Alifbo islohi: dam bu damdir…

Alifbo islohi: dam bu damdir…

2018-yil 15-mayda “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini keng joriy etish va yanada takomillashtirish boʻyicha Harakatlar rejasi” tasdiqlangan edi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti qoshida bu boʻyicha Ishchi guruh ham tashkil etilgandi.

Shundan soʻng Ishchi guruh lotin alifbosi islohi yuzasidan takliflar ishlab chiqdi, ommaviy muhokamalar, bahs-munozaralar boʻldi. Nihoyat xulosa ham qabul qilindi. Biroq bu harakatlar keyin negadir susaydi.

2020-yil 20-oktyabry kuni “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni imzolandi. Unda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga toʻliq oʻtishni taʼminlash borasida ham koʻrsatmalar berilgan.

Alifbo islohiga aynan hozir qoʻl urish kerak. Nega?

  1. Alifbo oʻzgarsa, birinchi galda darsliklar oʻzgaradi. Hozir Milliy oʻquv dasturini ishlab chiqish harakatlari boshlangan. Demak, juda koʻp darslik va qoʻllanmalar yangidan tayyorlanishi va chop etilishi mumkin. Agar alifbo islohi hozir oʻtkazilmasa, bu keyinchalik kitoblarni yangi alifboda qayta bosishga, yaʼni katta chiqimga sabab boʻlishi mumkin. Ayni ana shu sabab bilan islohot bundan-da keyinroqqa qoldirilishi yoki umuman amalga oshirilmasligi ehtimoli
    ham bor.
  2. Bu yildan ichki pasportlar oʻrniga ID kartalar berish boshlandi. Endi yaqin xorijga chiqish uchun ham xorijga chiqish biometrik pasporti kerak boʻladi. Demak, uni oluvchilar koʻpayadi. Agar alifboga qachondir oʻzgartirish kiritilsa, hujjatlardagi maʼlumotlarni ham oʻzgartirish ehtiyoji tugʻiladi. Bu yana chiqim va ovoragarchilikka olib keladi.
  3. Qozoq qoʻshnilarimizning tajribalari ham xulosa uchun yaxshi misol. Ular ham dastlab 2017-yilgi variantda barcha harflarni standart klaviatura asosida yasab koʻrishdi. Lekin amaliyot bu katta oʻngʻaysizlik va qiyinchiliklar tugʻdirishini koʻrsatdi, chogʻi, 2018-yilgi variantda juft harflar, jumladan, va harflari bitta belgiga almashtirildi. 2019-yilgi loyihada esa sh va ch harflari oʻrniga ham yaxlit belgi tanlandi. 2021-yilgi versiyada esa alifbo yanada ixchamlashdi.

Agar lotin alifbosi islohotini hozir oʻtkazmasak va bu ish qozoq alifbosi joriy etilgandan keyin amalga oshsa, boshqalar nazdida xuddi yangi alifbomizni qoʻshnilarimizdan koʻchirib qoʻya qolgandek tasavvur uygʻotishimiz ham mumkin.

Maqolani yozib tugatgan paytim Qozogʻiston 2023-yildan alifbosiga oʻtishni boshlashi haqida xabar chiqdi. Muharrir sifatida aytishim mumkin: qozoq alifbosining yangi varianti menga juda maʼqul keldi.

  1. Alifbo islohi lotin yozuvidan ommaviy foydalanish darajasini oshiradi. Bu esa lotin yozuviga toʻliq oʻtishni jadallashtiradi. Hozirgi imlodagi qiyinchiliklar, matn terishdagi muammolar sabab koʻpchilik kiril yozuvini maʼqul koʻryapti. Ular orasida hatto savodi lotinchada chiqqanlar ham bor.

 

Amaldagi alifboning nuqsonlarini turli soha mutaxassislari yetarlicha isbotlab, koʻrsatib berdi. Oʻzbek tilining toʻlaqonli davlat tiliga aylanishiga, rivojlanishiga, internet tili darajasiga chiqishiga amaldagi alifbo ozmi-koʻpmi toʻsiq boʻlyapti. Bu jiddiy sabab, albatta.

Toʻgʻri, hozirgi alifbo standart klaviaturada yozishga imkon yaratadi. Lekin buning foydasi zararidan kam, nazarimda. Dunyoning aksariyat tillari standart klaviaturani oʻzgartirib, oʻz tiliga, alifbosiga moslagan. Alifbosini klaviaturaga emas. Standart klaviaturadan maksimal darajada foydalanish kerak, lekin u ojizlik qilib qolganda oʻzgartirish kiritish toʻgʻri yoʻldir. Ingliz tiliga yaqin boʻlishiga qaramay, nemis, ispan, fransuz, shved, dan kabi tillarda ham standart klaviatura oʻzgartirilgan, milliy imloga moslashtirilgan.

Dehqonlar ekinni vaqtida ekishga harakat qiladi. Urugʻ qadashda bir kunga kech qolish hosilning oʻn kunlab kechikishiga olib keladi. Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini isloh qilish va toʻla joriy etish borasida ham xuddi shu holat yuz berishi mumkin. Dam bu damdir, oʻzga damni dam dema, deydi eskilar. Fursat – gʻanimat.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.