Dekan, dekabr, daha – begonalashgan qarindosh soʻzlar
Soʻzlarning ham oʻz kechmishi boʻladi. Baʼzi soʻzlar ajabtovur sarguzashtlarni boshdan kechiradi, turli tasodiflar, kutilmagan oʻzgarishlarga uchraydi. Bugun tub ildizi oʻn maʼnosiga ega, biroq shaklu shamoyili, maʼno-mazmuni bir-biridan keskin farq qiladigan soʻzlar bilan tanishamiz.
Dekan harbiy boʻlganmi?
Bugungi tilda dekan oliy oʻquv yurtidagi fakultet rahbarini anglatadi. Bu atama lotincha decanus soʻzidan hosil boʻlgan. U yunoncha dekaga, deka esa qadimgi hind-yevropa tillaridagi dekem – oʻn soʻziga borib taqaladi. Ruscha desyat, inglizcha ten, nemischa zehn, latishcha desmit, litvacha dešimt ana shu oʻzakdan oʻsib chiqqan.
Dekan Qadimgi Rim qoʻshinida piyodalar boʻlinmasi boshligʻini anglatgan. Oʻzbekchada oʻnboshi atamasiga mos tushadi. Dekanning qoʻl ostida oʻn nafar askar xizmat oʻtagan, ular bir chodirda yashagan.
Keyinchalik cherkovda oʻn nafar ruhoniyga rahbarlik qiluvchi xodim ham dekan deb atalgan. Oʻrta asrlar Yevropasida hunarmandchilik ustaxonalari rahbari ham dekan nomini olgan.
Universitetlar cherkov maktablaridan ajralib chiqqach, dekan unvoni turli maʼmuriy vazifalar bilan shugʻullanuvchi kishiga nisbatan ishlatila boshlagan.
Oʻzbek tiliga bu soʻz rus taʼlim tizimidan kirib kelgan. Ruschaga esa nemis tilidan oʻtgan. Dekan lavozimi Rossiya universitetlarida 1803-yili taʼsis etilgan.
Dekabr oʻninchi oy emas-ku?!
Bu oy lotinchada December, Decembris deb atalgan. Uning oʻzagi xuddi dekan kabi decem – oʻn soʻziga borib taqaladi.
Dekabr oʻninchi oy emas-ku, nega bunday nomlashgan degan savol tugʻilishi mumkin. Qadimgi Rimda yangi yil 1-martdan boshlangan. Shunga koʻra, dekabr yilning oʻninchi oyi sanalgan. Yilboshi yanvarga koʻchirilgach, dekabr yilning oxirgi – oʻn ikkinchi oyiga aylanib qolgan.
Dekabr janubiy yarimsharda yozning, shimoliy yarimsharda esa qishning birinchi oyidir.
Dekada – oʻn kunlik
Dekada oʻn kunlik davrni va shu davrda oʻtkaziladigan tadbirni anglatadi. Masalan, yanvar oyining birinchi dekadasi, oʻzbek sanʼati va adabiyoti dekadasi. Sovet davrida dekada shaklidagi tadbirlar koʻp oʻtkazilgan. Hozir bunday tadbirlar kam, soʻz ham isteʼmolda koʻp uchramaydi.
Dekada soʻzi xuddi dekan, dekabr kabi qadimgi hind-yevropa tillaridagi decem – oʻn soʻzining avlodidir. Oʻzbekchaga rus tilidan oʻzlashgan. Ruschaga fransuzchadan, fransuzchaga esa yunonchadan oʻtgan.
Detsi – oʻnlik qism
Maktab darsliklarida detsimetr, detsibel kabi oʻlchov birliklariga duch kelgansiz. Oʻlchov birliklari nomidagi detsi soʻzi lotincha decimus – oʻnlik soʻzidan olingan. U dekan, dekabr, dekada kabi soʻzlarga qarindosh.
Oʻlchov birliklari nomida detsi oʻnlik qismni ifodalaydi. Masalan, detsimetr metrning oʻndan biri yoki oʻnlik parchasidir.
Detsi 1795-yili qismni bildiruvchi oldqoʻshimcha sifatida SI xalqaro birliklar sistemasiga kiritilgan.
Daha – dekadaning qarindoshi
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, daha va dekada soʻzlarining talaffuzi yaqin. Chunki daha soʻzi forschadan olingan. Fors tili esa hind-yevropa tillari oilasiga mansub. Forschadagi soʻzlar lotin, yunon yoki ingliz tilidagi soʻzlarga uyqash kelishi tabiiy.
Dah forschada oʻn maʼnosini bildiradi. Daha oʻzbekchada bir necha maʼnolarni anglatadi. Milliy ensiklopediyaga koʻra, oʻrta asrlarda Markaziy Osiyo va Eronda oʻn kishidan iborat jangovar boʻlinma shunday nomlangan. Buxoro amirligi va Qoʻqon xonligidagi bunday harbiy boʻlinma boshligʻi dahaboshi, dahboshi deb atalgan.
Oʻrta Osiyo xonliklarining qishloq joylari va yirik shaharlaridagi maʼmuriy-hududiy birlik ham daha deb atalgan. Bir necha qishloqlar bir dahaga birlashtirilgan, yirik shaharlar esa bir necha dahaga boʻlingan. Uni oqsoqol yoki mingboshi
boshqargan. Toshkentda Koʻkcha, Beshyogʻoch, Sebzor va Shayxontohur kabi dahalar boʻlgan.
Ramazon oyi uch oʻn kunlikka boʻlinib, har bir oʻn kunlik daha deb nomlanadi. Bu atama hozir ham faol ishlatiladi:
Ramazon oyining ikkinchi oʻn kunligi magʻfirat dahasidir.
Orif Tolib
“Yoshlar ovozi” gazetasining 2023-yil 16-avgust sonida chop etilgan.