Asosli fikr va xolis niyat kerak
Alifbo islohi masalasi yana kun tartibiga chiqqandan keyin “alifboshunos”lar koʻpayib ketdi. Fikrlariga quloq solsangiz, masala mohiyatini yaxshi anglamayotganiga, shunchaki tasavvur va hissiyotlari bilan fikr bildirayotganiga guvoh boʻlasiz.
Qanaqa fikr va eʼtirozlar boʻlyapti?
- Alifboga kiritilayotgan tuzatishlar turklardan yoki yana kimlardandir koʻchirilgan emish. Baraka topkurlar, alifbo tarixini oʻrganinglar, hech qursa, alifbo haqidagi uch-toʻrtta maqolani oʻqinglar. Sal tasavvurlaring kengayadi. Yaxshisi, bilmagan narsangiz haqida gapirmang. Bilmaganingiz bilinib qoladi.
- Kirilga qaytish masalasi. Oʻzbekistonda aholi soni 35 milliondan ortiq, ularning 55 foizini yoshlar tashkil qiladi. Bugungi yoshlar va 35 yoshgacha boʻlganlar lotin yozuviga asoslangan alifboda oʻqigan. Ular kirilda oʻqiganlarga nisbatan mutloq koʻpchilikni tashkil etadi. Kirilga qaytish shu jihatdan ham oʻzini oqlamaydi.
- Tuzatishlar aholini savodsiz qiladi. Toʻrtta harfni oʻzgartirish aholini savodsiz qilar ekan-da, kirilga qaytish savodsiz qilmas emish. Beqiyos mantiq.
- Tuzatishlar byudjetga milliardlab zarar keltiradi. Toʻrtta harfni oʻzgartirish shuncha zarar keltirar emish-u, kirilga qaytish beziyon ekan. Yanada beqiyos mantiq. uz nashri tashkil etgan ovozli chatda Xushnudbek Xudoyberdiyev tuzatishlar byudjetga qaytaga foyda olib kelishini chiroyli isbotlab berdi. Foyda-ziyon masalasini ham gapirishdan oldin oʻrganish, hech qursa, mushohada qilish kerak. Shunchaki quloqqa yaxshi eshitilgani, kuchli dalilday koʻringani uchun qaytaravermasdan. Jarayon xarajatsiz boʻlmasligi aniq, lekin tadbir bilan ish koʻrilsa, juda koʻp xarajatlarning oldi olinadi. Bu masalani moliyachi, iqtisodchi mutaxassislar yechgani maʼqulroq.
- Hamma muammolar aybdori – lotin alifbosi. Bunaqa qarash egalariga qoʻyib bersangiz, sigiri qisir qolganiga ham lotinni aybdor qilib koʻrsatadi. Undan koʻra taʼlimni rivojlantiraylik, iqtisodiyotni koʻtaraylik, yoʻllarimizni asfalt qilaylik va hokazo. Xoʻsh, nima aloqasi bor bu gaplarning alifbo islohiga? Taraqqiyot yoʻlida xizmat qilmoqchimisiz? Qilavering. Yomgʻir koʻp yogʻmayotganiga yoki yoʻllardagi tirbandlikka tuzatishlarning aloqasi yoʻq.
- “Fazoviy kemalar koinotni kezib yurgan bir paytda, sizlar haliyam alifbo…” qabilidagi gaplar. Amerikadayam, Germaniyadayam, Rossiya, Yaponiya yoki Kongodayam til mutaxassislari til masalasi bilan shugʻullanadi, Oyga yo Marsga uchmaydi. Marhamat, siz shugʻullaning yuksak ilm-fan bilan, koinotni zabt eting. Alifbodan koʻra kosmonavtika bilan shugʻullanganingiz foydaliroq. Hamma uchun.
- Faqat tanqid bor, asosli taklif va mulohaza yoʻq. Tanqid qilish oson, joʻyali taklif aytish esa qiyin. Chunki u fikrlashni, izlanishni talab qiladi. Xayoliga kelib qolgan, shunchaki yaxshi deb oʻylagan fikrini aytadiganlar ham bor. Oldin masalani oʻrganing. Oʻrgana olmayapsizmi, bilim-salohiyatingiz, quntingiz yetmayaptimi – ishni biladiganlarga qoʻyib bering.
Xullas, gapirsa gap koʻp. Har qanday fikrni qabul qilish mumkin: bilim-tajribaga tayangan, xolis niyatni koʻzlagan boʻlsa boʻldi. Agar shu ikki talabga javob bermasa, unday fikr tosh bosmaydi.
Tuzatishlardan maqsad bitta – alifboni qulaylashtirish va toʻliq foydalanishga kiritish. Mavzu boʻyicha hatto bilmay-tushunmay fikr bildirayotganlar ichida ham xolis niyatdagi kishilar borligiga ishonaman. Shu maqsad yoʻlida birlashaylik, ixtilofga berilmaylik. Aslida oʻzim ham hozirgidan boshqacharoq tuzatishlarni taklif qilganman. Lekin, hech qursa, shu toʻrtta harf qulaylashsa ham roziman.
Oʻzgarishlarning bitta tomoni bor – lotinga oʻtish tezlashib ketishi mumkin. Bir narsani aniqlashtirib olish kerak: siz shuni istaysizmi-yoʻqmi?
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.