Bosh harf bilan yozilmaydi

Bosh harf bilan yozilmaydi

Rasmiy hujjatlarda, yozishmalarda eng koʻp koʻzga tashlanadigan xatolardan biri qonun, qaror, farmon, farmoyish, buyruq kabi soʻzlarni bosh harf bilan yozish. Hatto “Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida”gi qarorda ham qonun soʻzi gap ichida katta harf bilan yozilgan. Umuman, lex.uz dagi rasmiy hujjatlarga nazar tashlasangiz, yuqoridagi soʻzlar bir oʻrinda bosh harf, boshqa bir oʻrinda kichik harf yozilganiga guvoh boʻlasiz.

 

Xoʻsh, nega kichik harf bilan yozilishi kerak?

  1. Imlo qoidalariga koʻra, bu soʻzlar bosh harf bilan yozilishi belgilanmagan.
  2. Toʻgʻri, qaror yoki farmonlarni Prezident yoki davlatning oliy tashkilotlari rahbarlari tasdiqlaydi. Biroq hujjatning oʻzi oliy tashkilot yoki mansabni anglatmaydi.

 

Unda nega bosh harf bilan yozish urfga kirgan?

Menimcha:

  1. Rus tili taʼsirida. Chunki qonun, qaror, farmon, farmoyish, buyruq kabi soʻzlar rus tilida hujjat nomining boshida keladi va, tabiiyki, birinchi soʻz bosh harf bilan yoziladi. Masalan: “Postanovleniye Kabineta Ministrov Respubliki Uzbekistan” – “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori”. Nomlar ruschadan tarjima qilinganda bu soʻzlar bosh harfda yozib yuborilgan boʻlishi mumkin. Maqola tayyorlash jarayonida ruscha qonun va qarorlar bilan ham tanishdim. Rus tilida yuqoridagi soʻzlar sarlavha tarkibida matn ichida ham bosh harf bilan yozilar ekan.
  2. Baʼzilar buni hujjatga hurmat sifatida talqin qiladi. Bu asos ham boʻsh. Agar biz hurmat-izzat qiladigan tushunchalarni bosh harf bilan yozadigan boʻlsak, katta harf bilan yoziladigan soʻzlar juda koʻpayib ketadi. Ota, ona, ustoz, doʻst, adolat, haqiqat, halollik, toʻgʻrilik kabi soʻzlarni ularni hurmatlamaganimiz sababli emas, imlo qoidalariga amal qilib kichik harfda yozamiz. Badiiy matnlardagi oʻziga xosliklar bundan mustasno, albatta.

 

Qachon bosh harf bilan yozish mumkin?

  1. Sanalgan soʻzlarni jumla ichida bosh harf bilan yozishni bir holatdagina mantiqiy asoslasa boʻladi. Qaror misolida koʻrib chiqaylik. Oʻsha qarorning ichidagina, oldidagi sarlavha-izohni tashlab, ayni shu qarorni nazarda tutganda bosh harf bilan yozish mantiqli. Masalan:

 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori

… … … … … … … toʻgʻrisida

… … … … … … …

… … … … … … …

… … … … … … …

Ushbu Qarorda nazarda tutilgan… … … … … … … …

Ishlab chiqarish, savdo va sanonat sohalarida Qarordan kelib chiqib

 

kabi.

 

  1. Konstitutsiya davlatning asosiy qonuni boʻlgani uchun, garchi imlo qoidalarida alohida tartib koʻrsatilmagan boʻlsa-da, bosh harf bilan yozilishi kerak. Oliy bosh qonun nazarda tutilmagan holatlarda esa konstitutsiya soʻzi kichik harf bilan yoziladi.

 

🔎 Davlat tilini rivojlantirish departamenti va Adliya vazirligi bu masalaga eʼtibor qaratib, uzil-kesil xulosa bersa, yaxshi boʻlardi. Til va imlo boʻyicha ishlaydigan universitet va institutlar, mutaxassislarning ham fikri juda muhim.

Qonunchilik bazasidagi imloni ham birxillashtirish kerak. Balki, imlo qoidalarining yangi tahririga aniq bir qoida ham kiritilar.

 

📌 Demak,

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi

Yuridik va haqiqiy (faktik) konstitutsiya tushunchalari bor. ✅

Oʻzbekiston Respublikasining … dagi 1-I-son qonuni

Prezidentning “… toʻgʻrisida”gi farmoni 

Vazirlar Mahkamasining “… toʻgʻrisida”gi qarori

Xalq taʼlimi vazirining “… toʻgʻrisida”gi buyrugʻi

Shahar hokimining “… toʻgʻrisida”gi farmoyishi 

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube