Ham sanga tashvish ozroq boʻlur va ham oʻqugʻuchigʻa

Ham sanga tashvish ozroq boʻlur va ham oʻqugʻuchigʻa

Zahiriddin Muhammad Bobur:

 

…Bu xatlaringni bitibsen va oʻqumaysen, ne uchunkim, agar oʻqur xayol qilsang edi, oʻquyolmas eding. Oʻquyolmagandin soʻng albatta tagʻyir berur eding. Xatingni xud tashvish bila oʻqusa boʻladur, vale asru mugʻlaqtur. Nasri muammo hech kishi koʻrgan emas.

Imlong yomon emas. Agarchi xili rost emas, iltifotni “to” bila bitibsen. Qulunjni “yo” bila bitibsen. Xatingni xud har tavr qilib oʻqusa boʻladur, vale bu mugʻlaq alfozingdin maqsud tamom mafhum boʻlmaydur.

Gʻolibo xat bitirda qohilligʻing ham ushbu jihattindur. Takalluf qilay deysen, ul jihattin mugʻlaq boʻladur. Bundin nari betakalluf va ravshan va pok alfoz bila biti; ham sanga tashvish ozroq boʻlur va ham oʻqugʻuchigʻa.

 

Bobur bu koʻrsatmalarni oʻgʻli Humoyunga yozgan xatida aytib oʻtgan. Garchi oʻgʻliga xossatan aytgan boʻlsa-da, ulugʻ adibning tavsiyalari ijod va fikr ahli uchun birday foydali. Imloga eʼtiborli boʻlish, fikrni ravon ifoda eta olish oʻqimishli kishining ajralmas sifati boʻlishi kerak.

Yuqorida aytilgan tartib-qoidalarga Boburning oʻzi birinchi galda amal qilgan. “Boburnoma”ni oʻqigan kishi bunga albatta amin boʻladi.

 

Maslahatning tabdili:

Yozgan xatlaringni oʻzing oʻqimaysan, oʻqimoqchi boʻlganingda ham oʻqiyolmas eding. Oʻqiyolmagandan keyin esa oʻzgartirarding. Xatingni oʻqish qiyin, chunki juda chalkash. Odam nasrni oʻqiganda bunday mashaqqat chekmasligi kerak.

Imlong yomon emas. Lekin xatolari bor, “iltifot” soʻzini “to” bilan, “qulunj” soʻzini “yo” bilan yozibsan. Xatingni bir iloj qilib oʻqisa boʻladi, lekin chalkash soʻzlaringdan maqsadingni anglash qiyin.

Maktublarni ora-sira, kam yozishing ham shundan boʻlsa kerak. Takalluf qilay deysan-u, gaping tushunarsiz chiqadi. Bundan keyin takallufsiz, sodda va samimiy soʻzlar bilan yoz. Ham senga tashvish kam boʻladi, ham xatingni oʻquvchiga.

 

Orif Tolib

tayyorladi.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube