Barra
Barra soʻzini “svejiy” soʻzi tarjimasi sifatida koʻp taklif etishadi. Lekin soʻzning maʼnolari hamisha ham bunga mos kelavermaydi. Faqat bir holatdagina svejiyga yaqinroq maʼno ifodalashi mumkin.
Oldin barraning oʻzbekchadagi maʼnolarini koʻrib chiqamiz. Bu soʻz forschadan olingan, asliyatda qoʻzichoq; ohu bolasi maʼnolarini bildiradi. Tilimizda quyidagi anglamlarda qoʻllanadi:
1️⃣ Yangi tugʻilgan qoʻzichoq.
Barra goʻshti.
Bir barra qoʻzi bor edi, ota hozir shuni saranjom qilib kirdi.
N. Fozilov, Qissalar.
2️⃣ Yangi tugʻilgan qoʻzining goʻshti.
Barra kabob.
– Qani, barradan oling, oʻgʻlim, – dedi u ilik uzatib.
A. Mirahmedov, Qoʻylar qoʻziladi.
3️⃣ Qoʻzichoqning jingalak junli terisi; qorakoʻl.
Barra poʻstin. Barra yoqa.
Usubalining serbar telpak ostidagi kallasi barra poʻstin ichiga kirib ketdi.
M. Ismoiliy, Fargʻona t.o.
Munavvarning oʻrniga yoqasiga koʻk barra tutilgan qishlik paltodagi juvon javob berdi.
S. Anorboyev, Mehr.
4️⃣ Koʻchma maʼnoda: yangi unib, oʻsib chiqqan, yosh, mayin; dirkillama.
Barra oʻtlar. Barra piyoz. Barra beda. Barra barg. Barra bodring.
Gullay ber, shaftolim, qantak oʻrigim, koʻkarib oʻsa ber, barra oʻt, maysam.
S. Akbariy, Mehrigiyo.
Suv boʻyida yam-yashil barra koʻkatlar.
S. Siyoyev, Yorugʻlik.
Soʻngra hovlida koʻkarib turgan barra piyozdan ham bir bogʻ yulib chiqdi-yu, uyga kirib ketdi.
Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli.
Akbarali barra moʻylovini ikki yonga ustma-ust siladi.
R. Rahmonov, Dovrugʻ.
📌 Demak, faqat toʻrtinchi, yaʼni koʻchma maʼnodagina bu soʻz svejiyga yaqinroq keladi. Biroq yangi keltirilgan mahsulotlarning hammasi ham yangi unib chiqqan yoki dirkillama boʻlmaydi. Bu maʼnoda faqat koʻkatlarga nisbatan ishlatilishi mumkin.
Masalan, barra goʻshti yangi keltirilgan goʻsht emas, u yangi tugʻilgan qoʻzichoqning goʻshti. Bu birikmani barra goʻsht tarzida ishlatish xato, chunki bu yerda barra sifatlovchi emas, u qoʻzichoqni bildiradi.
Barra kabob birikmasida esa sifatlovchi, u kabobning qandayligini anglatyapti. Bu oʻrinda ham barra soʻzi yangi goʻshtdan tayyorlangan maʼnosida emas, qoʻzichoq goʻshtidan tayyorlanganlikni ifodalaydi.
Oʻzbekcha-ruscha lugʻatga bir nazar tashlasangiz, rus tili bu soʻzni tarjima qilishda ancha qiynalganini koʻrasiz. Barra koʻp holatda ikki soʻz yordamida oʻgirilgan. Oʻsha gap: har bir tilning oʻziga xos ustunlik va imkonsizliklari boʻladi. Hatto manaman degan dunyo tillari ham bundan mustasno emas.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.