Avtobusda yurmaydigan odam

Avtobusda yurmaydigan odam

U avtobusda yurmaydi, bu bilan esa faxrlanadi. Bugun ishxonadagi sherigini ancha vaqtgacha malomat qildi. Chunki u bechora ishga avtobusda keladi-da.

Hammaga maʼlum, ertalablari, ayniqsa hamma ishga, oʻqishga ketadigan vaqt oraligʻida avtobus toʻlib-toshadi, unga chiqib-tushishning oʻzi baxt boʻlib qoladi. U oʻrtogʻini koyir ekan:

– Odam dunyoga bir MARTA keladi. Oʻynab-kulib yashab qolish kerak. Diqqinafas avtobusda quruqlikka chiqib qolgan baliqqa oʻxshab ogʻzingni kappa-kappa ochib kelish qaydayu taksida yon-atrofni kuzatib, koʻngling chogʻ boʻlib kelgani qayda! Eh, odamlar-a, hayotning qadrini bilmay oʻtib ketasizlar, – deb xoʻrsinib qoʻydi.

Sherigi boʻlsa:

– Hamma koʻrpasiga qarab oyoq uzatadi, oshna. Sening imkoniyating bor ekan, qandingni ur, biz ham vaqti kelib taksida yurarmiz. Baxtimiz kulib, mashina olib qolsak, undan yaxshi. Oʻshanda seniyam ishga oʻzim olib kelaman. Taksiga ketadigan puling tejaladi, – dedi.

Gapning xokisor ohangda boshlangani unga yoqib tushayotgandi, biroq oxirida qoʻshilgan bir chimdim zahar terisini teshib kirgan nishday boʻldi. Munozarani davom ettirib: “Yoʻlkiradan yiqqan pulingni goʻringga olib ketasan”, degisi keldi-yu, indamadi. Chunki qoʻl telefoni jiringlab qoldi. U kreditga sovutgich va televizor olgan doʻkondan qoʻngʻiroq qilishibdi. Obbo, kreditdan qolgan qarzini toʻlashi kerak-ku! Ertaga oy tugaydi, hali maoshini olmagan. Telefonni koʻtarib, sotuvchiga shu va shunga oʻxshash sabablarni aytdi, toʻlov muddatini besh-oʻn kunga foizsiz choʻzib turishlarini iltimos qildi. Turishidan, doʻkondagilar bu taklifga rozi boʻlishmadi. Uning koʻtarinki kayfiyati ertalabdanoq buzildi…

 

Orif Tolib

 

“Ma’rifat” gazetasining 2015-yil 18-iyul sonida eʼlon qilingan.

 

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube