Bolakayning sabogʻi
Bir chol oʻgʻlinikiga koʻchib keldi. Oʻgʻli uylangan, toʻrt yashar farzandi ham bor edi. Cholning yoshi bir joyga borib qolgan, qoʻllari qaltirar, koʻzlari xira koʻrar, oyoqlarini zoʻrgʻa sudrab yurardi. Oila dasturxon atrofiga toʻplangan paytlari qariyaning ahvoli yanada yomonlashardi. Qoshigʻidan toʻkilgan ovqatlar polgacha tushar, piyolasidagi shirchoy dasturxonni dogʻlarga toʻldirib borardi. Buni koʻrib xunobi oshgan oʻgʻil va kelin oʻzaro maslahatlashishdi:
– Nimadir qilmasak boʻlmaydi, – dedi oʻgʻil. – Chapillatib ovqat yeyishi, sut toʻkishi, ovqatlarni har tomonga sochib yuborishi jonimga tegdi.
Er-xotin xona burchagiga bitta kichik xontaxta qoʻyishga qaror qildi. Qariya shu yerda bir oʻzi ovqatlana boshladi. Ikki MARTA kosa sindirganidan keyin, tunuka talinkada ovqat suzib beradigan boʻlishdi. Bir kuni bexosdan oʻgʻilning koʻzi otasiga tushib qoldi: bechora qariyaning koʻzlarida milt-milt yosh aylanar, xontaxtaning chetiga tikilganicha tishsiz milklarida ovqatni u yoqdan bu yoqqa olib oʻtirardi. Oʻgʻilning yuragida kimdir bosh koʻtarib, mana shu majolsiz chol sening otang-ku, uni bir chetga surib qoʻygani uyalmaysanmi, deganday boʻldi. Biroq u bu hayqiriqqa eʼtibor bermadi. Faqat cholni kamroq tergaydigan boʻldi.
Toʻrt yoshli nevara yon-atrofida boʻlayotgan voqealarni jimgina kuzatardi.
Bir kuni ishdan qaytgan ota bolasi oʻyinchoqlarini yoyib olib oʻynayotganini koʻrdi. U bolgʻachasi bilan yogʻoch kosachasini urar, kosacha zarb taʼsirida u yoq-bu yoqqa yumalab ketardi.
– Nima qilyapsan, oʻgʻlim? – deb soʻradi ota mehr bilan.
– Ayam bilan sizga talinka yasayapman. Katta boʻlsam, sizlarga ovqat solib beraman, – dedi bolakay gʻurur bilan. Soʻng bir jilmayib qoʻydi-da, yana oʻz ishiga kirishdi.
Uning gaplari ota-onasini qattiq hayajonga tushirdi, ikkovlari ham mum tishlagan, nima deyishni bilishmasdi. Ularning koʻzlaridan qaynoq-qaynoq yoshlar tomdi. Garchi biror ogʻiz soʻz aytishmagan boʻlsa-da, nima qilish kerakligini yaxshi anglab turishardi.
Kechki ovqat payti oʻgʻil qariya otasining qoʻlidan ushlab, dasturxon boshiga olib keldi. Yaxshi soʻzlar aytib, koʻnglini oldi, uxlash payti oʻringa ham oʻzi yetaklab borib yotqizib qoʻydi.
Endi qariyaning qoʻlidan qoshiq tushib ketsa yoki sutchoyi toʻkilsa, oʻgʻil ham, kelin ham asabiylashmasdi. Kelin tushib ketgan qoshiqni yangisiga alishtirib berar, oʻgʻil esa koʻpincha otasini oʻzi ovqatlantirib qoʻyardi.
Orif Tolib
“Sogʻlom avlod” gazetasining 2016-yil 18-sonida chop etilgan.