Dunyo bilan boʻylashib

Dunyo bilan boʻylashib

Soʻnggi kunlarda ziyolilar, xususan, til va adabiyotga eʼtibori bor kishilar oʻrtasida yangi tashkil etilayotgan universitet bosh mavzuga aylandi. Darhaqiqat, oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha alohida oliy oʻquv yurti boʻlishi, unga Alisher Navoiy bobomizning nomi berilishi xalqimiz madaniy-maʼrifiy hayotidagi ulkan va quvonchli hodisa. Bu yangilikni eshitib, yosh ijodkor sifatida men ham juda xursand boʻldim.

Mamlakat mustaqilligini koʻrsatadigan muhim belgilardan biri tildir. Tilning obroʻ-eʼtibori uning qoʻllanish qamrovi, lugʻat boyligida koʻrinadi. Istiqlol yillarida bu borada salmoqli ishlar amalga oshirildi. Yangi universitet soha rivojida yangi va katta sahifalarni ochishi shubhasiz.

Farmonda yangi oliy oʻquv yurtining asosiy vazifalari koʻrsatib oʻtilgan. Shulardan biri oʻzbek tilining asl tabiati va xususiyatlarini toʻla aks ettiradigan mukammal akademik va oʻquv grammatikalarini yaratish, joriy imlo qoidalarini takomillashtirishdir.

Yangi lugʻatlar va qomuslar yaratilishi ona tilimizni chuqurroq oʻrganish va hayotga tatbiq etishga katta taʼsir koʻrsatadi. Puxta, ilmiy asosi mustahkam lugʻat va qomuslar bugunimiz uchungina emas, kelajak uchun ham foydali manba boʻlib qoladi, yangi kitoblar va izlanishlarga poydevor vazifasini oʻtaydi. Universitet faoliyat yoʻnalishlarida bu masala ham koʻzda tutilgani kishini juda quvontiradi.

Axborot texnologiyalari kundan-kun rivojlanib, hayotimizdan tobora mustahkam joy egallayapti. “Axborot asri” deya eʼtirof etilgan XXI asrda zamonaviy texnologiyalarni toʻla-toʻkis egallagan, uni boshqargan va barcha sohalarda keng qoʻllaganlargina muvaffaqiyat qozonadi. Internet tarmogʻida zarur maʼlumotlarga boy oʻzbekcha saytlar sonining ortishida hikmat koʻp. Milliy maʼnaviyatimiz, madaniyat va ilm-fanimizni keng targʻib etish yot gʻoya va mafkuralardan mustahkam himoya hamdir. Buning uchun esa zamonaviy texnologiyalarni egallash bilan birga tilni puxta biladigan, uning imkoniyatlaridan keng foydalana oladigan mutaxassislar kerak. Yangi universitet bu borada ham katta istiqbollar yaratadi.

Hozir mukammal oʻzbekcha elektron lugʻat va tarjima dasturlari yoʻq hisobi. Ammo yangi-yangi elektron lugʻatlar, dasturlar muntazam ishlab chiqilyapti. Bu yosh, intiluvchan dasturchilar safi kengayayotganidan dalolat. Ularning imkoniyatlari bilan oʻzbek tili va adabiyoti universitetining ilmiy salohiyati birlashsa, samaralarga erishish mumkin. Elektron
lugʻat va dasturlar bugungi oʻquvchi, talaba, tarjimon va umuman til oʻrganish istagida boʻlgan har qanday kishi uchun suv va havoday zarur. Jumladan, zamonaviy texnik talablarga javob bera oladigan oʻzbek tilining izohli lugʻati, imlo lugʻati, etimologik lugʻati yoki boy zaxirali inglizcha-oʻzbekcha, oʻzbekcha-inglizcha, ruscha-oʻzbekcha, oʻzbekcha-ruscha lugʻatlar yaratilishi kerak. Agar ana shu ish amalga oshsa, til oʻrganish imkoniyatlari keskin oshadi.

Bir soʻz bilan aytganda, yangi ilm dargohi yurtimiz madaniy va maʼrifiy hayotida ulkan voqea boʻldi. Tilimiz, adabiyotimizga eʼtibor, uning taraqqiy etishi, boyishi, jahon miqyosiga chiqishi mustaqilligimizni mustahkamlaydigan muhim jihat hisoblanadi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti bu boradagi ishlarning eng muhim va uzviy davomidir.

 

Orif TOLIB,

shoir, “Yoshlik” jurnali xodimi

 

“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining 2016-yil 20-may sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.