Boʻron
Gʻarbiy Amerikadagi bir fermernikiga kelishgan bir yigit ish soʻrab keldi. Fermer undan qanday afzalliklari, oʻziga xos sifatlari borligini soʻradi. Yigit javob berdi:
– Men boʻron turganda ham bemalol uxlay olaman.
Bu gap keksa fermerni oʻyga toldirdi: nima demoqchi bu bilan? Lekin yigitni baribir ishga oldi, chunki u nimasi bilandir fermer boboga maʼqul tushdi.
Oradan kunlar oʻtdi. Bir tun qattiq va shiddatli boʻronning guv-guvidan er-xotin fermerlar uygʻonib ketishdi. Obbo, bir falokat boʻlmasaydi degan xayolda uyning u burchidan bu burchiga yugurib, ichkariyu tashqarini koʻzdan kechira boshlashdi. Deraza va eshiklar zichlab yopilgan, ilgaklari solib qoʻyilgandi. Uy-roʻzgʻor va dalada ishlatiladigan buyumlar omborga olib kirilgan, traktor garajda turardi. Otxona eshigi yaxshilab yopilgan, qulflangan edi. Ichkaridagi hayvonlarning tovushi umuman eshitilmasdi.
Fermer bobo ishchisining xonasiga moʻraladi: yigit miriqib uxlab yotardi. Shu fursat uning xayolida ishchisining gaplari jaranglaganday, oʻsha gaplarning maʼno-mohiyati anglashilganday boʻldi:
– Men boʻron turganda ham bemalol uxlay olaman.
Haqiqatan ham, bu harakatchan yigit sokin kunlardayoq harakatga tushgan, boʻronga tayyorgarlik koʻrib qoʻygandi. Hamma narsani joy-joyiga keltirgani sabab bugun shiddatli, qasirgʻali boʻron bosh koʻtarganda u umuman bosh koʻtarmasdi.
Bunday talotoʻpli shamollar barchamizning boshimizda bor. Imkonimiz boʻla turib bajarmagan ishlarimiz bir kuni quyosh botganida manglayimizga ajinlar soladi, yuragimizni gʻijimlaydi. Quyoshi qayta chiqmaydigan boʻlib botadigan kunimiz kelguncha hamma narsani miridan sirigacha toʻgʻrilab, hozirlik koʻra olamizmi? Oʻzimizni oʻnglay, chogʻlay bilamizmi? Buni uddalasak-ku, xoʻp-xoʻp, yoʻqsa, boʻron koʻtarilgan kunda uyqusiz qolamiz. Ammo unda gʻisht qolipdan koʻchgan boʻladi…
Orif Tolib
tayyorladi.