“Azizam, yoʻl berma qaygʻu, koʻzyoshga…”

“Azizam, yoʻl berma qaygʻu, koʻzyoshga…”

Rasul Hamzatov

Azizam, yoʻl berma qaygʻu, koʻzyoshga,

Ishon, xavotirlar – boʻlmagʻur gapdir.

Mening ahvolimni oʻzimdan boshqa

Hech kimsa yaxshiroq bilmaydi, axir.

 

Har xil savollarni tashlama uyib,

Darrov koʻzlaringga quyilmasin nam.

Sen bilan baxtimni boʻlishdim doim,

Darigʻ tutmagayman bundan keyin ham.

 

Biror-bir quvonchim, zarra shodligim

Boʻlishmagan boʻlsam sen bilan agar

U tuyqus tushimga kirgan-u, lekin

Paqqos unutganman uygʻongan mahal.

 

Nima topgan boʻlsam oʻrtada bari:

Ozroq quvonchimu jinday yutugʻim.

Faqat dardni sendan tutaman nari,

Hushyorroq boʻlaman dard chekkan chogʻim.

 

Koʻrgilik makriga hech uchmagayman,

Qulf uraman tashvish sandiqlariga.

Oʻtib ketgunicha soʻz ochmagayman,

Koʻnikkanman qalbim ogʻriqlariga.

 

Shifoxonada bir kishini koʻrdim,

Jon talashdi, orom bilmadi bir zum.

Valekin ayoli kirib kelgan dam

Zahil yuzlariga indi tabassum.

 

Baxt va baxtsizlikka yetishgay har kim:

Kimlarga koʻprogʻu kimlargadir kam.

Bunda faqat baxtni boʻlishish mumkin,

Qaygʻu-alam esa boʻlinmas ekan.

 

Rus tilidan
Orif Tolib
tarjimasi

Ruscha tarjimani oʻqish

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.