Albatta: vergul kerakmi yoki yoʻq?
Vergul ishlatish qoidalarida modal soʻzlar koʻpincha kirish soʻz boʻlib kelishi va shu sabab vergul talab qilishi haqida aytilgan edi. Albatta soʻzi ham modal soʻzlardan. U baʼzida vergulga ehtiyoj sezadi, baʼzida esa yoʻq.
Qachon vergul kerak?
Albatta kirish soʻz boʻlib kelsa. Bunda u soʻzlovchining munosabatini bildiradi va shubhasiz, turgan gap, tabiiy, boʻlmasa-chi soʻzlariga maʼnodosh boʻlib keladi:
Men, albatta, koʻzingizning oqu qorasi boʻlgan yolgʻiz qizingizni yaramas, boʻlmagʻur kishiga tutib berarsiz, deb bilmayman.
A. Qodiriy, “Oʻtgan kunlar”.
Men omadi gapni aytibman, oʻrtoq Samandarov, albatta, meni bilmaydilar.
A. Qahhor, “Qoʻshchinor chiroqlari”.
Qachon vergul kerak emas? Soʻz fikrning yoki ish-harakatning qatʼiyligini, muqarrarligini, shubhasiz ekanini bildirsa. Koʻpchilik ana shu holatda ham vergul ishlatadi. Hatto kitoblarda, qoʻllanmalarda, izohli lugʻatdagi misollarda ham bunga guvoh boʻlish mumkin. Nega vergul kerak emas? Vergul qoʻyish soʻzda qatʼiylik, muqarrarlik maʼnosini yoʻqqa chiqaradi.
Solishtiramiz:
Men bu ishni albatta bajaraman.
👉 Bunda ish-harakatni bajarish qarori qatʼiy, aniq.
Men bu ishni, albatta, bajaraman.
👉 Bunda soʻzlovchi oʻz fikriga munosabat bildiryapti. Birinchi jumladagi kabi qatʼiyat yoʻq. Vergul bilan berish ham xato emas. Lekin bu oʻrinda albatta kirish soʻzga aylanyapti va muqarrarlik maʼnosini yoʻqotyapti.
Boshqa misol:
Toʻyga albatta bor!
👉 Toʻyga bormasang boʻlmaydi, borishing shart.
Toʻyga, albatta, bor.
👉 Toʻyga borsang ham boʻladi. Juda shart emas. Tavsiya xarakterida.
Xullas, qaysi maʼnoni ifodalash maqsad qilingan boʻlsa, vergulni shunga koʻra ishlatish kerak.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.