. Masalan, Imom Navaviy qalamiga mansub kitob nomi “Riyozus solihin” (Solihlar gulshani) deb olingan. Ogahiyning “Riyozud davla” (Davlat bogʻlari) asari nomida ham riyoz shakli qoʻllangan. Milliy ensiklopediyada shahar nomi sifatida Ar-Riyod varianti olinibdi. Kelajakda geografik nomlar lugʻati ishlab chiqilsa, koʻp chalkashliklar qatori bu masala ham hal boʻlib ketar degan niyatdaman.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.