Chigirtkaning tovushi
Nyuyorklik bir kishi hindu doʻsti bilan shahar koʻchalarini aylanib yurardi. Hindu birdaniga toʻxtadi.
– Chigirtkaning tovushini eshityapman! – dedi u hayratlanib.
– Jinni boʻlganmisan, – dedi bunga javoban oshnasi tevarak atrofga ishora qilib.
Ularning yonginasidan guvillab ulovlar oʻtar, nariroqda quruvchilar ishlar, koʻchani toʻldirgan odamlar qaylargadir shoshar edi.
– Lekin men eshityapman, – fikrida qatʼiy turib oldi hindu.
U toʻgʻri bank binosi yonidagi gulzorga qarab ketdi. Gullarning ostida haqiqatan ham bir chirilloq chigirtka bor ekan.
– Qoyil-e! – deb hayratlandi shaharlik. – Eshitish qobiliyating dahshat-ku!
– E, yoʻq, ogʻayni, – deb kuldi hindu, – gap bunda emas. Qarab tur…
U shunday dedi-da, yoʻlakka bir hovuch tanga sochib yubordi. Yoʻlda ketayotganlar darrov har yoqqa alanglab, pullari tushib qolmaganini tekshirish uchun choʻntaklarini tita boshladilar.
– Koʻrdingmi, – dedi hindu oshnasiga, – sezgilaring nimaga moslangan boʻlsa, oʻshani albatta eshitasan.
Baʼzida axborotlarning shiddatli oqimidan kerakli fikrni, yorqin gʻoyani ajratib olish qiyin kechadi. Boshida ahmoqonaroq, ishonchsizroq koʻringan gʻoyalar oxir-oqibat katta natijalarga sabab boʻladi. Buning uchun sezgilarimizni toʻgʻri moslay olishimiz va kerakli tovushlarni eshita bilishimiz kerak. Birinchi qarashda bajarib boʻlmaydiganday koʻrinayotgan gʻoya – hindu eshitib, shaharlik umuman sezmagan chigirtka tovushining xuddi oʻzi. Odatiy fikrlash, qabul qilish usulini yorib oʻtish hamisha ham oson kechmaydi. Lekin bu katta maqsadlarni koʻzlaganlar uchun juda foydali va oʻta-oʻta keraklidir.
Orif Tolib tarjimasi
“Hidoyat” jurnalining 2014-yil 6-sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.