Fan nomi qanday yoziladi?
Fan, fan yoʻnalishi yoki darslik va qoʻllanmalar nomini yozishda koʻp xato va chalkashliklarga yoʻl qoʻyiladi.
Toʻgʻri, bu masalada bevosita koʻrsatma yoki qoida yoʻq. Lekin oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalariga tayangan holda buni aniqlashtirib olish mumkin.
Fan nomi atoqli ot emas. U bosh harf bilan yoziluvchi soʻzlar qatoriga kiritilmagan. Shuning uchun fan yoki fan sohasi nomini kichik harflarda va qoʻshtirnoqsiz yozish kerak: fizika fani, matematika boʻyicha tanlov, pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori, geologiya yangiliklari kabi.
Xoʻsh, shu fanlarning darsliklarini qanday yozish toʻgʻri boʻladi? Imlo qoidalariga koʻra, adabiyot va sanʼat asarlariga qoʻyilgan nomlar bosh harfda va qoʻshtirnoq ichida yoziladi. Lekin bu qoida faqat adabiyot va sanʼat asarlariga tatbiq etilmaydi. Amalda ilmiy, tahliliy, publitsistik asarlar, gazeta-jurnallar nomi ham shu qoida asosida yoziladi.
Darslik va qoʻllanmalar ham ilmiy asar ekanini hisobga olsak, ularni ham bosh harf bilan qoʻshtirnoq ichida yozishimiz mantiqli boʻladi: “Algebra” darsligi, “Ona tili va adabiyoti fanini bitiruvchi sinflarda oʻqitish” metodik qoʻllanmasi, “Atrofimizdagi olam” darsligini qayta ishlash kabi.
📌 Demak,
1-sinf uchun “Matematika” darsligi, “Matematikani oʻqitish” qoʻllanmasi, matematika fani ✅
1-sinf uchun Matematika darsligi, matematikani oʻqitish qoʻllanmasi, Matematika fani, “Matematika” fani ❌
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.