“Chiroq” desa, maʼno chiqmaydimi?

“Chiroq” desa, maʼno chiqmaydimi?

Bugun hamma joyda, hatto nufuzli ommaviy axborot vositalarida ham svet soʻzini qoʻllash urf boʻldi. Baʼzida goʻyo xijolat boʻlganday soʻzni qoʻshtirnoqqa olib qoʻyishadi, boshqa payt esa shu ham xayolga kelmaydi. Nima, shu soʻz oʻrniga chiroq deyilsa, maʼno chiqmay qoladimi? Chiqadi. Koʻp oʻrinlarda shunday qoʻllangan, hozir ham qoʻllanadi. Esdan chiqaryapmiz, eʼtibordan qoldiryapmiz, xolos.

Shu ketishda davom etilsa, koʻz ham, quloq ham oʻrganib qoladi. Bu esa tashvishlanarli holat.

Misollar:

 

Toshkent metropolitenining bir nechta bekatlarida svet oʻchdi. ❌

Toshkent metropolitenining bir nechta bekatlarida chiroq oʻchdi. ✅

 

Svet yonsa, sizga xabar beraman. ❌

Chiroq yonsa, sizga xabar beraman. ✅

 

Svet, gaz, suv muammosi aholini qiynab kelyapti. ❌

Chiroq, gaz, suv muammosi aholini qiynab kelyapti. ✅

 

Baʼzilar chiroq soʻzi lampa maʼnosida, svet maʼnosini bermaydi, deb eʼtiroz bildirishi mumkin. Nima boʻpti? Bu nuqtai nazardan qaralsa, svet soʻzi ham xato, u ruschada yorugʻlik, nur degan maʼnoni anglatadi. Bu oʻrinda aslida elektr toki iborasi ishlatilishi kerak. Svet ham, chiroq ham koʻchma maʼnoda elektr tokini anglatyapti. Har bir tilning oʻz tabiati bor. Bir tildagi soʻz yoki ibora boshqa bir tilda aynan ifodalanishi shart emas. Bunga uringan kishi xato qilishi aniq.

Baribir ruschaga moslash kerak, degan fikr tarafdorlari bitta jumlani ruschaga tarjima qilib koʻrsin, keyin gaplashamiz:

 

Bu men uchun armon.

 

Eslatma: rus tilida armon maʼnosini ifodalovchi soʻz yoʻq.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube