Tilak
Oʻziday mard boʻlar yigitning soʻzi –
Jonu jigariga tutash ildizi.
Iloyim, yerlarga boqmasin koʻzi –
Boshi baland boʻlsin, soʻzi sinmasin.
Har kim yashab oʻtsin oʻzidan rozi,
Ishonch bilan, dadil chiqsin ovozi.
Qishga aylanmasin bahori, yozi,
Yuragiga qaygʻu-alam inmasin.
Chin baxt nasib etar koʻngli sogʻlarga,
Kutganlar sogʻ yetsin koʻklam chogʻlarga,
Jonon havoli bu goʻzal bogʻlarga
Ichu tashi qora zogʻlar qoʻnmasin.
Duoga ochaylik, keling, qoʻlimiz,
Tangri rost aylasin tutgan yoʻlimiz.
Shundan ravshan tortib doim dilimiz –
Yuraklarda ezgu tilak soʻnmasin!
Orif Tolib
2012-yil, may
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.