Ustunlar
Oldin qishloqlarda uylar asosan sinchlab qurilardi. “Sinch uyim – tinch uyim”, deb maqol ham toʻqigandi odamlar. Bu xildagi imoratlar jiddiy yer qimirlashlariga ham chidash bera oladi. Ularning tuzilishi haqida biroz tushuntirish beray. Poydevor ustiga tekis yogʻoch – chorchoʻp tashlanadi, unga sinch va ustun qadaladi, ularning ustiga esa sarrop tashlanadi. Sinch va ustunlar orasiga kashaklar qoʻyilgach, qilt etmaydigan mustahkam “uy skeleti” paydo boʻladi. Keyin unga devor va zardevor urilib, qora suvoq, oq suvoq qilinadi – “toʻn kiydiriladi”. Bunday uylarda asosiy yuk ustunlarga tushadi. Birorta ustunni olib tashlasangiz, muvozanat buziladi, oʻsha taraf egilib, qulab tushishi ham mumkin.
Bobom bilan enam xuddi shunaqa sinch uyda yashardi. Toʻgʻri, biz turadigan uy ham sinchli edi, lekin shkaf, javon, televizor kabi zamonaviy buyumlar borligi sabab eskicha uylarga xos qiyofani yoʻqotgandi. Bobom yangicha narsalarni unchalik suymas, hatto tomga shifer yopishni ham maʼqullamasdi. “Qish oldidan bitta yaxshilab loysuvoq qilib qoʻysang boʻldi, bahorgacha turaveradi”, derdi rahmatli. Oxiri, dadam biz turadigan uy tomini yopishga ruxsat oldi. Shiferli uyda yomgʻir ezgʻilab yoqqan payt ham bamaylixotir oʻtirish mumkinligini koʻrgan bobom bir yil-yarim yil oʻtib dadamni qistalang qila boshladi: “Bizdi uyniyam shifer qilib ber!”
Shunaqa edi bobom. Ovqat mahali u kishini kutib oʻtirardik. Chiqib oʻzi boshlab berar, yeb-ichilgandan soʻng dasturxonga uzun fotiha oʻqirdi. Biz nevaralarini juda yaxshi koʻrar, ayniqsa, kenja ukamga mehri boshqacha edi. Ukam biz bilan shoshib-pishib nonushta qilardi-da, bobom bilan enam oʻtiradigan uyga chopardi. Oʻshanda sal yetishmovchilik payti edi, lekin bobomlarning uyida oqqand yoki shirchoy doim topilardi. Meni yelkalarida oʻynatib, koʻcha aylantirgani, opichlab koʻtarib yurgani kechagiday esimda… U kishi qoʻlini orqaga qilib, vazmin qadam bilan masjidga yoʻl oladi. Men ham uch gʻildirakli valasapidchamni minib sekingina ortlaridan ergashaman. Yarim yoʻlga borganda bobom mening kelayotganimni goʻyo birdan sezib qoladi: “Baribir kelyapsanmi, mayli, yur”, deb olib ketadi. Doʻkondan qand, shirinsuv yoki oqsaqich olib berib uyga qaytarib yuboradi. Baʼzan birorta oshnasinikiga boradi, men ham qoʻshilaman. Ular oʻzlari gaplashib oʻtiradi, men esa biror ermak topib oʻynayman. Esimni tanib, ancha-muncha gaplarning fahmiga yetadigan boʻlganimda bobom olamdan oʻtdi. Hammamiz yigʻladik, kenja ukamni: “Bobong uzoq safarga ketdi, qaytib keladi, xafa boʻlma”, deb ishontirdik, ovuntirdik. Lekin men ham, oq-qorani tanib qolgan boshqa ukalarim ham u kishining qaytmas boʻlib ketganini anglab yetgan edik. Kechagina seni suyib, erkalab oʻtirgan odam birdaniga yoʻq boʻlib qolsa, gʻalati tuyularkan. Oilamizdagi doimiy, hamma oʻrgangan muvozanat buzilgan edi. Xuddi sinch uyimizning bitta ustuni qulab tushganday.
Endi dasturxon atrofida bobomning joyi boʻsh, u kishining oʻrniga enam duo qilardi. Duolari bobomnikiga oʻxshardi – uzun-uzun, qamrovli edi. Enam yetmishdan oshgan, bolaligi, yoshligi, ota-onasini koʻp eslardi. Baʼzida oʻngini tushga ham alishtirib yuborardi. Oʻtgan asrning ikkinchi choragida qishloqda oʻzlashtirilmagan yerlar, changalzorlar koʻp boʻlgan ekan. Oʻshanda dalalarda shoqol, boʻri, tulki kabi yirtqichlar ham yashagan. Hozir kattaroq jingilning oʻzi yoʻq. Birorta ukam koʻzga koʻrinmay qolsa, enam bezovtalanishni boshlardi: “Ukang qani, qayerga ketdi?” “Sholipoyaga oʻt oʻrgani ketdi”. “Bir oʻzimi? Dalaga yolgʻiz borish xavfli, qarishqa (boʻri) kelishi mumkin”. “E-e, ena, hozir qarishqa qoptimi? Hammayoq yalang, odam koʻp, dalada daydi it ham yoʻq”. Shunaqa tasallilardan keyin enam tinchlanganday boʻladi. Lekin oʻn-oʻn besh daqiqa oʻtgach, yana soʻraydi: “Ukang qani? Qayerga ketdi?” Xullas, kelib oʻziga koʻrinmaguncha tinchimaydi. U kishi hammamizga shunaqa ilhaq boʻlardi. Uch yil burun enam ham qaytib kelmas safarga ketdi. Uyga borganimda enamning uyi huvillab qolganini koʻraman. Bundan buyogʻiga enam bizdan qaygʻurib hol-ahvol soʻramasligini, koʻcha poylab oʻtirmasligini sezaman, koʻzimga yosh keladi. Koʻnglim huvillab ketadi.
Enam dunyodan oʻtgandan keyin uyimizdagi yana bir ustun ketganday boʻldi. Endi dasturxonga dadam fotiha oʻqib, bobomdan oʻrgangan duolarni qaytarishga urinadi. Ularday uzun, keng qamrovli tilak aytolmasa-da, duogoʻyimiz bor.
Taqdirga tadbir yoʻq. Hayotning qatʼiy qonunlari hamisha amalda: odamlar kelib-ketaveradi, avlodlar yangilanaveradi. Har kim oʻz aravasini oʻzi tortishga, bir kun kelib uni yana boshqalarga qoldirib ketishga majbur. Faqat bu jarayonda izdoshlariga oʻrnak boʻlarli yoʻl, odamiylikni meros qoldirib ketishi va ana shu hayot tajribalari avlodlarning yoʻlini yoritib, ruhini koʻtarib, koʻngliga ustun boʻlishi zarur.
Bugun bobom bilan enamning ruhiga fotiha oʻqib, esga olarkanman, uyimizdagi maʼnaviy-ruhiy ustunlar qulamaganini his etaman. Axir, ularning yorugʻ xotirasi yuragimizni ustunday suyab, mudom ezgulikka chorlab turibdi.
Orif Tolib
2011
“Islom nuri” gazetasining 2011-yil 30-avgust sonida (№16) chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.