-b, -ib: vergul kerakmi yoki yoʻq?
Gapda -(i)b qoʻshimchasi bilan yasalgan ravishdoshlardan soʻng koʻpincha vergul qoʻyiladi. Lekin har doim ham emas. Amaliyotda ravishdoshlardan soʻng oʻrni boʻlsa-boʻlmasa vergul qoʻyaverish koʻp uchraydi.
Xoʻsh, qachon vergul qoʻyish kerak?
Ravishdosh va undan keyin kelayotgan feʼl alohida-alohida, ketma-ket yoki birdan ortiq harakat-holatni ifodalasa, vergul ishlatiladi:
Sigirlarni kim sugʻorib, qoʻylarga kim yem beradi?
👉 Bu jumlada ikki xil, alohida-alohida harakat ifodalanyapti va ular vergul bilan ajratilyapti.
Siroj egma koʻprikdan oʻtib, koʻl oʻrtasidagi choyxonaga kirdi.
S. Zunnunova, Odamlar orasida.
👉 Bu gapda ketma-ket harakat ifodalangan. Siroj oldin koʻprikdan oʻtgan, keyin choyxonaga kirgan.
Bozorqul bunday paytlarda bosh egib, xomush oʻtirardi.
A. Muxtor, Chinor
👉 Bu gapda birdan ortiq harakat-holat bor, xuddi uyushiq boʻlaklardagi kabi bu oʻrinda ham vergul qoʻyish oʻrinli.
Xoʻsh, qachon vergul qoʻyilmaydi?
Agar bittagina harakat ifodalansa, ravishdosh shu harakatni sifatlasa, vergul kerak emas:
Tayyor fotosuratdan foydalanib rasm chizamiz.
👉 Bu gapda ish-harakat bitta: rasm chizish. Foydalanib soʻzi qanday holatda?, qay shaklda? soʻrogʻiga javob boʻlyapti. Bu yerda birdan ortiq harakat ifodalanmagani uchun vergul kerak emas.
U kulib gapirdi.
👉 Bu gapda kulib soʻzi gapirish holatini aks ettiryapti, unga mazmunan bogʻliq. Shu sababli vergul kerak emas.
Arzimas gapdan figʻoni falakka chiqib ketganini qarang!
👉 Bu jumlada figʻoni falakka chiqib birikmasi ibora boʻlgani uchun vergul talab qilmaydi. Turgʻun birikmalar yaxlit shaklda maʼno kasb etgani uchun ular xuddi bir soʻz kabi qabul qilinadi.
Ravishdosh shaklida boʻlsa-da, vergul talab qilmaydigan baʼzi soʻz va iboralar bor. Lekin ularning vazifasi va mazmuniga eʼtibor bermaslik oqibatida xatolarga yoʻl qoʻyamiz. Nasib qilsa, ular haqida alohida yozaman.
Orif Tolib