Axloq va hayot bir butundir
Tomas Mann hikmatlaridan
Atoqli olmon adibi va publitsisti, adabiyot yoʻnalishida Nobel mukofoti sovrindori. 1901-yili ilk romani “Buddenbroklar” bosilib chiqadi va unga katta shuhrat keltiradi. Aynan shu asari uchun yozuvchi 1929-yili Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi.
“Qirol oilasi aʼzosi”, “Iosif va uning ogʻalari”, “Lotta Veymarda”, “Doktor Faustus”, “Sehrli togʻlar” kabi romanlari, bir qator qissa va hikoyalari bor.
- Agar biror fikr butun vujudingni qamrab olgan boʻlsa, u seni har qadamda taʼqib etadi, hatto havoda ham uning hidini sezasan.
- Azob-uqubat koʻrmagan odam bir umr yosh bola boʻlib qolaveradi.
- Axloq va hayot bir butundir. Axloq hayot tirgagi, axloqli odam hayotning chinakam fuqarosidir.
- Axloq, shubhasiz, hayotda eng muhimidir.
- Barcha istak va harakatlarimiz asablarimizning ehtiyojlari sabab dunyoga keladi. Bu ehtiyojlarni soʻz bilan taʼriflash qiyin.
- Baxt va muvaffaqiyat – oʻzimizda, ichimizdadir.
- Baʼzi odamlar bilan yashash qiyin, lekin ularni tashlab ketish ham oson boʻlmaydi.
- Bizning qoʻrquvimiz – dushmanlarimiz mardligining manbasidir.
- Vaqt undan foydalanib aqlliroq, yaxshiroq, pishiqroq va mukammalroq boʻlishimiz uchun berilgan qimmatbaho sovgʻadir.
- Vaqtni qoʻlingda tut! Har bir soat, har bir daqiqani asra. Nazorat qilmasang, kaltakesakday sirgʻalib qochib ketadi. Har bir lahzani halol va munosib amallar bilan beza! Vaqtga salmoq, mazmun va nur bagʻishla.
- Qoʻpollik sizni istagan odam bilan bir joyga qoʻyadi; faqat adabgina masofa hosil qila oladi.
- Mukammallik katta quvonch olib keladi.
- Mutlaqo begona odamlarning bir-biriga “sen” deb murojaat qilishi yovvoyilik, qoloqlik, odobsizlik belgisidir. Men buni jinimdan battar yomon koʻraman. Chunki bu, mohiyatiga koʻra, sivilizatsiyaga va insoniyat taraqqiyotiga surbetlarcha, vijdonsizlarcha qarshi yoʻnaltirilgandir.
- Nahotki men hayotni, bu toza, shafqatsiz va qudratli hayotni yomon koʻrgan boʻlsam? Bekor gap. Tushunmovchilik bu. Men uni yenga olmaganim uchun oʻzimni yomon koʻrganman, xolos.
- Nuqsonni yoqlash bilan fazilatlar haqorat qilinadi.
- Oilada hamma bir-birini himoya qilishi kerak, aks holda koʻrguliklar eshik qoqib keladi.
- Orzular ushalganda eng yaxshi narsalar ortda qoladi.
- Sanʼat insonning ezgulikka, haqiqatga, komillikka gʻayriixtiyoriy va azaliy intilishining eng goʻzal, eng qatʼiy, eng quvonchli va ezgu timsolidir.
- Urush – tinchlik davridagi muammolardan qoʻrqoqlarcha qochishdir.
- Faqat oʻlimgina azob-uqubatlarni hurmatlashga oʻrgata oladi.
- Xunuk holatlarni ham oʻz foydasiga uyalmay oʻzgartira olish yashovchanlik qobiliyatidi belgisidir.
- Hayotdan koʻra nogigiyenik narsa yoʻq.
- Shoir ijodiy toʻqimalari sabab emas, ilohiy iqtidor tufayli dunyoga keladi.
Orif Tolib tarjimasi
“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 3-sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.