Birinchi boʻlish imtiyozi
@xatoliklar kanalida bolgarka soʻzi haqida qiziqarli maʼlumot berilibdi. Bolgarka – lappakli arrani Sobiq Ittifoq hududiga ilk bor bolgar ishchilar olib kirgan, buni koʻrgan odamlar esa uskunani bolgarka deb atay boshlagan ekan.
Biror buyumga ot qoʻyishda bu kabi holatlar uchrab turadi. Oʻzbek tilida ham shunday atamalar bor. Tushunarliroq boʻlishi uchun tilimizda yaqin yigirma-oʻttiz yil ichida paydo boʻlgan, oʻzimiz ham tez-tez qoʻllab turadigan atamalardan ikkitasi haqida toʻxtalamiz.
Masalan, tefal. Elektr choynaklar xalq orasida xuddi shu nom bilan ataladi. Bu soʻz aslida elektr choynak maʼnosini bermaydi, u xalqaro brend, savdo belgisi. Bu belgi ostida faqat elektr choynaklar emas, turli maishiy uskunalar va idishlar ishlab chiqariladi. Lekin elektr choynakka xalq tilida shunday nom berilgan. Nega? Ikkita taxmin bor: yo ichki bozorga ilk bor shu yorliqdagi suvqaynatar choynaklar olib kirilgan, yo ommalashish boqichida ayni shu brend boshqalaridan sifati va narxi bilan ustun boʻlgan, koʻpchilikka maʼqul kelgan. Natijada odamlar elektr choynaklarni shu brend nomi bilan atay boshlagan.
Toʻgʻri, elektr choynaklar sobiq Ittifoq davridayoq foydalanishda boʻlgan. Lekin ular suv qaynagach, oʻzi oʻchmagan, qizdirish tezligi ham pastroq boʻlgan. Mabodo elektrdan uzilmay qolib ketsa, buzilgan yoki yongʻin xavfini keltirib chiqargan. Shu tufayli ham hozirgiday ommalashmagan.
Hammom qozonlari – boylerda ham shunga oʻxshash vaziyat: ularga ariston deb nom berilgan. Aslida, ariston ham savdo belgisi. Bugun soʻzlashuv tilida boshqa rusumdagi suvqozonlar ham ariston deyiladi. Bu soʻz elektr va gazda ishlaydigan suv isitgichlarga birday ishlatilaveradi.
Ushbu ikki atama ommalashishiga ularning asl nomi aytishga qiyinligi ham sabab boʻlgan. Xalq tili soddalikni yoqtiradi. Elektr choynak yoki suvqaynatar deyishdan koʻra tefal, ariston deyish osonroq.
Xoʻsh, bu ikki buyumga oʻzbekcha ot qoʻysa boʻladimi, iloji bormi? Menimcha, bor. Tefalni chovgum, choydish deb atayverish tarafdoriman. Ular elektrda ishlamaydi, oʻchoqda suv qaynatiladi-ku, demoqchimisiz? Hech nima qilmaydi. Biror buyum zamonaviylashganda eski otini saqlab qolishi mumkin. Vosita oʻzgaradi, lekin mohiyat oʻzgarmaydi. Masalan, qalam. Yuz yillar oldin u bizda qamishdan, Yevropada
patdan tayyorlangan, siyohga botirib yozilgan. Bugun unday emas, yogʻoch oʻrtasiga grafit quyib yasaladi. Nom esa oʻsha-oʻsha. Albatta, yangi nom qoʻygan yaxshi. Ammo yoʻqdan koʻra, harna-da.
Aristonni esa suvqozon deyish mumkin. Turklar suv isituvchisi, isitma qozonlari, qozon der ekan. Erinmagan odamlar-yey, tayyorini, osonini opqoʻyavermaysizlarmi?
Unisi emas, bunisi toʻgʻri, degan bilan odamlar baribir istaganini, oʻziga qulayini aytaveradi. Lekin baʼzida asta-asta xalq tiliga ham taʼsir qilish mumkin. Masalan, link, ssilka oʻrniga bugun koʻpchilik havola soʻzini ishlatadi. Bir paytlar bu soʻz umuman urfda emasdi. Oldin bir, keyin besh, keyin oʻn, keyin yuz kishi qoʻllay boshlaydi – qarabsizki, soʻz xalq tiliga qadam qoʻyadi, mustaqil yashay boshlaydi. Bunda ziyolilar, tiliga muhabbatli kishilarning xizmati katta boʻladi. Bu yerda gap har qanday chet soʻzni oʻzbekchalashtirish haqida ketmayapti. Gap oʻrinli, mantiqli holatlar haqida.
Xoʻsh, tefal va ariston kabi atamaga aylanib ketgan yana qanday soʻzlarni bilasiz? Izohlarda qoldiring.
Orif Tolib