Boʻlsa: vergul kerakmi yoki yoʻq?

Boʻlsa: vergul kerakmi yoki yoʻq?

Qoidaga koʻra, kesimi -sa qoʻshimchali, shart maylidagi feʼl bilan ifodalangan ergash gapli qoʻshma gaplarda mazkur kesimdan keyin vergul qoʻyiladi. Jumladan, boʻlsa feʼli qatnashgan gaplarda ham:

 

Olim boʻlsang, olam seniki.

Maqol.

 

Kimning xulqi yomon boʻlsa, u oʻzini azobga giriftor qiladi.

“Fan va turmush”.

 

Biroq boʻlsa soʻzidan keyin har doim ham vergul qoʻyilavermaydi. Masalan, esa soʻziga maʼnodosh boʻlib kelganda vergul kerak emas. Izohli lugʻatga koʻra, bu holatda boʻlsa soʻzi zidlov bogʻlovchisi hisoblanadi:

 

Men kelaverdim, u boʻlsa qoldi. 

 

Qushbegi boʻlsa negadir uzoq oʻylab oʻtirar, tezda gap ochmas edi.

A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar.

 

Haqqush boʻlsa toʻxtovsiz sayrar, yoz shabadasida uning ovozi goh sekin, goh baralla eshitilardi.

Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol.

 

Boʻlsa soʻzi boʻlsa bordir iborasi tarkibida kelganda ham vergulsiz qoʻllanadi:

 

Kelgan boʻlsa bordir. Aytgan boʻlsa bordir.

 

Agar ibora alohida gap boʻlib kelsa, u boshqa gapdan vergul bilan ajratiladi. Lekin bunda ham boʻlsa soʻzidan keyin vergul qoʻyilmaydi:

 

Shunday boʻlsa bordir, men qayerdan bilay?

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.