Balta
Odam oʻn besh-yigirma yil koʻrishmasa, tanigan-bilganlarining, hatto sinfdoshlarining ham yuz tuzilishini unutib yuborar ekan. Ha, odamzot unutuvchan. Lekin bu qoida doim ham ishlayvermaydi. Usta Zoltanni koʻrmaganimga, mana, oʻttiz yildan oshdi, ammo uning nurli siymosi shundoq koʻz oʻngimda, oʻsha voqeani eslasam, yuragim iliydi, qondosh-jondosh bir tuygʻuning taftini his etaman…
Hali hayotning achchiq-chuchugini tatimagan oʻsmir edim oʻshanda. Harbiy xizmatga ketdim. Xizmatga chaqirilgan yigitlarni sobiq Itttifoqning turli oʻlkalariga sochib yuborishdi. Men Ittifoqning ittifoqdoshi Vengriyaga joʻnatildim.
Harbiy qismimiz poytaxt Budapeshtdan yigirma-oʻttiz chaqirim masofadagi Sentendre shahri chetida edi. Qoʻrgʻonimizning shundoq yonginasidan Dunay daryosining irmogʻi oqib oʻtadi. Suvi istehkom minorasidan yaqqol koʻrinib turadi: koʻm-koʻk, sokin. Dunayning oʻzi esa bir chaqirimcha narida. Yon-atrofda dov-daraxt koʻp, ayniqsa daryo qirgʻoqlari kichik oʻrmon. Bir yarim yil ichida koʻrganim faqat shu manzara boʻldi, xolos. Shaharga uch MARTAgina chiqdik. Unda ham qattiq nazoratdamiz, guruhdan ortda qolishimiz, mahalliy aholi bilan gaplashishimiz mutlaqo mumkin emas.
Bizning harbiy qism kichkinagina edi, yuz nafarga yaqin askar bor. Ularning ichida esa birorta ham oʻzbek yoʻq. Safdoshlarim qurama: rus, ukrain, belarus, latish, gurji, eston… Deyarli hamma oʻzimga oʻxshash, rus tilini chala-chulpa biladi, bilganicha muloqot qiladi.
Xizmat tugashiga olti oy qolganida biz “qariya”larni siylashdi – mahalliy korxonalarga yordamga yuborishdi. Mening chekimga qurilish tushdi. Duradgor ustaga shogird boʻldim. Ellik yoshlar atrofidagi, oq-sariqdan kelgan, peshonasi keng, sochlarini ortga taraydigan usta Zoltan koʻp gapga
toqati yoʻq, odamoviroq kishi edi. Ruschani chala-yarim bilar, anchagina talaffuz bilan gapirardi. Ismimni ham buzib “Shamsaydin” deb chaqiradi. Lekin gʻashlanmayman, usta juda samimiy odam.
Ishga ikki qoʻllab kirishganim, rostakam dastyorga aylanganim maʼqul keldi, shekilli, uch-toʻrt kundan keyin usta ancha ochildi. Mening oʻzbekligimni, oʻzbeklar turkiy qavm ekanini bilgach esa, oldingi tundligidan asar ham qolmadi.
Oradan bir oycha oʻtib, qiziq voqea yuz berdi. Tom yopayotgan edik. Ustun oʻrnatayotgan usta:
– Balta day, Shamsaydin, – deb buyurdi.
U qoʻli bilan koʻrsatayotgan joyga qaradim. Ne koʻz bilan koʻrayki, yerda bolta yotardi! Quloqlarimga ishonmadim.
– Chego?! – dedim hayron boʻlib.
– Balta, balta, – dedi u boltani koʻrsatib. U birinchi “a” tovushini “o”ga yaqin talaffuz qilar, xuddi qaysidir oʻzbek vatandoshim minglab chaqirim naridan turib gapirayotgandek edi: “Bolta, bolta”.
Yaqin ikki yildan buyon eshitmaganim ona tilim, ota soʻzim quloqlarimdan toʻgʻri yuragimga oqqan, undan yetmish ikki tomirimga taralganday edi goʻyo. Tavba, oddiy bir ish qurolini anglatadigan soʻz odamni shuncha hayajonga solsa-ya! (Venger tilida turkiy tillardan oʻzlashgan soʻzlar koʻpligini keyinroq bildim.)
Mening harakatsiz turganimni koʻrgan usta Zoltan:
– Topor, topor, – dedi ruschalab.
– Yoʻq, u topor emas, u bolta, – dedim men oʻzbekchalab va borib usta Zoltanni bagʻrimga qattiq bosdim.
U menga talmovsirab qarab turar, tushuniksiz harakatlarimdan hayron edi.
Orif Tolib
2020
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.