Oʻzbek tili ot qoʻyishdan ojizmi: tilimizning toʻrini egallayotgan chet soʻzlar
Chet soʻz tilni boyitadimi yo kambagʻallashtiradi?
Hech bir til yolgʻiz oʻzi rivojlanmaydi. Boshqa tillardan soʻz oladi-soʻz beradi, boyiydi-boyitadi. Lekin bu jarayonning ham oʻz qonun-qoidalari, meʼyorlari
bor. Chet tilidan kirgan soʻz tilni qachon boyitadi-yu, qachon kambagʻallashtiradi? Agar oʻzga til soʻzi bir tildagi yoʻq soʻz oʻrnini toʻldirsa yoki bor soʻz bilan yonma-yon ishlatilsa, foydalanuvchilarga qoʻshimcha variant taqdim etsa, u tilni boyitadi. Lekin tilda bor soʻz oʻrnini egallasa, uni siqib chiqarsa, bu tilni kambagʻallashtirish boʻladi.
Yangi tushunchalarga ot qoʻya olmaydigan yoki ot qoʻyishga intilmaydigan til mustaqilligini, kuch-qudrati va salohiyatini yoʻqotayotgan tildir. Bugun oʻzbek tilining bu boradagi holati qoniqarli emas, nazarimda. Xoʻsh, bunga sabab nima?
“Abo Muslimi sohibqironlarimiz boʻlmasa…”
Oʻzbek tilining sofligi, ilm-fan va internet tiliga aylanishi uchun astoydil kurashadigan, amaliy harakatlar qiladigan, ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlaydigan tashkilot yoʻq. Balki, qaysidir idora bunga masʼuldir. Lekin hali bu borada koʻzga koʻrinarli ish qilingani yoʻq.
Xoʻsh, chetdan kirayotgan soʻz va atamalarga ot qoʻyishda yoki oʻzlashtirishda qanday muammolar bor. Men payqagan ikkita holat bor:
- Bugun chetdan kirayotgan tushunchalarni oʻzbekcha atashga intilish juda pasayib ketdi. Tayyorini olib qoʻya qolishga oʻtildi, oʻzbek tili paqqos isteʼmolchiga aylanyapti.
- Oʻzlashma soʻzlarni oʻzbekchalashtirish, soʻng ularni tatbiq etishda nazorat yoʻq. Shu sabab bir atama bir necha xil variantda tarjima qilinyapti. Tarjimasiz olinayotgan soʻzlarning imlosida esa xilmaxilliklar kuzatilyapti.
Masalan, soʻnggi paytlarda oʻzlashtirilgan bodikamera, teplovizor, chellenj, frilans, navigator kabi soʻzlarni oʻgirishga urinib ham koʻrilgani yoʻq. Bodikamera soʻzini olaylik. Toʻgʻri, kamera soʻzi oʻzbekchaga allaqachon kirib ulgurgan. Uni tarjima qilishga urinish muvaffaqiyatli chiqmasligi ehtimoli katta. Lekin inglizcha body (tana) soʻzini ham hech bir oʻzgarishsiz qabul qilish qaramlikdan boshqa narsa emas. Bu boʻyicha kichik soʻrovnoma oʻtkazib koʻrgandim. Bodikamera soʻzi oʻrniga tankamera, xoskamera, yonkamera kabi yaxshi variantlar taklif qilindi. Dastlab eshitganda sal sunʼiyroq tuyulishi mumkin. Lekin OAV, qonunchilik, qoʻllanmalar shu soʻzni muntazam ishlataversa, tilga singishi aniq.
Albatta, orada oʻgirib boʻlmaydigan atamalar ham uchraydi. Bunda nima qilinadi? Asliyatdagi soʻz oʻzlashtiriladi. Oʻzlashtirishda esa maʼlum qonun-qoidalarga amal qilinadi: oʻzbek tili tabiati, imlo qoidalari hisobga olinadi.
Hozirgi sharoitda nima qilish kerak? “Bu muammoni yechib bergani Abo Muslimi sohibqironlarimiz boʻlmasa…” deb oʻtirish kerakmi? Yoʻq. Atamashunoslik, atamalarni joriy qilish jiddiy izlanish va mehnat talab qiladi, lekin yechimi imkonsiz muammo ham emas. Menimcha, til sohasiga masʼul Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti bu borada amaliy harakatlarga kirishishi zarur.
Nimalar qilish kerak?
2020-yil 29-yanvarda Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasining faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan. Lekin unda asosiy eʼtibor normativ-huquqiy hujjatlar tiliga, unda qoʻllanadigan atamalarga qaratilgan. Bu ham juda muhim yoʻnalish. Lekin yangi atamalar faqat bu bilan cheklanmaydi-da. Turmushimizga, iqtisodiyot va xalq xoʻjaligi sohlariga, ilm-fanga kirib kelayotgan atamalarning ahamiyati ham kam emas.
Yaqinda axborot texnologiyalari sohasidagi bir kitobni tahrirladim. Ish jarayonida mavjud lugʻatlar ancha eskirgani, koʻp soʻz va atamalarning tarjimasi yoʻqligi, lugʻatlar asosan rus tilidan tarjima qilinganiga guvoh boʻldim. Axborot texnologiyalari eng tez oʻzgarayotgan, rivojlanayotgan soha. Bu yoʻnalishdagi lugʻatlar muntazam toʻldirilib borishi, kamida yilda bir MARTA qayta nashr etilishi kerak. Lugʻat tuzishda asosiy eʼtibor asliyatdan – ingliz tilidan oʻgirishga qaratilishi kerak. Hozir oddiy upload, download, verification, validation soʻzlarini tarjima qilishda xilmaxilliklar uchraydi. Dasturlash tillariga oid juda koʻp soʻz va atamalar shunchaki tarjimasiz ishlatilyapti.
Boshqa sohalar ham muntazam oʻzgarishda, rivojlanishda. Tabiiyki, ularga oid lugʻatlar, qoʻllanmalar va kitoblarni ham oʻzbekchalashtirish ehtiyoji bor.
Yaqinda Qurilish vazirligi rasmiysi: “Qurilish sohasida oʻzbekcha texnik lugʻat yoʻqligi vazirlik masalasi hisoblanmaydi”, deb bayonot bergan edi. Agar vazirlik va qoʻmitalar davlat tiliga shunday munosabatda boʻladigan boʻlsa, oʻzbek tilining qadr-qiymati yoʻqolaveradi.
Menimcha, har bir vazirlik, qoʻmita, agentlik oʻz sohasi boʻyicha lugʻatlar ishlab chiqishga masʼul boʻlishi kerak. Ular OʻzFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Oʻzbekiston Milliy universiteti kabi ilm dargohlari yoki tuzuvchilar jamoasi bilan shartnoma tuzib, lugʻat ishlab chiqish jarayonini moliyalashtirishi zarur. Lugʻatlar tayyorlashga sohaning malakali mutaxassislari, lugʻatshunoslar, tilshunos va boshqa mutaxassislar jalb qilinishi lozim. Lugʻatlarning ming-ikki ming nusxada bosilishi ehtiyojni qondirmaydi. Ular elektron koʻrinishda ham taqdim etilishi kerak.
Xorij tajribasi va milliy tajriba
Dunyo mamlakatlarida til sofligini saqlash boʻyicha turli tashkilotlar faoliyat olib boradi. Masalan, Fransiyada Atamashunoslik va neologizmlar boʻyicha markaziy qoʻmita bor ekan, u fransuz tilining sofligi uchun kurashadi. Yaqinda bu tashkilot internet bilan bogʻliq bir qancha fransuzcha neologizmlarni isteʼmolga kiritibdi. Endi fransuz saytlari va ommaviy axborot vositalarida inglizcha atamalar va ularning tarjima variantlari oʻrniga ana shu yangi kiritilgan soʻzlar qoʻllanadi.
Rossiyada ham til sofligi masalasi yuqori minbarlarda muhokamalarga sabab boʻldi. Atamashunoslik boʻyicha qoʻmita tuzish takliflari ilgari surildi.
Yon qoʻshnimiz Tojikistonda ham Til va atamashunoslik qoʻmitasi bor.
Oʻzimizda ham shunday qoʻmita faoliyat yuritgan. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Kengashining 1989-yil 26-dekabrdagi farmoyishi bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Respublika atamashunoslik qoʻmitasi tuzilgan va u 2003-yili tugatilgan.
Ayni damda Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentida atamashunoslik va toponimik obyektlarga nom berish faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimi bor. Unda jami uch kishi faoliyat yuritadi. Menimcha, oʻzbek tilidagi atamalar bilan bogʻliq muammolarni hal etish uch kishining jismoniy imkoniyatidan tashqarida.
Departamentda yangi atamalarni joriy qilish boʻyicha kattaroq jamoa ishlashi kerak. Jamoatchilik asosida emas, haq toʻlanadigan shaklda, doimiy asosda ishlashi zarur. Chunki bu katta mehnatni talab qiladi. Turli sohalarga oid yangi atamlar jamoatchilik eʼtiboriga havola etilishi, taklif va mulohazalar oʻrganilishi, mutaxassislardan xulosa olinishi kerak. Bundan soʻng atamalarning tasdiqlangan variantlari eʼlon qilinadi va amaliyotga joriy etiladi.
Vakolatli tashkilot qabul qilgan atamalarga ustunlik berilishi kerak. Ommaviy axborot vositalari, darsliklar, kitob va qoʻllanmalarda aynan ana shu atamalar ishlatilishi zarur. Shunda xilmaxilliklar, chalkashliklar barham topadi. Har qanday xorijiy soʻz oʻzbek tilini payhon qilib kirib kelavermaydi.
Umid qilamizki, Departament boshchiligida yangi atama va neologizmlar lugʻatlari chop etiladi, iqtisodiyot va ilm-fanga oid mavjud lugʻatlarning roʻyxatini tuzilib, ularning sifat darajasi oʻrganiladi, bu boradagi muammolarni hal etish boʻyicha amaliy qadamlar tashlanadi.
Soha tilining mahalliylashishi tilga quvvat beradi
Ingliz tiliga oʻrtacha har ikki soatda bitta yangi soʻz qoʻshilar ekan. Bu – ingliz tili bir yilda oʻrtacha 4000 ta soʻzga boyiydi degani. Toʻgʻri, yangi soʻzlar jonli tilda faol ishlatilmaydigan, ilm-fanning qaysidir sohasidagina qoʻllanadigan xos soʻzlar boʻlishi mumkin. Lekin bu yangi ixtirolar, kashfiyotlar, tadqiqotlar ingliz tili vositasida amalga oshayotganidan darak. Yangi tushunchalarga ot qoʻyish ana shu yangiliklarning ijodkorlari – shu til egalarining haqqi boʻladi. Agar bunday yangiliklar oʻzbek tili orqali amalga oshsa, bizning soʻzlarimiz ham dunyoga chiqadi, jahonning turli nuqtalarida ishlatiladi.
Oʻzbek tili ot qoʻyishdan ojiz emas. U juda koʻp tushunchalarni nomlay oladi. Tilning ana shu imkoniyatidan foydalanmaslik, uning salohiyatiga ishonchsizlik bilan qarash kuchsizlanishga olib keladi. Ertaga eng oddiy soʻzlarni ifodalashga ham xohish yoʻqolishi, oʻzbek tili rashkini, gʻayratini boy berishi mumkin. Bu esa til uchun, millat uchun fojiadir.
Til rivojiga adabiyot yoki sanʼat asarlari bilangina erishilmaydi. U iqtisodiyot, sanoat, ilm-fan, texnologiyalar va boshqa sohalar taraqqiyoti bilan ham chambarchas bogʻliq. Biz bu sohalarni oʻstirish, ularga oid bilimlarni oʻzbek tilida sifatli taqdim etish orqali alaloqibat oʻzbek tilini rivojlantiramiz, unga kuch beramiz. Atamalarni oʻzbekchalashtirishning muhim jihatlaridan biri ham ana shu.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.