Ey: vergul kerakmi yoki yoʻq?
Ey undov soʻzi bilan vergul ishlatishda koʻp xato qilinadi. Bu asosan soʻz undalma bilan birga kelganda kuzatiladi.
Undov soʻz va undalma orasiga vergul qoʻyish xatodir:
Ey inson, nega shu oddiy narsani tushunmaysiz?
Ey Habibiy, yoru doʻstlarga ochiq darvozamiz.
Yuqoridagi kabi gaplarda ey soʻzidan keyin vergul ishlatish pisandsizroq munosabat yoki ovozni koʻtarib qilinayotgan muomala maʼnosini hosil qiladi:
Ey, inson, nega shu oddiy narsani tushunmaysiz?!
Soʻzlovchi murojaat qilinayotgan shaxsga barmogʻini nuqib gapirsa, shu xildagi punktuatsiya oʻzini oqlaydi. Lekin aksariyat holatlarda gaplarda bunaqa qoʻpol maʼno ifodalanmaydi. Shu sababli ey undalma bilan birga kelganda ular orasiga vergul qoʻymaslik kerak.
Ey soʻzi oʻzbek tilida ikki xil maʼnoga ega. Bu soʻz yolgʻiz ishlatiladigan oʻrinlarda vergul bilan ajratilishi zarur:
1 Murojaat, chaqiriq maʼnosini bildiradi.
– Toʻxta, ey, toʻxta deyman!
P. Tursun, Oʻqituvchi.
Ey, buni qara, laylakning uyasi.
O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa.
2 Achinish, eʼtiroz, qoʻshilmaslik maʼnolarini ifodalaydi.
Ey, hammasi bahona…
Oybek, Tanlangan asarlar.
Ey, bas qiling-ey!
Hamza, Tanlangan asarlar.
Ey, qayoqda!
Shukrullo, Javohirlar sandigʻi.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.