Birinchi kitob haqida
Sheʼrlarimni kitob qilish fikri maktabda oʻqib yurganimdayoq paydo boʻlgan. Turli tanlovlar uchun yoki qiziqqanimdan toʻplamlar tayyorlab yurardim. Tezroq kitob chiqarish oʻy-xayolimni zabt etgan edi. Keyinroq esa bu fikrdan qaytdim. Chinakam sheʼrxon bilan, kitobxon bilan yuzlashish masʼuliyati katta ekanini tushundim. Harholda, shoir oʻquvchisini oʻzidan yuqoriroq boʻlmasa ham, hech yoʻqsa oʻzi bilan teng saviyada deb oʻylashi kerak. Men boshqalardan ustunman degan fikrga qattiq ishonib yuradigan ijodkor pand yeb qolishi aniq.
2011-yili Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi va “Ijod” fondi homiyligida “Uchrashuv” nomli birinchi kitobim bosmadan chiqdi. Bu toʻplamga oʻsha maktab paytlari yozgan sheʼrlarimdan birgina toʻrtlik kirgan, xolos. Koʻpchiligi soʻnggi yillarda qogʻozga tushgan.
Bugun kitobimni sizga taqdim etarkanman, ichki bir hayajonni tuyaman. Soʻzni his qiladigan, tuygʻulari nozik oʻquvchi bilan yuzma-yuz turganimni sezaman…
Orif Tolib
2012-yil 2-iyul
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.