Behurmatsizlik
Bitta vazifadagi qoʻshimchani ikki MARTA ishlatish bir xil koʻylakni ustma-ust kiyishga oʻxshaydi. Oʻta ortiqcha va mantiqsiz ish. Lekin baʼzida shunday xatolarga ham yoʻl qoʻyib turiladi. Gohida bu xatolarni anglash mushkul boʻlsa, ayrimlari shundoq manaman deb koʻrinib-sezilib turadi.
Behurmatsizlik soʻzidagi yanglishlik boʻrtib-bilinib turibdi. Yo behurmatlik boʻlishi kerak, yo hurmatsizlik. Ikkita inkor qoʻshimchasi bir paytda qoʻshilgan. Bu til qoidalari va mazmunga zid.
Toʻgʻri, inkor bildiruvchi qoʻshimchalar ketma-ket kelishi mumkin. Lekin bitta soʻzda emas. Ikkita soʻzda: bilmay qoʻymaydi. Bunda inkor maʼnosi emas, uning aksi – aniqlik, muqarrarlik maʼnosi anglashiladi: aniq biladi, bilishi aniq.
Xullas, bitta soʻzga bir xil qoʻshimchani qoʻshish bemantiqsizlikdir. Bundan ehtiyot boʻlishimiz kerak.
Orif Tolib