“Turing, janob, sizni buyuk ishlar kutmoqda!”: jahonga mashhur iboralar aslida kimga tegishli?

“Turing, janob, sizni buyuk ishlar kutmoqda!”: jahonga mashhur iboralar aslida kimga tegishli?

Dunyoga mashhur, dovrugʻi yetti iqlimga ketgan, juda koʻp xalq va elatlar qoʻllaydigan iboralar bor. Xoʻsh, ular qanday paydo boʻlgan, uni dastlab kim, nima maqsadda ishlatgan? “Daryo” kolumnisti Orif Tolib ana shunday iboralar tarixi haqida hikoya qiladi.

 

Nonlari boʻlmasa, shirinkulcha yeyishsin!

Hukmdoru amaldorlarning oddiy xalq hayotiga eʼtiborsizligi, bepisandligini ifodalaydigan bu ibora ancha mashhur. Uni fransuz malikasi Mariya Antuanettaga nisbat berishadi. Ammo bu fikrni ilk bor u aytmaganini tasdiqlaydigan dalillar bor.

Bu ibora ilk bor fransuz mutafakkiri Jan-Jak Russoning “Iqrornoma” asarida qayd etilgan. Unga koʻra, bir malikaga dehqonlarning yegani noni yoʻqligi haqida aytishadi, malika esa: “Unda brioshi yeya qolishsin” deb javob beradi.

Oʻzbekchaga shirinkulcha yoki pirojniy deb tarjima qilinadigan brioshi tuxum va sariyogʻ qoʻshib pishiriladigan doʻmboq shirinlikdir. U oʻziga toʻqlarning dasturxonidagina topiladigan yegulik edi.

Russo “Iqrornoma”sida malikaning nomini keltirmaydi. Asarning ayni shu bobi 1760-yillarda yozilgan. Bu paytda Mariya Antuanetta 10 yoshlarda edi va hali malika emasdi. U 1774-yili eri Lyudovik XVI taxtga oʻtirgach, malika maqomiga erishadi. Mantiqan olganda, shirinkulcha
haqidagi ibora Mariya Antuanettaga tegishli emas.

Ayrim mualliflar bu voqeani malikaning dushmanlari oʻylab topgani va uni obroʻsizlantirish uchun tarqatganini aytadi. Iborani fransuz saroyining boshqa xonimlariga nisbat beradiganlar ham bor. Yana bir variantga koʻra, brioshi haqidagi gap – Jan-Jak Russoning badiiy toʻqimasi.

Oʻxshash voqea qadimgi Xitoyda ham boʻlgan. Szin sulolasi hukmdori Xuey-diga mamlakatdagi boshboshdoqliklar tufayli odamlar guruch topa olmay och qolgani haqida xabar berishadi. U esa: “Axir qiyma yeyishsa boʻladi-ku!” deb javob beradi.

 

Qirol oʻldi. Yashasin qirol!

Bu iboraning ildizlari ham fransuzchaga borib taqaladi. Fransuzcha tartib-taomilga koʻra, monarx oʻlgan zahoti oliy hokimiyat uning vorisiga oʻtadi va bu “Qirol oʻldi. Yashasin qirol!” jumlasi orqali eʼlon qilinadi. Odatda mulozim saroy derazalaridan shu soʻzlarni aytib jar solgan. Oddiy xalq bundan qirol oʻlgani va yangi qirol taxtga oʻtirayotganini anglagan.

Ushbu ibora juda koʻp mamlakatlarda yangi hukmdorni eʼlon qilish uchun ishlatiladi. Bunda birinchi jumla sobiq monarxga, ikkinchi jumla yangi qirolga ishora qiladi.

Oʻrta asrlar Angliyasida kibor va zodagonlar fransuz tilida soʻzlashar edi. Shu sabab qirol oʻlimi va yangi hukmdorni eʼlon qilish bilan bogʻliq ibora ingliz tiliga oson oʻzlashadi. Tarixiy manbalarda yozilishicha, 1272-yili qirol Henri III vafot etganda “Qirol oʻldi. Yashasin qirol!” iborasi ishlatilgan.

Bu ibora hozir nutq shtampiga aylangan, koʻchma maʼnolarda ham qoʻllanadi. Maqolalar, reklamalar, videoroliklarning sarlavhalariga olib chiqiladi. Bunda mavzu vorislik, kimgadir nimadir oʻtayotgani haqida boʻladi.

Millatlar Ligasi mafkurachilaridan biri, britaniyalik siyosatchi Robert Sesil 1946-yili Millatlar Ligasining soʻnggi majlisida soʻzlagan nutqini “Liga oʻldi. Yashasin Birlashgan Millatlar Tashkiloti!” jumlalari bilan yakunlagan. Bunda Millatlar Ligasi tugatilib, oʻrniga BMT tashkil qilinayotgani ifoda etilgan.

 

Turing, janob, sizni buyuk ishlar kutmoqda!

Bu iborani birovni uyqudan turgʻizish yoki kishini biror ishga ruhlantirish uchun hazilomuz tarzda ishlatamiz. Juda koʻp badiiy asarlarda, maqolalarda, kino va roliklarda qoʻllangan bu ibora fransuz nazariyachi olimi va islohotchisi Anri de San-Simonga tegishli. Uning biograflari yozishicha, katta maqsadlar va kuchli irodaga ega Anri oʻsmir yoshida xizmatkorlariga oʻzini har tong “Turing, graf, sizni buyuk ishlar kutmoqda!” deb uygʻotishni topshirgan. San-Simon haqiqatan ham katta maqsadlarga ega edi. Masalan, u yoshlik paytlari Atlantika va Tinch okeanlarini bogʻlashni, Madriddan dengizgacha kanal qurishni reja qilgandi.

Baʼzi tadqiqotchilar bunday uygʻotishni yosh Anri emas, unda yuksak salohiyatni koʻrgan xizmatkorlari oʻylab topgani va Anriga har tong shunday soʻzlar bilan uygʻonishni uqtirganini aytadi. Boshqa bir qarashga koʻra, bu ibora haqidagi gaplar aslida boʻlmagan, keyinroq ulugʻ mutafakkir tarjimayi holiga qoʻshib qoʻyilgan.

Lekin bu ruhlantiruvchi ibora toʻqima emas. Uning ildizi antik davrlarga borib taqaladi. Qadimgi yunon adibi Plutarx “Oʻqimishli boʻlmagan hukmdorga” asarida fors shohini xizmatkori har tong ulugʻ va xayrli ishlar kutayotganini aytib uygʻotganini yozadi. Soʻng maʼrifatli va oqil hukmdorning oʻzida shunday ichki ovoz boʻlishini, u hukmdorni yuksak amallarga muntazam undab turishini aytadi.

 

Hokimiyat buzadi, mutlaq hokimiyat mutlaq buzadi

Bu fikrni juda koʻp siyosatchilar, jurnalistlar, blogerlar, notiqlar takror-takror ishlatadi. U ingliz tarixchisi va siyosatchisi Jon Dalberg-Aktonga tegishli.

Asliyatdagi mazmun tarjimadan biroz farqlanadi, power tends to corrupt jumlasi hokimiyat buzishga moyil, hokimiyat buzish tendensiyasiga ega deb tarjima qilinishi mumkin.

Aforizm oʻzbek tiliga “Hokimiyat buzadi, cheklanmagan hokimiyat cheksiz buzadi” shaklida ham oʻgirilgan

Yuksak kuch va hokimiyatga egalik shaxsga salbiy taʼsir qilishini juda koʻp mutafakkirlar taʼkidlagan. Masalan, qadimgi dunyo faylasuflaridan Plutarx oliy hokimiyatga egalik kishining feʼl-atvorini buzishi, unda oʻzgaruvchanlik, kibr va rahmsizlik kabi xislatlarni paydo qilishini yozgan.

 

Muhimi gʻalaba emas, ishtirok

Muvaffaqiyatsizlikka uchragan kishini ovutish yoki istehzo maʼnosida qoʻllanadigan bu ibora Olimpiada oʻyinlari bilan bogʻliq. 1908-yili italiyalik chopagʻon Dorando Piyetri Londonda oʻtayotgan Olimpiada marafonida qatnashadi. Marraga bir necha yuz metr qolganda moʻljalni yoʻqotib, boshqa tomonga yugura boshlaydi. Hakamlar unga toʻgʻri yoʻnalishni koʻrsatadi. Biroq soʻnggi metrlarda chopagʻonni yangi muammolar kutib turardi. U toʻrt MARTA qoqilib yiqiladi, bunda ham uni hakamlar turgʻizib qoʻyadi. Shunday qilib, chopagʻon nihoyat marra chizigʻini kesib oʻtadi.

Lekin amerikaliklarning shikoyatidan soʻng Dorando Piyetri Olimpiya oʻyinlaridan chetlatiladi. Chunki u boshqalarning yordamidan foydalangan edi.

Olimpiya oʻyinlarida reportyor boʻlib ishlagan mashhur yozuvchi Artur Konan Doyl “Hakamlarning qaroridan qatʼi nazar, italiyalik chopagʻonning buyuk qatʼiyati sport tarixidan hech qachon oʻchirilmaydi”, deya yozadi.

Bu voqeadan bir necha kun oʻtib amerikalik rohib Etelbert Talbot Londondagi bir soborda maʼruza qiladi va Dorando Piyetrini esga olib, Olimpiada oʻyinlari yugurish yoki mukofot olishdan ustunligi, bir kishi gʻalaba tojini kiysa-da, qolganlar bellashuvda qatnashish baxtiga muyassar boʻlaverishini aytadi. Bu gap koʻpchilikka, ayniqsa, Olimpiya oʻyinlari tashkilotchisi Piyer de Kubertenga maʼqul tushadi. Bir necha kundan soʻng olimpiadachilar sharafiga tashkil etilgan ziyofatda u Olimpiada oʻyinlarida qatnashish gʻolib boʻlishdan koʻra afzalligini aytadi. Shu bilan “Muhimi gʻalaba emas, ishtirok” iborasi qanot chiqaradi va dunyoning juda koʻp tillariga koʻchib oʻtadi, hatto Olimpiada oʻyinlarining norasmiy shioriga aylanadi.

 

Ishtaha ovqat paytida keladi

Kimdir nimagadir ega boʻlsa, yanada koʻprogʻiga intiladi. Biror muvaffaqiyatga erishgan kishi bundan-da koʻprogʻini istaydi. Biror mashgʻulot bilan shugʻullangan kishida unga nisbatan mehr paydo boʻladi. Sarlavhadagi ibora shu kabi maʼnolarda ishlatiladi.

Bu iboraning kelib chiqishi haqida turli qarashlar bor. Eng keng tarqalgan fikrga koʻra, u fransuz adibi Fransua Rablening romanidan olingan. “Gargantyua i Pantagryul” asarida shunday jumlalar bor:

Manlik Anje “Ishtaha ovqat paytida keladi” deganidek chanqoq suv ichganda ketadi.

Shu jumlaga tayanib baʼzi mualliflar ibora fransuz ruhoniysi Jerom de Anjega tegishli deb hisoblaydi. Biroq tadqiqotchilar fikricha, Anje bu yerda kinoya bilan tilga olingan. Yuzaki fikrlar va takrorlarga toʻla “Sabablar haqida” asarida Anje intilish harakati bilan intilmoq (appetit actu appetendi) degan iborani ishlatadi. Rable esa lotincha appetitus – intilish, mayl soʻzi bilan fransuzcha appetit – ishtaha soʻzining uyqashligidan foydalanib iborani parodiya qiladi.

“Ishtaha ovqat paytida keladi” iborasini ilk bor boshqalar aytgani yoki shunga mazmunan yaqin jumlalar ishlatilgani haqida turli maʼlumotlar bor. Masalan, qadimgi Rim shoiri Publiy Ovidiy: “Har qanday taom yangi taomga mayl uygʻotadi” deb yozgan.

 

Mijoz hamisha haq

Bu iboraning paydo boʻlishi va ommalashishi XX asr boshlariga borib taqaladi. Uning savdo shioriga aylanishiga Harri Gordon Selfrij, Jon Uanameyker va Marshal Fayld kabi yirik tijoratchilar sabab boʻlgan. Harri Gordon 1879–1901-yillarda Marshal Fayldning qoʻlida ishlagan. Jon Uanameyker esa Marshal Fayldning marketingchisi boʻlgan. Tadqiqotchilarning fikricha, ulardan biri bu shiorni oʻylab topgan.

“Mijoz hamisha haq” shiori mijozning shikoyati eʼtiborsiz qolmasligi va darhol hal etilishi kerakligini anglatgan. Oʻsha paytlarda “Oʻz pulingni oʻzing asra!” qabilidagi ogohlantirishlar huquqiy hujjatlarda ham aks etar va masʼuliyat koʻpincha mijozning oʻziga yuklatilardi. Xaridorni himoya qilgan bu chaqiriq davr uchun yangicha qarash edi, shu bois taʼsiri ham kuchli boʻldi.

1905-yili “Boston Globe” gazetasi Marshal Fayld haqida maqola eʼlon qiladi va uni “Mijoz hamisha haq” yondashuviga ogʻishmay amal qilayotgan ishbilarmon sifatida tavsiflaydi. Harri Gordon  1909-yili Londonda “Selfridge” doʻkoniga asos soladi. Bu doʻkonning shiori ham “Mijoz hamisha haq” edi. Matbuot bu loyiha va uning tutumi ustidan kuladi. Biroq bu behuda boʻlgandi. “Selfridge” bugungacha faoliyat yurityapti, u 2010- va 2012-yillarda dunyoning eng yaxshi supermarketi deb topilgan.

Maʼnosi yaqin shu kabi iboralarni turli ishbilarmonlar qoʻllagan. Masalan, mehmonxona biznesining taniqli vakili, London va Parijdagi “Rits” mehmonxonalari asoschisi Sezar Rits “Mijoz hech qachon adashmaydi” shiorini muomalaga kiritgan.

 

“Daryo” nashrida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.