Eng yaxshi yangilik

Eng yaxshi yangilik

Golf boʻyicha musobaqa oʻtkazildi. Gʻolibga kattagina pul mukofoti berildi. Sovrindor xursand boʻlganicha uyiga yoʻl oldi. Klub binosidan endi chiqqan ham ediki, bir ayol yaqin kelib, yutgan pulidan ozroq berishini soʻradi. Uning mung toʻla qiyofasi, aftoda koʻrinishi yigitning rahmini keltiridi. Yoʻlidan toʻxtab, ayolning butun boshli hikoyasini eshitdi. Maʼlum boʻlishicha, uning oʻgʻli ogʻir xastalikka chalinibdi. Murakkab va juda qimmat operatsiyaga toʻlash uchun esa mutloqo puli yoʻq ekan. Bu hikoyadan sportchi qattiq taʼsirlandi, koʻzlariga yosh keldi. Yutuq pulining hammasini bolaning davolanishi uchun berib yubordi.

Bir necha kundan soʻng klubga kelgan yigit doʻstlariga baxtiqaro ayol va uning bemor oʻgʻli haqida gapirib berdi.

– Vah! – deb yuborishdi ular bir ovozdan. – Seni ham chuv tushiribdi-da! Hamma gapi yolgʻon, oʻzi toʻqib-bichgan. Afsuski, uning nogʻorasiga oʻynaganlar ancha-muncha. Bu gaplarni senga aytish juda noqulay. Lekin sen bizning doʻstimizsan, haqiqatni bilib qoʻyganing yaxshi.

– Hech qanaqa xasta bola yoʻqmi? – deb soʻradi chempion.

– Yoʻq!

– E, Xudoga shukur-e! Bu hafta eshitgan eng yaxshi yangiligim shu boʻldi!

 

Orif Tolib

tayyorladi.

 

“Maʼrifat” gazetasining 2017-yil 7-iyun sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube