Umr boʻyi daraxt ekkan odam
Bangladeshning Faridpur shahrida yashovchi Abdul Samad Shayxni tanish-bilishlari “Daraxt-odam” deb ham atardi. Sababi, u 12 yoshidan boshlab 48 yil davomida har kuni kamida bitta daraxt ekkan. Riksha-aravada kirakashlik qilib kun koʻrgan Abdul Samad har kuni 100 taka (1,25 AQSH dollari atrofida) pul topib, shundan bir qismini koʻchatga ajratgan.
“Daraxt ekolmagan kunim koʻzimga uyqu kelmaydi… – degandi Shayx “The Daily Star” nashriga bergan intervyusida. – Juda koʻp koʻchatlarni davlat yerlariga ekkanman, shuning uchun ularni kesib tashlashga uncha-munchasining yuragi dov bermaydi. Ekkan daraxtlarimni yaxshi koʻkarguncha sugʻorib ham turaman, birov koʻchirayotgani yo sindirganini koʻrsam, qattiq qarshilik koʻrsataman, tanbeh beraman. Men butun borliqni, hayvonlarni ham yaxshi koʻraman. Lekin daraxtlarga mehrim oʻzgacha”.
Abdul Samad xotini Jorna va farzandlari bilan butun umr ikki xonali kulbada yashadi. Uning oʻz yeri yoʻq edi, hatto uyi joylashgan yer ham shahar hokimligiga tegishli boʻlgan.
Uy-roʻzgʻorga zoʻrgʻa pul topgani sabab xotini koʻp dakki bergan boʻlsa-da, Shayx koʻchat ekishni toʻxtatmadi. “Men otamning daraxt ekishiga hech qachon qarshi boʻlmaganman, – deydi shayxning oʻgʻli Kutub Uddin. – Chunki u bu ishni jamiyat uchun qildi”.
Keksa musulmonning tabiatga muhabbati oxir-oqibat mukofotlandi. 2017-yil fevralida “The Daily Star” nashri fidoyi bogʻbonni yuz ming taka (1253 AQSH dollari) bilan taqdirladi. Abdul Samad bu pulga oilasi uchun tuzukroq uy qurib berdi.
Tabiatning mehribon qoʻriqchisi 2017-yil avgustida 60 yoshida dunyodan oʻtdi. U umri davomida 17500 dan ortiq daraxt ekdi. Bu daraxtlar bir joyga yigʻilsa, butun boshli oʻrmon hosil boʻladi.
Abdul Samad Shayx katta ishlarni amalga oshirish uchun boy-badavlat boʻlish shart emasligini, samimiy istak va iroda kerakligini yana bir bor isbotlab ketdi. Uning oddiy va fidoyiliklar bilan kechgan hayoti katta ibratdir.
Orif Tolib
“Islom nuri” gazetasining 2019-yil 17-sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.