Qoʻshtirnoqning qaysi shaklini ishlatish kerak?

Qoʻshtirnoqning qaysi shaklini ishlatish kerak?

Obunachilardan biri qoʻshtirnoqning qaysi turidan foydalanish kerakligi haqida soʻragan edi. Shu haqda ancha-muncha narsa yozib qoʻygandim. Bu orada @xatoliklar kanali shu haqda maqola eʼlon qilib qoldi. Baʼzi oʻrinlari takror boʻlsa-da, men ham yozganlarimni eʼlon qilyapman.

 

Oʻzbekchada qaysi qoʻshtirnoq turidan foydalangan maʼqul?

Eng keng tarqalgani – “…” shakli va, menimcha, mana shuni ishlatgan afzal. Nega?

 

  1. Kompyuterdagi matn muharrirlarida oʻzbek tili klaviaturasida ayni shu belgi chiqadi. Zamonga hamnafas boʻlgan yaxshi. Telefonlardagi klaviaturalar, jumladan, android smartfonlardagi Gboard va Yandeks klaviaturalarida ham shu variant asosiy qoʻshtirnoq belgisi qilib olingan.
  2. Shakli chiroyli va ixcham.

 

❗️ Eski ona tili darsliklariga koʻra, „ … “ shaklidan foydalanish kerak. Lekin oʻzbekcha matnlarda qoʻshtirnoq shu darsliklardagina bu tarzda ishlatiladi. Balki, yana birorta kitobda ishlatilgandir. Lekin men koʻrmaganman.

Darsliklardagi imlo qoidalarini ham bir boshdan tanqidiy koʻrib chiqish kerak. Bu haqda boshqa safar alohida, batafsil toʻxtalarman, nasib.

„ … “ shakli bir nechta tillarda, jumladan, nemis tili imlosida qoʻllanadi. Lekin ularning klaviaturasida ham chiqadi-da bu belgi.

Rus imlo tartibiga koʻra, „ … “ belgisidan qoʻlda yozilganda foydalaniladi, bosmada “ … ” belgisi ishlatiladi. Bizda ham „“ belgisini yozma shakl uchun ishlatsa boʻladi. Qolgan holatlarda “” variantidan foydalanaverish kerak.

Inglizcha birtirnoq – ‘ … ʼ belgilaridan ham baʼzida qoʻshtirnoq oʻrnida foydalanish holatlari uchraydi. Bu koʻpincha ingliz tili taʼsirida yuz beradi.

Matn muharrirlaridan boshqa kompyuter dasturlari qoʻshtirnoqni avtomatik oʻzgartirmaydi va » … » koʻrinishida beradi. Bu ham xato emas. Lekin texnik matnlardan

Xoʻsh, bitta matn ichida birdan ortiq qoʻshtirnoq boʻlsa nima qilish kerak? Amaldagi imlo odatlariga koʻra, qoʻshtirnoq ichida qoʻshtirnoq bilan boshlanuvchi soʻz kelsa, bitta qoʻshtirnoqdan
voz kechiladi:

 

“Oydinda yurgan odamlar” asarini oʻqidim”, dedi u.

 

Tushunarsiz holat yuz berdi. Biz buni rus tipografiyasidan olganmiz. Shuni yaqqol ajralib turiladigan qilib ifodalash mumkinmi? Mumkin. Ruslar bu holatda boshqa bir usuldan ham foydalanadi:

 

«“Oydinda yurgan odamlar” asarini oʻqidim”, dedi u.

 

Ana shu usuldan foydalanish mumkin. Gap ichida qoʻshtirnoq bor boʻlsa, eng birinchi, ochuvchi qoʻshtirnoq “ belgisi boʻladi va mazmunning yakuni uning jufti ” belgisi bilan yopiladi. Agar qoʻshtirnoqlar juda koʻp boʻlsa, anglashilmovchilikning oldini olish uchun inglizcha ‘ … ’ belgilaridan ham foydalanish mumkin. Maqsad – matnni tushunarli qilish.

Qolgan holatlarda “” va ʻ belgilarini ishlatmagan yaxshi.

Istaganlar ruscha klaviaturada chiqadigan “” belgilarini bemalol ishlatishi mumkin. Oʻzbekcha kiril va lotin klaviaturalarida “” chiqqani uchun men shuni maʼqul koʻraman. Xullas, bu borada “chanqogʻingga ishon” shiori amalda.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.