“Chikora” nima degani?
“Daryo” nashri maqolalaridan biriga shunday sarlavha qoʻyibdi:
Toshkentliklar toʻsatdan ikki kun koronavirusni yengolmadi, lekin bu chikora – har kuni oʻrtacha 100 kishida COVID-19 aniqlansa-da, 30-iyun kuni poytaxtda 300 nafar ham bemor yoʻq edi
Ha, sarlavha jonivor yarim betni egallagan, lekin bu internet jurnalistikada normal holat. Chunki oʻquvchi eʼtiborini tortish, materialni oʻqishga undash uchun mana shunaqa yastanib yotadigan 🙃 sarlavhalar qoʻysa boʻladi. Ammo hozir gap bu toʻgʻrisida emas. Gap shu sarlavhada ishlatilgan chikora soʻzi haqida.
Izohli lugʻatga koʻra, chikora soʻzi forsadan olingan, asliyatda nima ish qilasan? kasb-koring nima? degan maʼnoni anglatadi. Etimologik lugʻat asliyatdagi
maʼnosini hech keragi, zaruriyati yoʻq deb beribdi.
Oʻzbekchada quyidagi maʼnolarda qoʻllanadi:
1️⃣ Nima darkor; hech gap emas.
Ortiqcha gap chikora, toʻgʻri uning soʻzlari!
“Mushtum”.
2️⃣ Kim qoʻyibdi: yoʻl boʻlsin.
E, oʻqish – toʻqlarning ishi, maktabni ularga chiqargan Xudoyim, kambagʻallarga chikora!
Oybek, Bolalik.
Siz bilan men bir ishni muvofiq koʻrganimizdan keyin Zaynabga chikora!
A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar.
Soʻzimiz boshida keltirgan sarlavhada chikora hech gap emas degan maʼnoda kelyapti:
Toshkentliklar toʻsatdan ikki kun koronavirusni yengolmadi, lekin bu hech gap emas – har kuni oʻrtacha 100 kishida COVID-19 aniqlansa-da, 30-iyun kuni poytaxtda 300 nafar ham bemor yoʻq edi.
Orif Tolib