Hurmat bilan: vergul kerakmi yoki yoʻq?
Vazirliklar, turli tashkilot va idoralar bir-biriga tez-tez xat yozib turadi. Ana shu xatlarda eng koʻp kuzatiladigan xatolardan biri – hurmat bilan, hurmat ila, ehtirom bilan, ehtirom ila kabi soʻzlardan keyin vergul ishlatish.
Nega bu urf boʻlgan? Menimcha, rus tili taʼsirida. Ruscha xatlarda s uvajeniyem birikmasidan soʻng vergul ishlatiladi. Oʻzbekchada esa vergul kerak emas. Nega?
Chunki biz oʻrganayotgan holatda bilan koʻmakchisi ish-harakatning tarzi, holati kabi maʼnolarni bildiradi va bunday paytlarda vergul ishlatilmaydi:
Butun kuchi bilan ishga kirishdi.
Osonlik bilan bajara oldi.
Diqqat bilan oʻqib chiqdi.
Hurmat bilan gapirdi.
Xat oxirida hurmat bildirib qoʻyish maqsad qilingan holat ham yuqoridagi misollarga oʻxshash:
Hurmat bilan
Direktor K. Jamoliddinov
Ehtirom ila
Boʻlim boshligʻi A. Saidakbarova
Agar vergul qoʻyilmasa, bilan soʻzini va soʻziga maʼnodoshdek, masalan, hurmat va direktor degandek tushunib qolishsa-chi? Yoʻq, unday boʻlmaydi. Shunga oʻxshash holatlar jumla ichida kelsa, bunday tushunmaymiz-ku. Undan tashqari, hurmat bilan yoki ehtirom bilan birikmalari alohida qatorga yozilyapti.
Xat va yozishmalarda oʻzbek tili imlo qoidalariga, imlo qoidalarida koʻrsatilmagan holatlarda esa oʻzbek tili tabiatiga koʻra ish tutish kerak.
Orif Tolib