Daryo-daryo, dengiz-dengiz, qishloq-qishloq: takrorlamagan afzal
Ayrim daryo nomlari tarkibida daryo, dengiz nomlari tarkibida dengiz, qishloq nomlari tarkibida qishloq soʻzlari bor. Matnda bunday toponimlardan keyin yana daryo, dengiz, qishloq soʻzlarini qoʻllamagan afzal:
Sirdaryo daryosi boʻyida Turkiston oq laylagini uchratdik. 🧐
Sirdaryo boʻyida Turkiston oq laylagini uchratdik. ✅
Oʻn kundan soʻng Qora dengiz dengizida harbiy mashqlar oʻtkaziladi. 🧐
Oʻn kundan soʻng Qora dengizda harbiy mashqlar oʻtkaziladi. ✅
Sayyor qabul Qumqishloq qishlogʻida boʻlib oʻtdi. 🧐
Sayyor qabul Qumqishloqda boʻlib oʻtdi. ✅
Bu prinsipni boshqa xil tarkibli joy nomlariga nisbatan ham qoʻllash mumkin:
Aydarkoʻl koʻli, Oqbuloq bulogʻi 🧐
🟢 Nom tarkibidagi daryo, dengiz, koʻl, qishloq kabi soʻzlar tovush oʻzgarishiga uchragan boʻlsa, qaytariq bor deb hisoblanmaydi:
Olatov togʻi, Koʻpetdogʻ togʻi ✅
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.