Diqqatni jamlashning hikmati

Diqqatni jamlashning hikmati

Bir kishi muvaffaqiyatga erishish sirlarini topish ilinjida edi. Shu maqsadda bir donishmandning yoniga bordi. Donishmand savolga javob berishini, biroq bundan oldin kichkina bir sinov-tajriba oʻtkazishlari kerakligini aytdi. U rozi boʻldi.

Donishmand bir qoshiqqa toʻlatib yogʻ quyib berdi va bir qatrasini ham toʻkmay chorboqqa borib kelishini buyurdi. Odam aytilgan vazifani yaxshi uddaladi.

Shundan soʻng donishmand soʻradi:

– Chorbogʻ qanday ekan? Gullar, ekinlarni koʻrdingmi? Qaysi biri yaxshi koʻkaribdi?

Odam dovdirab qoldi:

– Yogʻni toʻkmaslik harakatida boʻlganim uchun chorboqqa eʼtibor bermadim, – dedi u.

Donishmand unga ikkinchi bor imkoniyat berdi:

– Bu safar bogʻcha qanday ekaniga yaxshilab sarasof sol, miridan sirigacha eʼtibor qarat, – deb tayinladi.

Haligi kishi qoʻlida yogʻ toʻla qoshiq bilan yana chorboqqa yoʻl oldi. Bu gal chorbogʻni yaxshilab koʻzdan kechirdi, lekin xayoli boʻlinib, ehtiyotsizlik qildi, qoshiqdagi yogʻ toʻkildi.

Vazifani yaxshi uddalay olmaganidan oʻngʻaysizlanib qaytib keldi. Uning bu holini koʻrgan donishmand dedi:

– Hayotning qoidasi shu: diqqatingni bitta ishga jamlasanggina, oʻsha ishda katta muvaffaqiyatlarga erishasan. Boshqa narsalarga chalgʻisang, tushovni qoʻldan boy berasan.

 

Orif Tolib

 

“Yoshlik” jurnalining 2021-yil 3-sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.