Ammamning buzogʻi”, “alifni tayoq deydi”, “elkamning chuquri koʻrsin” – antiqa iboralarning maʼnosi nima?

Ammamning buzogʻi”, “alifni tayoq deydi”, “elkamning chuquri koʻrsin” – antiqa iboralarning maʼnosi nima?

Iboralar – tilning goʻzalligi, kuch-quvvatini oshiradigan vosita. Ular obrazlari, mubolagʻa, kinoya va tagmaʼnolari bilan jumlaga betakrorlik, taʼsirchanlik, zavq, joziba bagʻishlaydi. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib xalq tilidan munosib joy egallagan ana shunday iboralarning baʼzilarini sharhlaydi.

 

Ammamning buzogʻi

Bu ibora xalq tilida juda faol. Haqoratli maʼnoda, bepisandlik bilan qoʻllanadi va hech bir ishni eplolmaydigan; lavang,
shudsiz
maʼnolarini anglatadi:

Indamay qoʻya qolay dedim-u, Marziya oldida ammamning buzogʻi boʻlib oʻtirgim kelmadi. (A. Muxtor, “Davr mening taqdirimda”).

Koʻpincha iboralar tarkibidagi soʻzlarning maʼnolari unutiladi va ibora yaxlit holda tamom boshqa bir maʼnoni anglatadi. Ushbu frazeologizmda ham amma va buzoq soʻzlarining maʼnosi unutilgan. Taxminimcha, bu ibora oʻxshatish sabab paydo boʻlgan. Nima boʻlayotganini tushunmay, kalovlanib turish holati buzoqning javdirashi, onasini izlab dovdirashiga oʻxshatilgan.

Oʻzbek tilida buzoq obrazi qatnashgan maqollar koʻp. Ularning aksariyatida salbiy maʼno ifodalangan: “Buzoqni boʻsh qoʻysang, xurmachani agʻdaradi”, “Buzoq koʻp emsa boʻkadi, Boʻsh qoʻysang toʻkadi”, “Buzoqni tilga olsang, ipini uzib keladi”, “Buzoqning yugurgani somonxonagacha”, “Tirraqi buzoq butun podani bulgʻaydi”.

 

Koʻz ochib koʻrganim

Xalq tilida koʻz ochib koʻrgan iborasi koʻp ishlatiladi. U ilk bor nikoh qurgan kishini, yaʼni birinchi er yoki birinchi xotinni anglatadi. Masalan, yigit ilk bor nikoh qurgan boʻlsa, kelin unga koʻz ochib koʻrgan boʻladi. Qiz ilk bor turmushga chiqayotgan boʻlsa, kuyov u uchun koʻz ochib koʻrgan sanaladi:

Norjon ona Boydoda muallimning koʻz ochib koʻrgani. (J. Abdullaxonov, “Xonadon”.)

Bu iboraning paydo boʻlishi chimildiqdagi oyna tutish udumi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Oldinlari toʻydan soʻng kelin-kuyovga oyna tutilgan, ular bir-birini ilk bor oynada koʻrgan.

Boshqa bir taxminga koʻra, koʻz ochib koʻrish kengroq maʼnoni – tugʻilganda ilk bor koʻzi tushishni anglatgan. Keyinroq iboraning maʼnosi torayib, nikoh bilan bogʻliq mazmunda koʻproq ishlatila boshlagan.

 

Sichqonning ini ming tanga

Bu ibora kishi qochishga joy topa olmay qolgan paytni ifodalaydi. Yashirinishga joy-imkon topolmayotgan odam noilojlikdan hatto sichqonning inini ming tangaga olishga tayyor. Ming tangani ming dollar deb oʻqisangiz, vaziyat koʻz oldingizda yanayam yorqinroq namoyon boʻladi. Sichqonning ini odam uchun oʻta kichik, unga sigʻish, kirib yashirinib olish mutlaqo imkonsiz. Aqli joyida kishiga buni uqtirish oʻzi aqlsizlik. Lekin yuragi taka-puka boʻlib turgan kishining qoʻrquvi shu darajadaki, sichqonning inidan ham umid qiladi:

Shu vaqt deng otam birdan hayhaylab kelib qoldilar-ku, Rahimvoyga sichqonning ini ming tanga boʻldi. (H. Nazir, “Soʻnmas chaqmoqlar”.)

Bu iboraning sichqon ini ming tanga boʻldi, sichqon ini ming tanga boʻlib ketdi, sichqonning inini ming tanga qilib yubormoq kabi variantlari bor.

Ibora maqol tarkibida ham uchraydi:

Qoʻrqoqqa sichqonning ini – ming tanga.

 

Pixini yorgan

Koʻp ish koʻrgan, koʻp ishlarni boshdan kechirib, ayyor, quv boʻlib ketgan odam haqida gapirganda pixi qayrilgan, pixini yorgan, pix yorgan kabi iboralar ishlatiladi.

Pixini yorgan iborasiga baʼzan tullak soʻzi ham qoʻshiladi. Tullak soʻzi bulturgi, ikki yoki uch yillik parrandaga nisbatan ishlatiladi. Bunday parranda allaqachon tullagan, tullab chiqqan boʻladi. Demak, u qari, maʼlum bir “hayotiy yoʻl”ni bosib oʻtgan. Tullak soʻzi iboraning maʼnosini yanada kuchaytiradi va oʻtaketgan firibgar, ayyor, makkor kishini anglatadi:

Jinoyatchining kattasi – uning akasi Ziyodilla. Pixini yorgan tullak. (H. Gʻulom, “Mashʼal”.)

Pixini yorgan iborasining burganing koʻzini koʻrgan shaklidagi sinonimi ham bor. Bu iborada kinoya yanada kuchaygan. Burga – juda mayda hasharot. Uning koʻzini koʻrish uchun maxsus mikroskop kerak. Iboradagi mubolagʻa kishining makkorligini boʻrttirib ifodalashga xizmat qilyapti.

 

Alifni kaltak deyolmaydi

Alifni kaltak deyolmaydi yoki alifni tayoq deyolmaydi iboralari xat-savodi, maʼlumoti yoʻq, hech narsa bilmaydigan maʼnolarida ishlatiladi. Koʻpincha salbiy maʼno tashiydi.

Alif arab alifbosininng birinchi harfi va uning nomi. Savod chiqarishga kirishganlar birinchi boʻlib shu harf bilan tanishgan. Iborada tasvirlangan odam shakli tayoqchaga oʻxshash bu harfni koʻrib, kaltak yoki tayoqqa ham mengzolmaydigan darajada.

Iboraning alifni tayoq deydi shakli ham bor. Aslida bu oʻrinda istehzo yanada oshib tushgan. Jumlada tilga olingan kishi savodsizlarning ham savodsizi. U harf bilan tayoqni ajratolmaydi va shu sababli alifni koʻrib, bu tayoq boʻlsa kerak deb oʻylaydi.

 

Soʻxtasi sovuq

Bu iboraga ora-sira duch kelamiz-u, lekin lugʻaviy maʼnosini deyarli oʻylab koʻrmaymiz. Nega soʻxta, soʻxta nima oʻzi? Soʻxta – pilikning kuygan qismi. U sham yoki moychiroqda boʻladi:

Moyi tugab, piligi soʻxta boʻlgan chiroq bir lip etib, soʻndi. (S. Ahmad, “Hukm”.)

Kuygan pilik yoqimsiz koʻrinishga ega boʻladi, burishib, bujmayib qoladi. Kishining yuzi unga oʻxshatilishidan oʻta yoqimsiz, turqi sovuq kimsani tasvirlash maqsad qilinadi:

E, meni endi koʻryapsizmi, Muyassarxon, eski bilganingiz sassiq chol – soʻxtasi sovuq Nazar Yaxshiboyman-da. (M. M. Doʻst, “Lolazor”.)

 

Dili xufton

Koʻngli gʻashlik, xafalikni ifodalash uchun dili xufton, koʻngli xufton, taʼbi xufton kabi iboralar ishlatiladi. Xufton soʻzi forschadan, aslida uxlamoq, uxlash maʼnolariga ega. Biroq maʼnosi kengayib, oʻzgargan. U quyosh botganidan bir yarim-ikki soat keyingi vaqtni va shu vaqtda oʻqiladigan namozni anglatadi.

Xufton vaqti rosmana tun kirganini anglatadi. Chunki bu paytda ufqda qizillik ham, oqish nur ham qolmaydi. Hamma yoqqa zim-ziyo tun choʻkadi. Kishining dilida ana shunday qorongʻilik borligini obrazli tasvirlash orqali uning ruhiy holati, tushkunligi yorqinroq ifodalanadi:

Boʻrining dili xufton boʻldi. (T. Murod, “Qoʻshiq”.)

 

Doʻppisi yarimta

Bu ibora hozir nisbatan kam ishlatiladi. Shu sababli ham maʼnosini birdaniga tushunishga qiynalish mumkin. Nega doʻppisi yarimta? Bu haqoratmi, achinishmi yo shunchaki tasvirmi?

Izohli lugʻatga koʻra, doʻppisi yarimta iborasi ishi joyida, gʻam-tashvishi yoʻq, parvoyi falak, begʻam kabi maʼnolarni anglatadi. Bunda doʻppisini qiyshaytirib yoki buklab kiyib yuradigan, shu orqali kayfiyati zoʻrligi, dunyoni suv bossa toʻpigʻiga chiqmasligini koʻrsatadigan odam ifodalangan. Lekin doʻppisi yarimtalik har doim ham fazilat emas, u oʻzidan bexabarlikka, turli mashaqqat va qiyinchiliklarga ham sabab boʻlishi mumkin:

…odamlar oyogʻidan qarzga ilinadi. Hech nima boʻlmaganday, doʻppisi yarimta! Halqumigacha qarzga botganini oʻzi sezmay qoladi. (Oybek, “Qutlugʻ qon”.)

Iboraning doʻppi yarimta, doʻppini yarimta qilib, doʻppisini yarimta qilib kabi shakllari ham bor:

“Sessiya-sessiya deb qoʻrqitishadi, sessiyasi hech gap emas ekan-ku”, deb doʻppini yarimta qilib yurishuvdi. (P. Qodirov, “Uch ildiz”.)

 

Yelkamning chuquri koʻrsin

Bu ibora bundan keyin umrbod koʻrmay degan maʼnoda ishlatiladi. Mahmud Sattor “Oʻzbekning gapi qiziq” kitobida yozishicha, jumla oʻta norozilik, ozurda boʻlish, jonga tegib ketish, bezorijonlik xulosasini ifodalaydi. Birov biror maʼmuriy idoraga, turqi sovuq mulozim huzuriga qatnayverib, ishi bitmay, axir joniga ham tegib, “Bor-e, shu nokasga yolvorib shu narsaga erishganimdan koʻra bir umr erishmay ketay. Bu joylarni yelkamning chuquri koʻrsin”, deydi. Bu bilan minbaʼd bu joylarga kelmaganim boʻlsin, deya qasam ichadi. Yelkaning chuqurida, yaʼni oʻmrov suyagida suv turmaydi. Unda suv saqlash amrimahol. Mening bu yerga kelishim, qasamimni buzishim ham xuddi shunday gap degan qiyos qilinadi.

Yozuvchi yelka chuqurida suv turishi haqidagi qiyosni qayerdan olgani maʼlum emas. Chunki iborada suv haqida gap yoki unga ishora yoʻq.

Boshqa bir talqinga koʻra, qanday joylashganimizdan qatʼi nazar, yelkamiz chuquri biror yerga tegmaydi, faqat oʻlganda, aniqrogʻi, dafn etilgandagina oʻsha joyning tuprogʻi yelka chuquriga tegadi. Yelka chuquri koʻrmasligi “To tirik ekanman, bu joyga qadam bosmayman” degan maʼnoga ishora boʻlishi mumkin.

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube