Digor xalq maqollari va matallaridan
Digorlar – osetinlar guruhiga mansub xalq. Rossiyaning Shimoliy Osetiya, Kabarda-Bolqor Respublikalarida, Turkiya, Suriya va boshqa mamlakatlarda yashaydi. Eron tillar oilasiga mansub osetin tilining digor shevasida soʻzlashadi. Bu tilda soʻzlashuvchilar juda oz qolgan. Umumiy adadi ming kishidan kam.
- Agar senga tanga soʻmday koʻrinmas ekan, boyimaysan.
- Beruvchi qoʻl oluvchi qoʻldir.
- Birga bir pud tuz yemaguningcha, odamning qandayligini bilolmaysan.
- Bogʻingda hosil yoʻq boʻlsa, quyoshni ayblama.
- Bolaga qoʻyib bersang, koʻmirni ham yeydi.
- Butun oila kelinni maqtayverdi, keyin kelin ham oʻzini oʻzi maqtashga oʻtdi.
- Yomon bajarilgan ish – uch karra ovoragarchilik.
- Yomon odam faqat bir MARTA yaxshilik qiladi – oʻlganda.
- Yer tanballik nimaligini bilmaydi, tanballik qiladigan – odam.
- Ikkinchi kelin kelmaguncha birinchisi hurmat topmaydi.
- Ilonni hech kim quchoqlamaydi.
- Itning hurishiga va mastning gapiga eʼtibor berma.
- Ish boʻri emas, oʻrmonga qochib ketmaydi.
- Ishlashni xohlagan togʻ choʻqqisida ham ishlaydi.
- Katta tegirmon ozgina suv bilan ishlamaydi.
- Kichkina bolta katta daraxtni qulatadi.
- Koʻp ishlagan kamroq charchaydi.
- Qarzi koʻp odam yangi qarzdan qoʻrqmaydi.
- Quyosh uxlab olishingni kutib oʻtirmaydi.
- Mayda odam oʻzini namuna qilib koʻrsatadi.
- Maslahat yaxshi, lekin uzluksiz maslahat yaxshi emas.
- Maʼnaviyati mustahkamning aqli mustahkam boʻladi.
- Muzda eng ehtiyotkor odam ham sirpanadi.
- Odamni sharmanda qilishda qorindan oʻtadigani yoʻq.
- Toʻgʻri odamga birovning adolatsizligi ham ogʻriq beradi.
- Turgʻun suvni mogʻor bosadi.
- Oʻzini sharmanda qilgan tez orada boshqalarni ham sharmanda qiladi.
- Umid yetaklasa, charchamaysan.
- Erta turgan afsuslanmaydi.
- Eski qarzlarni toʻlash ogʻir boʻladi.
- Eshak yoniga bogʻlangan ot eshakcha qiliqlar hosil qiladi.
Rus tilidan Orif Tolib tarjimasi