Bir boʻgʻinli soʻzlar: yozilmagan qoidalar

Bir boʻgʻinli soʻzlar: yozilmagan qoidalar

Baʼzi bir boʻgʻinli soʻzlar bor, unli bilan tugagan egalik qoʻshimchasi qoʻshilganda oʻzak oxiridagi tovush orttiriladi. Orttirilmasligi ham mumkin. Lekin bunda maʼno nozikliklari yuzaga keladi. Gap had, haq, his kabi soʻzlar haqida.

Had soʻzi izohli lugʻatda had(d) shaklida berilgan. Bu tovush orttirilishiga ishora. Lekin soʻz hadd shaklida ham qoʻllanishi mumkin: hadd-hisobsiz. Ammo aksariyat holatlarda had shakli ishlatiladi. Bu soʻz unli bilan tugagan egalik qoʻshimchalari yoki -u bogʻlovchisini olganda bir d tovushi orttiradi:

 

Yodgor ham xursand, xursandligining haddu poyoni yoʻq edi.

S. Ayniy, Doxunda.

 

Salimboyvachchaning kayfi – mastligi haddiga yetgan.

Oybek, Tanlangan asarlar.

 

Xafa boʻlmang, biz haq olmasdan ishlaymiz. Axir biz qulmiz-ku, haq talab qilishga haddimiz bormi!

Mirmuhsin, Meʼmor.

 

Yasovulboshi haddidan oshib ketdi, toʻylarni buzadi, sozchilarni uradi.

J. Sharipov, Xorazm.

 

❗️ Bu soʻz unli qoʻshimcha bilan bitta holatda tovush orttirmaydi. Had ilm-fanga oid tushunchani ifodalaganda:

 

Arifmetik progressiyaning keyingi hadini toping.

 

Modelning qoldiq hadini tekshirish.

 

Haq soʻzi ham izohli lugʻatda haq(q) shaklida berilgan. Soʻzga qoʻshimchalar qoʻshilgandagina bir -q orttiriladi, qoʻshimchalarsiz, alohida shaklda haqq tarzida ishlatilmaydi. Lugʻatda aytilishicha, uchinchi shaxs egalik shaklida haqqi koʻrinishida ham qoʻllanadi. Ammo unday emas. Boshqa shaxslarda ham haqqi varianti kelishi mumkin:

 

Sakkiz soat progul qilgan odamga hech narsa demaslikka mening haqqim yoʻq. (I shaxs)

S. Zunnunova, Koʻk chiroqlar.

 

Men sizga oʻgʻilman, farzandingizman. Urishishga, soʻkishga, tergashga haqqingiz bor. (II shaxs)

S. Ahmad, Qadrdon dalalar.

 

Yetimning haqqini yeyish – ogʻir gunoh. (III shaxs)

 

👉 Yuqoridagi kabi oʻrinlarda muharrir va musahhihlar baʼzan bitta undoshni qisqartiradi. Imlo qoidalariga moslashadi. Chunki bu oʻzakdan keyin tovush orttirish qoidada yoʻq. Biroq bir narsani yodda tutish kerak: har qanday grammatika yoki imlo qoidalari eng birinchi galda mazmunni ifodalashga xizmat qilishi zarur.

Haqim, haqimiz, haqing, haqingiz, haqi deb ishlatish xato emas. Ammo bunda soʻzdagi haq-huquq, haqdorlik maʼno nozikliklari aks etmay qoladi.

 

Peshona terim bilan ishlab topgan haqimni soʻrayapman!

Bu gapda ish haqi maʼnosi bor, xolos.

 

Peshona terim bilan ishlab topgan haqqimni soʻrayapman!

Bunda ish haqidan tashqari, ulush, haqdorlik, munosiblik, egalik kabi maʼno qirralari ham ifodalangan.

 

Ayrim holatlarda -u bogʻlovchisi qoʻshilganda ham tovush orttirishi mumkin:

 

Boshimga Hazrati Alining muborak zulfiqorlari kelganda ham, haqqu haqiqatdan yuz oʻgirmoq odatim yoʻq.

A. Qahhor, Tobutdan tovush.

 

His soʻzida ham shunga oʻxshash vaziyat. Hissi shaklida qoʻllash soʻzni hissiyotli, tuygʻuchan qiladi. Solishtirib koʻring:

 

U aybdorlik hisini tuydi.

U aybdorlik hissini tuydi.

 

Ikkalasi ham toʻgʻri. Lekin ikkinchisida maʼno kuchliroq, chuqurroq. Shuning uchun hisi varianti ishlatilmaydi hisob.

 

🔍 Ushbu til qoidasi hozircha imlo qoidalariga kiritilmagan. Kiritishga arziydi, menimcha. Qoidalarda yoʻq boʻlsa-da, tilda, isteʼmolda keng qoʻllanadi. Yuqoridagi misollarning aksariyati izohli lugʻatdan olingani fikrimizni dalillaydi.

 

Hozircha xayolimga kelgan soʻzlar – shular. Bularga oʻxshash yana qanday soʻzlarni bilasiz. Izohlarda qoldiring.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube