Navkardan mergangacha: tomirida moʻgʻul qoni oqqan soʻzlar

Navkardan mergangacha: tomirida moʻgʻul qoni oqqan soʻzlar

Oʻtmishda turkiylar va moʻgʻullar qoʻshnichilikda yashagan, oʻzaro yaqin aloqada boʻlgan. Bu esa tillarning oʻzaro taʼsirlashishiga, bir-biridan soʻz olib, soʻz berishiga zamin yaratgan. Oʻzbekchada ham asli moʻgʻulcha boʻlgan soʻzlar anchagina. Ular tilimizga singib, oʻz soʻzimizga aylanib ketgan. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday soʻzlarning baʼzilarini sharhlaydi.

 

Chiroy – yuz, chehra

Bu soʻz XIV asr boshida yaratilgan “Qipchoqlar kitobi” (Codex Cumanicus) lugʻatiga kiritilgan. Chiroy soʻzi moʻgʻulcha sarayyuz, chehra, koʻrinish soʻzidan.

Navoiy asarlarida goʻzallik, jamol maʼnolarida qoʻllangan bu soʻz hozir ham ayni shu mazmunni ifodalaydi.

Chiroy moʻgʻulchadan oʻzlashgan boʻlsa, turkiy tilda uning muqobili boʻlmaganmi? Boʻlgan. Mahmud Koshgʻariy chiroyli maʼnosida koʻrklug, taylang, ezgu kabi soʻzlarni keltiradi. Bugun ulardan ikkitasi tilimizda bor. Koʻrk chiroy, koʻrkli, koʻrkam chiroyli maʼnosida boʻlsa, ezgu soʻzi yaxshilik baxsh etuvchi, xayrli degan mazmunga ega.

 

Manglay – peshona

XII–XIII asrlarda tilimizga oʻrinlashgan manglay soʻzi moʻgʻulchada peshona, oldingi, ilgʻor kabi maʼnolarni anglatgan. Bu soʻzni Navoiy asarlarida uchratish mumkin. U XIV asrga oid “At-tuhfa” lugʻatiga ham kiritilgan.

Xoʻsh, manglayning asl turkiy varianti boʻlganmi? Boʻlgan: alin.

Manglay bugun tilimizda nisbatan kam qoʻllanadi, alin esa mutlaqo isteʼmoldan chiqib ketgan. Ularning oʻrnini forscha peshona egallagan. Baʼzan shunaqa – asl soʻzlarimiz, asrlar boʻyi yashab kelgan nodir iboralarimiz tilimizning peshonasiga sigʻmay qoladi.

 

Silovsin – yirtqich mushuk

Silovsin – mushuksimonlar oilasiga mansub, oyoqlari uzun, tumshugʻi choʻziq, koʻzi juda oʻtkir yirtqich hayvon. Uning terisi ham shu soʻz bilan ataladi. Oʻrta asrlarda moʻgʻul tilidan oʻzlashgan silovsin soʻzi asliyatda ham shu hayvonni bildirgan. U moʻgʻul shevalarida silius, shuluus, silegusun, shuluuxen kabi shakllarga ega boʻlgan.

Turkiy tillarda silovsinga juda oʻxshash hayvon qoraquloq deb atalgan. Uning dasht silovsini, Misr silovsini kabi nomlari ham bor.

 

Doʻnon otmi, echkimi?

Moʻgʻul tilidan oʻzlashgan doʻnon soʻzi oʻzbekchada uch yoshga toʻlib, toʻrt yoshga oʻtgan ot yoki tuyani ham, ikki yoshga toʻlib, uch yoshga qadam qoʻygan qoʻy yoki echkini ham anglataveradi. Masalan:

Doʻnonning toyligi boʻlmas,

Nokasning – boyligi.

Bu maqolda gap ot haqida emas, chunki toʻrt yoshli ot toydan afzal. Maqolda esa afzallik emas, kamchilik nazarda tutilyapti. Chunki nokas boy boʻlolmagani kabi doʻnon ham toy boʻlolmaydi degan maʼno anglashilyapti. Bu oʻrinda doʻnon qoʻy yoki echki maʼnosida.

Bu soʻz koʻchma maʼnoda boʻyi yetgan mazmunida ham qoʻllanadi. Lekin bu koʻproq xalq ogʻzaki ijodi, sheva
yoki soʻzlashuvda kuzatiladi.

Moʻgʻulcha doʻnoʻ yoki doʻnoʻn soʻzining oʻzagi toʻrt – doʻroʻ (doʻrvoʻn) soʻziga borib taqaladi. U toʻrt yoshdagi erkak hayvonni bildirgan. Hozirgi moʻgʻul tilida esa toʻrt yoshli buqani anglatadi.

Moʻgʻulchadan gurav yoki gurvanuch oʻzagidan yasalgan soʻzlar ham oʻzlashgan. Gʻoʻnon – ikki yashar aygʻir yoki qoʻchqor. Gʻunajin – ikki yoshdan oshgan urgʻochi qoramol. Qiziq tomoni, oʻzbekchada uch maʼnosi ikkiga oʻzgarib qolgan.

 

Salqin, sarin va shudring

Salqin soʻzi oʻzbekchada iliqdan pastroq orombaxsh havo haroratini va quyosh nuri tushmaydigan, sersoya joyni anglatadi. Uning ildizi moʻgʻulcha salxin soʻziga borib taqaladi. Hozirgi moʻgʻul tilida bu soʻz shamol, shamolli, shamol bilan ishlaydigan kabi maʼnolarni anglatadi.

Sarin oʻzbekchada toza va yangi, salqin va yoqimli, nafis kabi maʼnolarda qoʻllanadi. Ildizi moʻgʻulcha seruunsalqin, sovuq, tetiklashtiruvchi soʻziga borib taqaladi. Oʻzbekchada shu soʻzga oʻzakdosh boshqa bir soʻz ham bor – sergak. Bu soʻzni sezgir, fahmi oʻtkir, uygʻoq kabi maʼnolarda qoʻllaymiz. Sergak aslida turkiycha, u moʻgʻulchaga turkiy tillardan oʻzlashgan degan qarash ham bor.

Shudring esa moʻgʻulcha shuuder soʻzidan. U Navoiy asarlarida shudrun shaklida uchraydi.

 

“Oʻlja tushgan” harbiy atamalar

Oʻzbekchaga moʻgʻulchadan bir qancha harbiy atamalar “oʻlja tushgan” – dorugʻa, yasovul, qorovul, bakovul, dubulgʻa, navkar.

Navkar soʻzi oʻzbekchada harbiy xizmatkor, askar maʼnolarida qoʻllanadi. Asliyatda harbiy sohaga aloqasiz maʼnoga ega. Moʻgʻulchada noʻxoʻr doʻst, oʻrtoq, yoʻldosh; turmush oʻrtoq, er mazmunida ishlatiladi.

Oʻlja soʻzining oʻzi ham moʻgʻulchadan. Navoiy asarlarida oʻlja bilan birga shu maʼnoda tolon soʻzi ham qoʻllanadi.

Olimlar moʻgʻulcha deb qaraladigan barcha harbiy atamalar ham moʻgʻulcha emasligi, ularning koʻpi qadimgi turkiy ildizlarga egaligini taʼkidlaydi. Masalan, tilshunos Abduvohid Hayit keshikten, tumanbegi, tarxon, oʻron, toʻlgʻama, hatto javongʻor, barongʻor, gʻul kabi atamalar turkiy soʻz ekanini aytadi.

 

“Dono”ligini yoʻqotgan mergan

Mergen moʻgʻulchada oʻq otish boʻyicha gʻolib, oʻqni aniq otuvchi, dono, salohiyatli kabi maʼnolarga ega. Oʻzbekchada esa nishonni bexato uradigan, oʻqchi askar maʼnolarida ishlatiladi. Asliyatdagi dono, bilimdon maʼnosi oʻzbekchaga koʻchib oʻtmagan.

Bu anglamga ega turkiycha soʻz boʻlganmi? Boʻlgan. “Devonu lugʻatit turk”da atim, yaʼni otuvchi soʻzi mergan maʼnosida keladi. Atim er – oʻq otishga usta odam.

Bugun tilimizdan oʻz soʻzimiz atim bosh olib ketgan, mergan soʻzini ham kam ishlatyapmiz. Oʻrniga asli inglizcha snayperni maʼqul koʻryapmiz. Uning oʻzagida snipe – loyxoʻrak soʻzi yotadi. Loyxoʻrak – kichkina jussali, yashirinishga usta, tez uchadigan va harakatini tuyqus oʻzgartiradigan qush. Uni otish uchun oʻta mahoratli mergan boʻlish zarur. 1770-yillari Hindistonda britaniyalik askarlar loyxoʻrak ovlash maʼnosida to snipe, sniping soʻzlarini ishlata boshlaydi. 1820-yili bu feʼllardan yangi soʻz – sniper yasaladi va u 1824-yili ilk bor harbiy atama maʼnosida qoʻllanadi. Birinchi jahon urushi tufayli snayper omma tushunadigan soʻzga aylanadi.

 

Yomgʻirdan toʻzonga, toʻzondan shamolga

Boʻron soʻzi oʻzbekchada toʻzon yoki qor-yomgʻir aralash esadigan shiddatli shamolni anglatadi. Bu mazmundan bir necha koʻchma maʼnolari ham oʻsib chiqqan. Boʻron deganda qor-yomgʻirsiz holat ham tushunilishi mumkin. Masalan, qum boʻroni iborasi shamoldagi qum toʻzonini bildiradi, bunda biror yogʻin boʻlmaydi. Boʻron turdi, boʻron quturdi kabi birikmalar ham guvillab esayotgan, hamma yoqni agʻdar-toʻntar qilayotgan shamolni tasavvurimizda jonlantiradi.

Bu soʻz – moʻgʻulcha boʻroʻoʻn soʻzining oʻzlashma shakli. Asliyatda u oddiy yomgʻirni bildiradi, shamol yoki toʻzon mazmuniga ega emas.

Qadimgi turkiy tilda kishini oʻldiradigan qattiq shamol, boʻron maʼnosida qad soʻzi ishlatilgan: qad boʻldi – boʻron qoʻzgʻaldi. Er qadti degani kishi qor boʻronidan oʻldi degan maʼnoni bergan. Bugun sovuqdan muzlasak, qotib qoldim deymiz. Balki, bu iboraning ildizi oʻsha qadimiy qad, qadmoq soʻzlariga borib taqalar.

Qor boʻroni eski turkiyda tupi soʻzi bilan ifodalangan. Har yoqdan esuvchi qattiq izgʻirin shamol esa talgʻagʻ deyilgan.

Afsuski, bu turkiy soʻzlarning bari tilimiz sandigʻidan tushib qolgan.

 

“Daryo” nashrida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.