Bir xil belgi qoʻllanmasligiga chidasa boʻladi

Bir xil belgi qoʻllanmasligiga chidasa boʻladi

Tuzatilayotgan lotin alifbosida Õ õ va Ğ ğ harflari ustidagi belgilarning bir xil emasligi eʼtirozlarga sabab boʻlyapti. Menimcha, har xillik holatiga chidasa boʻladi. Nega?

Lotin yozuviga asoslangan va ustida belgisi bor harflardan foydalangan bir necha alifboni koʻrib chiqdim. Bunaqa xilmaxillik ularda ham bor ekan:

Ozar alifbosi – Ğ ğ, Ö ö, Ü ü.

Turkman alifbosi – Ä ä, Ž ž, Ň ň, Ö ö, Ü ü.

Turk alifbosida – Ğ ğ, Ö ö, Ü ü.

Chex alifbosida – Á á, Č č, Ď ď, É é, Ě ě, Ó ó, Ř ř, Š š, Ť ť, Ú ú, Ů ů, Ý ý, Ž ž.

Boshqalarda bor boʻlsa, biz ham aynan shunday qilishimiz kerakmi? Yoʻq, albatta. Yuqoridagi misollarni harflar ustida har xil belgi qoʻllash favqulodda holat emasligini aytish uchungina keltirdim.

Qaror qabul qilayotganda koʻproq afzallikka ega variantni tanlash kerak.

Nega kirilcha Oʻ oʻ harflari uchun lotin alifbosida Õ õ harflarini olgan maʼqul? Afzalligi:

  1. Yozma shaklga mos.
  2. Yozuvda chiroyliroq va oʻqishliroq koʻrinadi. Ğ ğ harfi matnda Õ õ nisbatan kam keladi. Õ õ esa juda koʻp qatnashadi. Shu sababli uning shakliga ahamiyat bergan yaxshi.
  3. Yunikod jadvalida ham bu belgi Ŏ ŏ dan yuqorida joylashgan. Bu u nostandart shriftlarda ham boʻlish ehtimolini oshiradi.
  4. Õ õ harfi mamlakatimiz nomi – Õzbekiston soʻzining boshida keladi. Ŏ harfidagi teskari qosh (brevis) belgisi koʻp shriftlarda, hatto standart Times New Roman da ham shox-muguzga oʻxshab qoladi: Ŏzbekiston.

 

👉  Xoʻsh, Oʻ va Gʻ uchun bir xil belgi tanlansa, nima boʻladi? Yomon boʻlmaydi. Bunga ham koʻnish mumkin. Afzalligi:

  1. Oʻziga oʻxshash belgi bilan shaklan uyqash boʻladi.

 

Quyidagi rasmda ikki belgi turli shriftlarda qanday koʻrinishi aks etgan. Toʻliq jadval bilan bu yerda tanishishingiz mumkin. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, Õ belgisi yunikodda yuqoriroqdan joy olgani sababli aksariyat shriftlarda chiqyapti. Ŏ belgisi esa baʼzi shriftlarda yoʻq.

Ö ö belgisidan ham foydalanish taklif etilyapti. Bu belgi aksariyat shriftlarda bor boʻlsa-da, menimcha, “raqobatchilari”ga vizual jihatdan yutqazadi. Qolgan ikki belgi bunga nisbatan koʻzga yaqqolroq tashlanadi. Kelajakda bu belgiga yuz minglab MARTA duch kelish haqida ham oʻylash kerak. Bundan tashqari, harf ustidagi ikki nuqtani yozma koʻrinishda baribir toʻlqinli chiziq shaklida ifodalaymiz. Chunki yozishga shunisi qulay.

❗️ Toʻgʻrisi, Õ õ belgisini qabul qilishga boshida oʻzim ham qiynaldim. Lekin tushuntirish va sabablar asosli koʻrindi. Oxiri bu belgi Ŏ ŏ dan afzalroq ekan degan xulosaga keldim.

Umuman olganda, bu juda katta muammo emas. Toʻlqinli (tildali) yoki teskari qoshli belgi tanlanishidan qatʼi nazar, tuzatilgan alifbo tezroq amalga kiritilishi va foydalanishga qulay boʻlishi tarafdoriman.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.