Esa: vergul kerakmi yoki yoʻq?
Musahhih va muharrirlarni oʻylantiradigan, chalkashtiradigan holatlardan biri – esa soʻzidan keyin vergul qoʻyish yoki qoʻymaslik masalasi. Chunki u baʼzida vergul talab qiladi, baʼzida esa – yoʻq.
Xoʻsh, qachon vergul qoʻyiladi?
- Esa bogʻlama vazifasini bajarsa va boʻlsa maʼnosini anglatsa. Bu tarzda kam qoʻllanadi. Bunday paytda koʻpincha unga -da yuklamasi qoʻshiladi:
Burni bir oz beoʻxshovroq esa-da, lekin uning umuman yuz bichimi kelishgan edi.
Oybek, “Tanlangan asarlar”.
- Unday boʻlsa, u holda maʼnolarini ifoda etsa. Odatda bu maʼnoda shevada ishlatiladi:
Esa, Oqqiz, borib sen ham koʻrib kel-chi.
“Ravshan”.
Qachon vergul kerak emas?
Esa shaxs, narsa, hodisalar ketmaketligida ularni boshqalariga nisbatlab, ajratib qayd etsa:
Men esa uni ovuntirishga, yupatishga urinardim.
“Guldasta”.
Misrda roʻy bergan mana bu voqea esa hammasidan oshib tushadi.
“Fan va turmush”.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.